Jahon | 14:09 / 11.01.2022
32869
8 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston elchisi: poytaxtga zarba berish rejalashtirilgandi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxon Sotiboldi Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasining yopilishi haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Darxon Sotiboldi Qozog‘istondagi voqealarga ham to‘xtalib o‘tdi. Quyida elchining asosiy fikrlari matn shaklida keltirib o‘tiladi.

«Ayrim nashrlar Qozog‘istondagi vaziyatni biryoqlama yoritmoqda»

Bugun men Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealar haqida fikr bildirmoqchiman. Bu boradagi xabarlarni kuzatar ekanman, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari Qozog‘istondagi mavjud vaziyatni biryoqlama yoritayotganiga guvoh bo‘ldim.

KXShT kuchlaridan foydalanish ham, rasmiylarning sodir bo‘layotgan voqealarga munosabati ham noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Sodir bo‘lgan hodisalar ko‘p qirrali edi. Sof iqtisodiy talablar bilan boshlangan namoyishlar terrorchi guruhlar tomonidan mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga putur yetkazish uchun foydalanilgan.

2022 yil 2 yanvar kuni Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gazning chakana narxi litri uchun o‘rtacha 60 tengedan 120 tengega oshishiga qarshi namoyishlar boshlangan edi. Namoyishchilar ularni avvalgi darajaga tushirishni, qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishni talab qilishdi. Norozilik to‘lqini boshqa shaharlarga ham tarqaldi. Qozog‘iston prezidenti gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar vaqtida fuqarolarni provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi.

Aksiya ishtirokchilari bilan muloqotni davom ettirish va yuzaga kelgan muammoga yechim izlash uchun Qozog‘iston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra Davlat komissiyasi tuzilib, namoyishchilar talablarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika shtabi tuzildi.

«Tinch yo‘l bilan o‘tkazilgan namoyish qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi»

4 yanvar kuni hukumat gaz narxini 50 tengega tushirdi, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kommunal xizmatlarning narxlarini oshirishga moratoriy joriy qildi. Shuningdek, ulgurji sotuvchilarga suyultirilgan gaz sotishda uning narxini o‘zaro til biriktirgan holda sotishda gumonlanib, tergov harakatlari boshlangan.

5 yanvar kuni davlat rahbari Qozog‘iston hukumatini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu harakatlar aniq siyosiy iroda va kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilishga sodiqligini namoyish etdi.

Davlat rahbarining jamoat tartibini saqlashga qaratilgan bir necha bor chaqiruvlariga qaramay, bir qator yirik shaharlardagi norozilik namoyishlari buzg‘unchi unsurlar tomonidan vaziyatni keskinlashtirish, zo‘ravonlik harakatlaridan foydalanildi. Shu munosabat bilan prezident butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi.

Biroq ko‘rilgan choralarga qaramay, zo‘ravonlikning yanada kuchayishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ochiq qarshilikka aylandi, ushbu harakatlar ma’muriy muassasalar, ichki ishlar bo‘limlari, tinch aholi, jumladan, tibbiyot xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar va jurnalistlarga ommaviy qurolli hujumlar ko‘rinishida kechdi.

Ta’kidlash kerakki, dastlabki kunlarda namoyishlarda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy talablar bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik tinch yo‘l bilan o‘tkazilgan namoyish hech qanday tushunarli talablar qo‘yilmagan holda qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi. Favqulodda holat talablari inobatga olinmadi. Tinch aholi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid, shuningdek, strategik obektlarda qo‘poruvchilik tahdidi yaratildi.

«Qozog‘iston poytaxtiga zarba berish rejalashtirilgandi»

Eng qiyin vaziyat Olmaota shahrida vujudga keldi. 5 yanvar kuni Olmaotada ma’muriy va harbiy obektlarga hujumlar uyushtirilgan, aeroport egallab olingan, yo‘lovchi va yuk samolyotlari ushlab turilgan. Olmaota shahar ichki ishlar departamenti binosi atrofidagi jang ikki kecha davom etdi.

Mamlakatdagi vaziyat keskin keskinlashgani munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev egalladi. 6 yanvar kuni u mamlakatda milliy xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish hamda Qozog‘iston fuqarolarining hayoti va mulkini himoya qilishga qaratilgan aksilterror operatsiyasini boshlashga buyruq berdi.

Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdiki, Qozog‘iston yaxshi muvofiqlashtirilgan terroristik guruhlar tomonidan qurolli tajovuzga uchragan, ular orasida xorijiy jangchilar ham bor. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlar orasida radikal islomiy guruhlar tarafida «qaynoq nuqtalar»da jangovar qatnashish tajribasiga ega bo‘lganlar ham bor.

Terrorchilar o‘z aloqa vositalaridan foydalangan, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari kiyimida yashiringan. Tartibsizliklar bir vaqtning o‘zida respublikaning 11 viloyatini qamrab olgan, bu esa Olmaota shahrida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga imkon bermagan. Terrorchilar huquq-tartibot kuchlarini joylarda band qilib qo‘yib, Qozog‘iston poytaxtiga zarba berishni rejalashtirgan.

Vaziyatni xolisona baholagan davlat rahbari Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 2 va 4-moddalariga tayangan holda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlarga respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish uchun tinchlikparvar kuchlarni yuborishni so‘rab murojaat qildi.

Tinchlikparvar kuchlarning mandati Nur-Sulton, Olmaota shahri va Olmaota viloyatidagi strategik obektlarni qo‘riqlashni o‘z ichiga oladi. Terrorchi guruhlarga qarshi harakatlar huquq-tartibot idoralari va Qozog‘iston Qurolli kuchlari tomonidan olib borildi. KXShTning kollektiv kuchlari vaqtincha Qozog‘iston hududida bo‘lib, vaziyat barqarorlashganidan keyin mamlakatni tark etadi.

«Yaqin vaqt ichida dastlabki tergov natijalari ma’lum qilinadi»

Afsuski, huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Xavfsizlik kuchlarining 17 nafar xodimi halok bo‘ldi va 1300 nafari yaralandi. Qurbonlarning umumiy soni aniqlanmoqda. Bu – qurbonlarning yaqinlari va butun qozoq xalqi uchun juda katta fojia.

Mamlakatning qator viloyatlarida sodir bo‘lgan fojiali voqealar natijasida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Qozog‘iston prezidenti 2022 yil 10 yanvarni umumxalq motam kuni deb e’lon qildi.

Shu o‘rinda Qozog‘iston xalqi birdamlik ko‘rsatayotgani, ular prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning tinch hayotni tiklash bo‘yicha qarorlari va harakatlarini qo‘llab-quvvatlashayotganini alohida ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston rahbariyatiga ko‘rsatgan yordami uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 6 yanvar kuni Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, unda Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakatda barqarorlikni ta’minlashga intilishini doimiy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi nomidan Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasining yopilishi haqidagi soxta xabarlarni rad etmoqchiman. Nazorat punktlari odatdagidek ishlagan va ishlamoqda. Havo qatnovi tiklanmoqda.

Bugun Qozog‘istonda vaziyat barqarorlashgan. Mamlakat xavfsizligiga tahdidlarning oldi olindi. Aksilterror operatsiyasi doirasida jinoyatlarga aloqador shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Yaqin vaqt ichida dastlabki tergov yakunlanganidan so‘ng huquq-tartibot idoralari Qozog‘istonga nisbatan terrorchilik tajovuzkorligining qo‘shimcha dalillarini taqdim etadi.

Жамшид Ниёзов
Muallif Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid