O‘zbekistonda 2021 yil shov-shuvlari - X-News
2021 yil ham tarixga aylanmoqda. Xpress loyihasi hafta dayjestlarini berib borayotgan X-News ruknida bu gal yil sarhisobini tayyorladi. O‘tgan 365 kundagi eng asosiy voqealar yilnomada nominatsiyalarga ajratilgan.
Yil voqeasi
Bir qarashda, 2021 yil O‘zbekiston hayotida yaqqol esda qoladigan katta voqea ro‘y bermagandek. Siyosiy jihatdan olganda, Shavkat Mirziyoyev ikkinchi prezidentlik muddatiga saylangani va Konstitutsiya yangilanishini e’lon qilgani – yilning asosiy voqeasi. Lekin albatta, amaldagi davlat rahbarining saylovdagi g‘alabasini taxmin qilish mumkin edi, “Yil voqeasi” nominatsiyasiga esa qandaydir kutilmagan va hayratlanarli voqea-hodisa ko‘proq mos keladi.
Ana shunday voqea iyul oyida ro‘y berdi. Olmaliqda topilgan oltin va mis konlari dunyodagi eng yirigi ekani ma’lum bo‘ldi.
Tasdiqlangan hisob-kitoblarga ko‘ra, “Yoshlik – 1” konidagi oltin zaxirasi 5 ming tonnadan oshadi. Taqqoslash uchun, dunyodagi eng katta oltin koni – Navoiy viloyatidagi Muruntov konida oltin zaxiralari 3 ming tonna ekani hisoblangan.
Olmaliqdagi bemisl xazina faqat oltindan iborat emas. “Yoshlik – 1” konida 45 mln tonna mis zaxirasi ham bor. Bu nega muhim degan savolga eng qisqa javob: dunyoda misga bo‘lgan talab borgan sari oshyapti. Bu rangli metall – elektrotexnika sanoatining birinchi raqamli ehtiyoji, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyo. Jahonda elektromobillar ommalashayotgani sabab mis narxi ko‘tarilyapti.
Hozir jahon bozorida 1 unsiya oltin 1800 dollar, 1 tonna mis 9500 dollar atrofida ekanini inobatga olsak, Olmaliqdagi yangi konda 317 mlrd dollarlik oltin va 427 mlrd dollarlik mis bor. Ikkalasini qo‘shganda xazinaning jami hajmi kelib chiqadi: 744 mlrd dollar.
Tasavvur qilishingiz uchun bu – hozirgi O‘zbekistonning 13 yillik yalpi ichki mahsulotiga teng. Har bir o‘zbekistonlikka esa 21 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Bu hech qanaqa mubolag‘asiz, tom ma’noda yilning eng asosiy voqeasi shunday emasmi?
Yil muammosi
Bu nominatsiyaga nomzodlar ko‘p. Gaz, svet, suv, benzin narxi, UzAuto monopoliyasi... Bilasizmi, bular qanchalik jiddiy muammo bo‘lmasin, ularni hal qilish unchalik qiyinmas, bittagina hujjatni imzolashning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. Lekin 2021 yilda biz ro‘para kelgan muammolardan eng kattasini osonlikcha hal qilib bo‘lmaydi: bu – ekologiya muammosi.
Aynan 2021 yilda global iqlim o‘zgarishining ta’sirlarini biz o‘zbekistonliklar har birimiz o‘z tanamizda his qila boshladik.
Yil boshidagi anomal sovuq esingizdami? Yanvar oyi boshida o‘ta qattiq sovuq hammaning jon-jonidan o‘tib ketgandi. O‘shanda “O‘zgidromet” ro‘y berayotgan ob-havo o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 10–12 daraja (!) pastligini, bunaqa noodatiy sovuq uzluksiz 10 kundan ko‘p davom etayotgani uchun ham bu anomal ob-havo deb hisoblanishini ma’lum qilgandi. O‘sha kunlari hatto Toshkent dengizining ham yuzasi muzlab qoldi.
