Jamiyat | 20:15 / 05.01.2022
32691
5 daqiqa o‘qiladi

“Hozirgi oyligimning 3 baravarini taklif qilishdi” – andijonlik dasturchi yigit hikoyasi

Avval xabar berganimizdek, “Digital Uzbekistan” loyihasi doirasida ilk tashrif Andijon viloyatiga amalga oshirildi.

Tashrif davomida viloyatdagi dasturchi yoshlar bilan intervyular o‘tkazdik. Ana shunday yoshlardan biri Akmal Qilichbekov bo‘ldi.

Qahramonimiz 1993 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2016 yil Toshkentdagi Turin politexnika universitetini tamomlagan. 6 yildan buyon dasturchi sifatida faoliyat yuritadi.

Hozirgi oyligimning 3 baravari edi

Sohaga kirib kelganimning dastlabki 6 oyida sohani tark etishni o‘ylab ikkilanib yurganman. Chunki, dasturchilar uchun har bir kun turli yangiliklar, sinovlar bilan o‘tadi. Hozir ko‘pchilik IT’ga qiziqyapti. Bu albatta yaxshi, ammo asosan moddiy taraf, ya’ni dasturchilar ko‘p pul topadi, degan qarash bor. Menimcha, sohaga qiziqtirishda IT’ni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan bilimlar nuqtayi nazaridan yondashish samaraliroq bo‘lardi. Agar bilim bo‘lsa, pulni o‘zi ortingizdan keladi.

Yaqinda o‘zim ham SAP imtihoniga tayyorlanish uchun 14ta kitobni o‘qib tugatishimga to‘g‘ri keldi. Men imtihondan o‘tib, SAP sertifikatini oldim va Yevropaning nufuzli kompaniyasidan menga ish taklif qilishdi. Taklifda tilga olinayotgan summa hozirgi oyligimning 3 baravari edi. IT’da siz oddiy odamlar uchun tushunarsiz bo‘lgan narsalarni oddiy odamlar tushunmaydigan yo‘llar bilan yechishingiz kerak. Buning uchun esa doimo o‘qish va o‘rganishda bo‘lishingiz lozim.

O‘zim yozgan dasturlarni real hayotda ko‘rishni xohlaganman

Boshida sohada ishlab yurgan kezlarim men ham ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman. Chunki, bu soha O‘zbekistonda yangi, so‘rab o‘rganish uchun ham mutaxassislar yo‘q edi. Shunday davrlarda ishdan kelgach, mustaqil o‘qib-o‘rganardim. Ruslarda shunday maqol bor: “Qilayotgan ishingni yaxshi ko‘r, yaxshi ko‘rayotgan ishingni qil”. Ya’ni, siz bu sohaning qiyinchiliklariga chidab, ‘chellenj’larni boshdan o‘tkazishga tayyor bo‘lsangiz, muvaffaqiyatga erishasiz.

Muhandislik sohasidan IT’ga o‘tishimga sabab o‘zim yozgan dasturlarni real hayotda ko‘rishga bo‘lgan qiziqish bo‘lgan. Bundan tashqari, IT jamiyatning deyarli barcha jabhalariga kirib bo‘ldi. IT’da daromad oshishi sizning sohada qay darajada o‘sishingizga bog‘liq. Rahbaringiz sizning yillik natijalaringizga qarab daromadingizni 30/50/100 foizlarga oshirishi mumkin. Bu, albatta, sizning faoliyatingizni baholash natijasida amalga oshiriladi. Daromadlar haqida batafsilroq aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistondagi Senior Developer’lar 3000 AQSh dollargacha oylik olishadi. Agar O‘zbekistonda turib xorijiy kompaniyada ishlasangiz, 5000 AQSh dollar va undan yuqori daromad qilishingiz mumkin. Bu miqdorlar davlatlarga qarab o‘zgaradi. Masalan, Germaniyada Senior Developer’lar 8000 AQSh dollar va undan yuqori miqdorda maosh olishadi.

Portfoliosi ham hisobga olinsin

O‘zbekistonda IT’ni rivojlantirish uchun bir amaliyotni yo‘lga qo‘yish kerak deb hisoblayman. Ya’ni, harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarga beriladigan imtiyozlar kabi IT’da ham bilim va tajribaga ega yoshlarga imkoniyatlar yaratilishi kerak. Chunki, sohada bilimi, tajribasi bor yoshlar ham diplom bo‘lmaganligi sababli ishga kirishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Shaxsan o‘zimning ham shunday tanishlarim bor. Demoqchimanki, oliy o‘quv yurtiga qabul qilishda, ularning portfoliosiga qarab qandaydir imtiyozlar yaratilsa, bu nafaqat ta’lim, balki yoshlar uchun ham foydali ish bo‘ladi.

To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Ufora Habibullayeva suhbatlashdi
Mirvohid Mirrahimov, operator

Mavzuga oid