Jahon | 18:35 / 05.01.2022
91118
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev iste’foga chiqdi. To‘qayev - Xavfsizlik kengashining yangi rahbari

Nursulton Nazarboyev endi Xavfsizlik kengashi raisi emas. U 2021 yil aprelida Qozog‘iston xalq assambleyasi rahbarligidan, noyabr oyida esa «Nur Otan» partiyasi rahbarligidan ketgandi.

© EYEPRESS via Reuters Connect

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda sodir bo‘layotgan namoyishlar fonida qozog‘istonliklarga murojaat qildi.

To‘qayev mamlakat televideniyesi orqali qilgan chiqishida Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbari bo‘lganini e’lon qildi. Ushbu kengashga 2019 yilda mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev butun umrga rahbar bo‘lgandi.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar ortida «moliyaviy jihatdan motivlarga ega shaxslar» turibdi va ularning bu borada «puxta ishlab chiqilgan rejasi» bor.

«Shuning uchun davlat rahbari sifatida bugunning o‘zida Xavfsizlik kengashi rahbarligini qabul qilaman.

Prezident sifatida men fuqarolarimiz xavfsizligi va tinchligini himoya qilishim, Qozog‘iston yaxlitligi haqida qayg‘urishim shart. Men tomonimdan qabul qilingan choralar ko‘pmillatli Qozog‘istonning farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Biroq hozircha bu choralar yetarli emas», deydi To‘qayev.

U poytaxtni tark etmasligini ma’lum qildi.

«Nima bo‘lishidan qat’i nazar men poytaxtda qolaman. Xalq bilan birga bo‘lish mening konstitutsion burchim. Qozog‘iston tarixidagi bu qora chiziqdan birgalikda va kuchliroq bo‘lib chiqamiz. Tez orada siyosiy transformatsiya bo‘yicha takliflar bilan chiqaman. Islohotlarni qo‘llash borasida o‘z pozitsiyamda sobit qolaman», dedi To‘qayev.

To‘qayev namoyishlar vaqtida politsiyachilar orasida qurbonlar bo‘lganini bildirdi.

Qozog‘iston prezidenti endilikda namoyishlarda sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga qarshi maksimal darajada qattiqqo‘llik bilan harakat qilinishini aytdi.

U tez orada qozog‘istonliklarga yangi takliflar bilan yana murojaat qilishi kutilyapti.

Mavzuga oid