Yozning boshlariga kelib esa buning teskarisi ro‘y berdi. 31 may kuniyoq 80 yillik harorat bo‘yicha mutlaq rekord yangilandi. Iyul oyi boshlariga borib O‘zbekiston hududi 150 yil ichida misli ko‘rilmagan darajada isib ketdi.
Rasmiylar aholiga zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi, uylarda konditsionerlar anomal jaziramaga dosh berolmay ishdan chiqdi, energetika tizimiga yuklama ortib ketishi natijasida Toshkentda ham “svet” o‘cha boshladi, ko‘chalarda svetoforlar ishlamay qoldi, anomal issiq sabab hatto samolyotlarda texnik nosozliklar ro‘y berdi.
Jazirama tog‘lardagi qorlarning shiddat bilan erishiga sabab bo‘ldi, natijada biz oldin televizorda ko‘rgan sahnalar endi O‘zbekistonda ham ro‘y berdi: bir nechta hududlarda shiddatli sellar ko‘chalardagi mashinalarni oqizib ketdi, ko‘priklar buzilib, uylarni suv bosdi, Kosonsoyda 9 kishi suv ostida qolib halok bo‘ldi.
Hayratlanarlisi, shu darajadagi qattiq issiq ham hukumatni tonirovka narxini pasaytirishga unday olmadi. Shaharlarga soya berib turgan daraxtlar kesilib ketgani ham ayniqsa o‘sha kunlari ko‘proq sezildi.
Afsuski, ekologik bo‘hronlar anomal sovuq va noodatiy jazirama bilan tugagani yo‘q. Noyabr oyida 150 yil ichida kuzatilmagan yana bir tabiat hodisasi ro‘y berdi: Toshkent shahrini quyuq chang qopladi. Havoda chang miqdori me’yordagidan 30 barobargacha oshib ketdi. Changdan hatto uyga kirib ham qochib bo‘lmadi. O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta havo ifloslanishi reytingida birinchi o‘ringa chiqdi.
Oradan 2 hafta o‘tib yog‘gan qor kirligi bilan hammani hayron qoldirdi. Demak, 4 noyabrdagi bo‘rondan keyingi chang Toshkentda 2 hafta saqlanib qolgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, bu g‘ayrioddiy changli bo‘ronni hisobga olmaganda ham Toshkent havosi yildan yilga ifloslanib boryapti. Yillar davomida daraxtlar to‘xtovsiz kesilayotgani, shahardagi to‘rtinchi ko‘l ham quritilgan vaziyatda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi.
Yil e’loni
Yilning eng shov-shuvli e’loni muallifi – Mudofaa vazirligi. Vazirlik 30 mln so‘mga ikkita tilla ruchka sotib olmoqchi bo‘lgan edi.
Ha, ochiqlik – yangi davrdagi eng katta yutuqlardan. Davlat xaridlarining ochiqlanishi bir tarafdan kishini quvontirsa, boshqa tarafdan davlat xarajatlari, ya’ni xalqning pulini qanday sarflashayotganini ko‘rib odamning ko‘ngli soviydi. Xaridlar ochiqlanmagan paytlarda bizning hisobimizning yana nimalar sotib olishganini tasavvur qilishga qo‘rqadi odam.
Shubhasiz, kambag‘al davlatlar qatorida turadigan O‘zbekistonning davlat xarajatlarini hozir ham maqtab bo‘lmaydi. 2021 yil davomida ham budjet pullari nimalarga sarflanayotgani ko‘p marta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Millionlab dollarlik loyihalarni oligarxlarga tegishli kompaniyalarga ochiqchasiga tendersiz berib yuborish holatlari, afsuski, davom etdi. Jamoatchilik bunga to‘sqinlik qila olmayapti.
Bir tomondan, dabdaba va hashamat uchun budjetdan milliardlar sovurilyapti, boshqa tomondan esa davlat qarzi miqdori 25 mlrd dollardan oshdi. Bu, qo‘pol qilib aytganda, hozir beshikdagi chaqaloqning ham yelkasida kamida 700 dollar qarzi bor degani.
Amaldorlarning noqonuniy boylik orttirishiga qarshi vositalardan biri – mol-mulk va daromadlarni deklaratsiyalash ham o‘z ma’nosini yo‘qotdi, desak bo‘ladi. Aslini olganda ayni shu deklaratsiyalash 2021 yilning eng yaxshi yangiligi bo‘lishi mumkin edi.
Gap shundaki, 2022 yildan 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilarining boyligi va daromadini deklaratsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Lekin bu tizimda amaldorlar bilan birga, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari ham tekshiriladi xolos. Ya’ni bu islohot korrupsionerlar uchun katta muammo bo‘la olmaydi: ular o‘z boyliklarini istasa aka-ukasi, istasa 18 yoshdan katta farzandining nomiga o‘tkazib qo‘ysa bas.
Ehtimoliy korrupsionerlarning haqiqiy boyligini ko‘rsatadigan bitta yaxshi misol bor. Jizzaxda 6 qavatli uy qulab tushganidan keyin viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov tergovga tortilgan edi. Unga tegishli korxonalardan xatlangan boyliklar ro‘yxatiga qarang: 12 mlrd so‘m pul (1 mln 150 ming dollarga yaqin), 12ta do‘kon, 14ta kvartira, 43ta avtomobil, 37ta boshqa ko‘chmas mulklar...
Qo‘rqinchlisi shundaki, Rahmonqulov – elitar doiradan tashqarida, mahalliy darajadagi amaldor edi...
Yil qo‘llab-quvvatlashi
2021 yil – yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yili yoshlar uchun ijobiy yangiliklarga boy bo‘ldi. Ulardan eng asosiysi – talabalarning ijara muammosiga nihoyat hukumat e’tibor qaratdi. Prezident topshirig‘i bilan 2025 yilgacha 228 ta talabalar yotoqxonasi quriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, ijarada yashayotgan talabalarning 60 foiziga ijara xarajatlari uchun Toshkent shahrida oyiga 270 ming so‘m, boshqa hududlarda 145 ming so‘mdan to‘lana boshlandi. Uyini talabalarga ijaraga berganlar buning uchun daromad solig‘idan ozod qilindi.
Yoshlarni xursand qilgan yana bir yangilik – IELTS'dan kamida 7 ball olganlarga imtihon xarajatlari qoplab berilyapti. Bu imtiyoz xalqaro tan olingan boshqa imtihonlarda maksimal ballning 75 foizidan ko‘pini to‘plagan yoshlarga ham taalluqli.
Sanab o‘tilganlardan tashqari, ehtiyojmand oilalar farzandlariga ham alohida imtiyozlar berildi. Ularning kontrakt puliga yordam berilyapti; o‘quv markazlariga, haydovchilik kurslariga va “bir oylik armiya”ga borishi uchun kompensatsiyalar to‘lana boshladi.
Yil rezonansi
Yilning eng xavotirli voqealari, shubhasiz, so‘z erkinligi atrofida bo‘ldi. Bulardan eng shov-shuvlisi – ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi. Ayniqsa Telegram'ning bloklanganini O‘zbekistonda yilning eng rezonansli voqeasi desak bo‘ladi.
3 noyabr oqshomidagi voqealar internetni “portlatdi”. Millionlab odam foydalanayotgan Telegram, YouTube, Instagram va Facebook'ning yopib qo‘yilishi oliy hokimiyat ichidagi ayrimlarda senzura xohishi qanchalik kuchli ekanini yaqqol ko‘rsatib berdi. Bu topshiriqni kim bergani aniq aytilmagan bo‘lsa-da, buyruq Vazirlar Mahkamasidan kelganining o‘zi ko‘p narsadan darak berardi.
Yaxshiyamki prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyatdan xabar topgach, blokirovka darhol yechildi. Ayni shu qaror bir tarafdan prezidentning ochiqlik siyosati davom etayotganini tasdiqlagan bo‘lsa, boshqa tarafdan kelgusida Telegram va boshqa eng mashhur platformalar bloklanmasligiga qaysidir ma’noda kafolat bo‘la oldi.
