«Bunaqa portlaydi deb o‘ylamagandik» – Toshkentda qo‘lbola o‘t o‘chirish moslamasini portlatganlar iqrori
Yangi yil kechasi «Samarqand darvoza» oldida portlatilgan qo‘lbola «ognetushitel» Yangiyo‘l tumanida tayyorlangan. Hodisaga aloqador bo‘lgan 13 kishiga ayblov e’lon qilingan.
Toshkentda yangi yil arafasida «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida qo‘lbola «ognetushitel» portlatilgan, buning oqibatida 3 kishi jarohatlangandi. Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha 4 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga oid olib borilayotgan tergov tafsilotlarini ochiqladi.
Mazkur hodisa ortidan tergovga jalb etilgan shaxslarning ma’lumot berishicha, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining ayrim mahallalarida yangi yil bayram arafasida qo‘lbola usulda pirotexnika vositalarini tayyorlab sotish avj oladi.
Avvalgi yillarda ham xuddi shunday o‘t o‘chirgichlarda sinab ko‘rilgan portlatishlar internetda tarqalgan va buni ko‘rgan Toshkent shahrida yashovchi yigit yangiyo‘llik tanishi bilan bog‘lanib, xuddi shunday moslama topib berishni so‘ragan.
«Bunaqa darajada bang‘illaydi deb kutmagandik. Juda vahimali bo‘ldi. Ognetushitel yasash bo‘yicha video ko‘rgandim. Yangiyo‘llik bolalar yasagani haqida. O‘sha videoni yangiyo‘llik og‘aynimga tashaganimda u «Bu narsa bizda yasalgan» deb aytgan. U narsa pulli ekan. Aslida men tekin deb o‘ylagandim, lekin oxirida pulli bo‘lib chiqdi. Shundan keyin pul berishga majbur bo‘ldim. Aslida 500 ming so‘m berishimiz kerak edi, lekin 470 ming berdik», deydi «Samarqand darvoza» savdo markazi qarshisida portlatilgan qo‘lbola moslamani sotib olgan o‘spirin.
Aniqlanishicha, moslamani tayyorlash uchun turli kimyoviy moddalar va yengil avtomobilning ehtiyot qismlaridan foydalanilgan. Bu usulni bir necha yildan beri qo‘llab kelayotgan traktor haydovchisi yoshlarga uni qanday tayyorlashni o‘rgatgan.
«Pul taklif qildi. 80 ming so‘m beraman dedi. Qo‘ygin, mana, ol, olib ketaver desam keyin 80 ming tashlab ketibdi», deydi traktor haydovchisi.
«Keyin uni olib qo‘lbola shaklda magniy yasadim. Qo‘shnim Ziyovuddin menga taklif berdi. «Kursdoshim bor, har yili shunaqa ognetushitel olib portlatarkan. Bu yil topolmabdi, yasab bera olasanmi?» deb so‘radi. Xizmat haqi 500 ming so‘m deb aytilgandi. 470 ming so‘m pul oldim», deydi qo‘lbola portlovchi moslamani yasagan shaxs.
Hammasi tayyor bo‘lgach, portlovchi moslamani ishga tushirish uchun aholi gavjum bo‘lgan hudud tanlanadi. Yoshlar portlash quloqni qomatga keltiruvchi ovozi va alanga balandligi bilan ko‘pchilikni hayratga solishini maqsad qilishgan.
«Mashinalar orasidan o‘tib, yo‘lning o‘rtasidagi «bordyor»ga qo‘ydik. Men o‘zim yoqdim. Yoqqanimdan keyin 10 sekundmi 15 sekunddan keyin portladi. Voqea joyida 2 daqiqacha turganimdan keyin u yerdan ketdim. Uyga borib, telefonimni o‘ynab o‘tirsam, ikki bola jarohatlangani haqida video kelib qoldi», deydi hodisa tashkilotchilaridan biri.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.
«2006 yilda tug‘ilgan bemorga shoshilinch ravishda o‘ng oyoq panjasining to‘rtta barmog‘ini replantatsiya qilish (uzilib ketgan barmoqlarni ulash) operatsiyasi bajarildi. Hozirgi vaqtda bemor mikroxirurgiya bo‘limida statsionar davo olmoqda», deydi jarroh Ravshan Irismetov.
Mutaxassisning aytishicha, portlash natijasida jabrlangan ikki bolaning ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois, ularng muolajani uy sharoitida davom ettirishiga ruxsat berilgan. U bunaqa holatlar yangi yil bayrami arafasida har yili kuzatilishini ta’kidlaydi.
«Yo‘lning o‘rtasiga odamlar ko‘p bo‘lib yig‘ildi. Ognetushitel qo‘yishdi. Kim qo‘yganini ko‘rmadim odam ko‘p bo‘lganidan. Odam tarqalgandan keyin qarasam ognetushitel ekan. Men odamlar to‘planib turgan paytda «salyut» qo‘yishyapti deb o‘ylagandim. Portlash zarbasi «udar» bilan keldi, boshida hech narsani sezmadim. Yonimdagi odam oyog‘im qonaganini aytib qoldi. Keyin o‘sha yerdagi akalar ko‘tarib mashinaga o‘tirg‘izishdi-da, shifoxonaga olib kelishdi», deydi jabrlanuvchi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, olib borilayotgan tergov tezkor harakatlari davomida mazkur hodisaga aloqador bo‘lgan 13 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 5 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan, yana 5 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan.
«Aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga asosan aybdor shaxslar 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin», deydi Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi katta tergovchisi Mirjalol Isroilov.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024