O‘zbekiston | 12:50 / 14.01.2022
22111
2 daqiqa o‘qiladi

“Qurolli kuchlarimiz davlatimizni himoya qilishga qodir” – Toshkent harbiy okrugi

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent harbiy okrugidagi desantchilar va artilleriyachilar harbiy qismlariga press-tur tashkil qilinib, O‘zbekiston armiyasi tomonidan foydalanilayotgan harbiy texnikalar, qurol-yarog‘lar namoyish etildi.

Kecha, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan OAV vakillari va blogerlar uchun Toshkent harbiy okrugida joylashgan harbiy qismlarga press-tur tashkil etildi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Harbiy okrugdagi desantchilar va artilleriyachilar harbiy qismlarida O‘zbekiston armiyasi tomonidan foydalanilayotgan harbiy texnikalar, qurol-yarog‘lar namoyish qilindi. Shuningdek, mutaxassislar harbiy aslahalarning texnik xususiyatlari bilan tanishtirdi.

Bundan tashqari, harbiylar nazariy bilim olishlari uchun tayyorlangan o‘quv-mashg‘ulot va sinf xonalari, tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha markazlar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Shuningdek, press-tur davomida artilleriyachilar tomonidan estafeta, desantchilar tomonidan maxsus trenajyorlarda parashyut bilan sakrash mashqlari hamda qo‘l jangi tomoshalari ko‘rsatildi.

Alisher A’zamov / Foto: Kun.uz

“Bugun OAV vakillari va blogerlar uchun “ochiq eshiklar kuni” tashkil qilinib, barcha qurol aslaha va harbiy texnikalarning ko‘rgazmali namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Maqsadimiz – yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va armiyaga muhabbatini oshirish. Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz barcha turdagi zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlangan bo‘lib, O‘zbekistonni mustahkam himoya qilishga qodirdir. Barcha o‘zbekistonliklarni vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman,” – deydi podpolkovnik Alisher A’zamov.

Mavzuga oid