Albatta, muammo ildizi hali ham borligini unutmaslik kerak. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish degan bahona bilan yozda yopib qo‘yilgan Twitter va boshqa to‘rtta tarmoqqa haligacha VPNsiz kirib bo‘lmayapti. Deputatlar esa bu ahmoqona qonunni bekor qilishga shoshilayotganlari yo‘q. Balki buning uchun yana o‘sha Vazirlar Mahkamasidan ruxsat bo‘lishi kerakdir, kim bilsin...
So‘z erkinligi yilning eng xavotirli mavzusi bo‘ldi deganimiz faqat internet bloklanishi bilan bog‘liq emas. Yil davomida jurnalistlarda xavotir uyg‘otgan keskin qonunlar qabul qilindi, bundan tashqari ommaviy axborot vositalari faoliyatiga real to‘siqlar ham bo‘ldi.
Diniy qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev bilan bog‘liq voqealardan keyin Kun.uz va Azon.uz saytlarining jarimaga tortilgani, Daryo.uz sayti muxbirining texnikasini ichki ishlar xodimi tortib olgani, Qalampir.uz jurnalistiga tuhmat qilingani va unga prokuratura xodimining qarshilik qilgani, Bugun.uz saytining buzilishga tushgan Qo‘yliq bozoridan tayyorlagan reportaji o‘chirtirilgani, “Uchquduq” gazetasi muharririga sud raisi tomonidan tahdid qilingani... Bu voqealarning hammasini birlashtirib turadigan bir umumiylik bor: ularning hech birida aybdorlarga nisbatan chora ko‘rilgani yo‘q.
Jurnalistga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi haqidagi gaplar esa hozircha faqat qog‘ozda qolib ketyapti. Vaholanki, qisqa vaqt ichida hokimiyat vakiliga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi, hokimiyat vakiliga qarshilik qilishga da’vat qilish Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.
Quvonarlisi, turli idoralar tomonidan jurnalistlarga bosimlar bo‘lib turganiga qaramay, shaxsan prezidentning o‘zi bu soha vakillarini tez-tez qo‘llab-quvvatlab turibdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev shu yildan boshlab hududlarga tashriflarida jurnalistlarga intervyular bera boshladi, tashriflarni bir nechta xususiy saytlar ham yoritishiga ruxsat berildi. Davlat rahbari hatto “Shovvozsoz” haqidagi savolga ham javob berdi.
Yil siyosati
2021 yildan O‘zbekistonda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning mahallabay tizimiga o‘tildi. “Mahallabay ishlamagan hokim siyosatimizga xiyonat qilibdi”, dedi yil boshidagi selektorlardan birida Shavkat Mirziyoyev.
Mahallabay siyosat atamasi birinchi marta 2020 yilda qo‘llangan edi, 2021 yilga kelib bu so‘z trendga chiqdi, aniqrog‘i hududlarni to‘rtta sektorga bo‘lib rivojlantirish g‘oyasidan endi mahallalar kesimida rivojlantirish g‘oyasiga o‘tildi. Buning uchun, masalan, yanvar oyida banklarning rahbarlariga “mahallabay” ishlash bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi.
Keyin esa prezident hududlarga tashrifi vaqtida yo‘nalishni o‘zgartirib, kutilmaganda u yoki bu mahallaga borib, odamlar bilan muloqot qila boshladi. Biror mahallada muammo yig‘ilib qolgan bo‘lsa, sektor rahbari, ayrim holatlarda butun boshli tuman to‘rtligi ishdan olindi. Mahallabay siyosatni mashhur qilib yuborgan yana bir sabab konteyner-uylar bo‘ldi.
Avvaliga Namangan viloyati hokimi Shuhrat Abdurazzoqov prezident borgan mahallaga konteyner-uy o‘rnatib, ko‘chib o‘tganini e’lon qildi va buning uchun prezidentdan maqtov eshitdi. Buning ortidan Buxoro viloyati hokimi va Chirchiq shahar ichki ishki ishlar bo‘limi boshlig‘i ham muammoli mahallaga konteyner-uy o‘rnatib, murojaatchilarni qabul qila boshladi.
Yil oxiriga kelib Mahallabay ishlash agentligi ham tuzilib, barcha mahallalarda hokim yordamchilari lavozimi joriy qilindi. Ayrim holatlarda bu lavozimga majburan tayinlangan va 5–7 mln so‘m oylik belgilangan hokim yordamchilarining faoliyatiga 2022 yil oxirida baho berishimiz mumkin.
Yil mavzusi
Yil davomida doim muhokamalar markazida bo‘lib kelgan mavzu – qurilishlar. Aniqrog‘i, sifatsiz va noto‘g‘ri qurilishlar. Birgina Jizzaxda 6 qavatli bino hech qanday zilzila bo‘lmasidan turib, turgan joyida qulab tushganiga aql bovar qilmaydi. Yoki Denov shahrida joylashgan savdo majmuasidagi dahshatli portlash. Rasmiylarning aytishicha, 2013 yilda qurilgan bino ostidan o‘rta bosimli gaz quvuri o‘tgan.
Bunaqa darajadagi noto‘g‘ri qurilishlar faqat viloyatlarda emas, poytaxt Toshkentda ham uchrab turibdi. Respublika sud-tibbiy ekspertizasi markazi binosi qurilganiga 3 yil bo‘lmay turib buzilishga tushdi. Nega degan savolga bir oydan beri Toshkent shahar hokimligidan javob yo‘q.
Qurilishlardagi bu kabi katta xatolar oldida, masalan, maktabda shift ko‘chib tushib ikki o‘quvchining jarohatlangani yoki hali bitmagan piyodalar ko‘prigi qulab tushgani kabilarni aytib o‘tirishga hojat yo‘q. Chunki qurilishlardagi mayda ko‘ngilsizliklarning hammasini eslashga vaqt ham, zarurat ham yo‘q.
Faqat bir narsani bir og‘iz aytib ketmasak bo‘lmas: O‘zbekistondagi eng xavfsiz transport turi – metroda shu yilning o‘zida 10dan ortiq noxush vaziyat ro‘y berdi. Piyodalar bir marta yer ostida, boshqa safar yer usti yo‘lagida piyoda yurishlariga to‘g‘ri keldi; bir safar poyezdlar yengil to‘qnashib ketdi. Harakat paytida eshik yopilmay qolgan, bekatlarda chiroq o‘chib qolgan holatlar ham bo‘ldi.
***
Ortda qolayotgan 2021 yil yana boshqa ko‘pgina voqealar bilan ham yodda qoldi. Afg‘onistonda “Tolibon”ning hokimiyatga kelishi, koronavirusga qarshi emlash, qoidabuzar haydovchilar va yo‘llardagi o‘limlar, Guljahon Yo‘ldosheva va Otabek Sattoriy ustidan sudlar, aholi sonining 35 milliondan oshishi, Navoiyda quyosh fotoelektr stansiyasining ochilishi...
Va albatta pullar yangilanishi. Yil davomida ming so‘mlikdan tashqari boshqa kupyuralarning yangi namunalari muomalaga chiqarildi, ikkita yangi banknota paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, Yangi O‘zbekistonning yana bir ramzi – Yangi O‘zbekiston bog‘i barpo etildi.
Shu tariqa, endilikda mustaqillik bayramlari Mustaqillik maydonida emas, Yangi O‘zbekiston bog‘ida; 9 may tadbirlari Xotira maydonida emas, G‘alaba bog‘ida; Navro‘z bayramlari esa Milliy bog‘da emas, Humo arenasida o‘tkazila boshlandi.
Dayjyestlar muallifi – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bekmirza Rashidov
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024
Allamjonovga suiqasd, qonun ustuvorligida pasayish va Yevropaga yo‘l - hafta dayjesti
22:40 / 19.10.2024