Sport | 17:04 / 01.02.2022
24717
13 daqiqa o‘qiladi

Kim nimaga ulgurdi? Dedlayndagi eng qiziq transferlar

Kutilganidek qishki transferlarning so‘nggi kunida klublar qator qiziqarli xaridlarni amalga oshirishdi. 

Per-Emerik Obameyang («Arsenal» –> «Barselona», erkin agent)

«Arsenal»ning bu mavsumdagi asosiy muammosi – endi «Barselona»ning umidi. Bu transfer dedlaynga bog‘liq ham emasdi, «Arsenal» futbolchini erkin agent sifatida qo‘yib yubordi.

OAV xabariga ko‘ra, «Arsenal» va «Barsa» o‘rtasidagi muzokara muvaffaqiyatsiz yakunlanmasligi va Kataloniya klubiga o‘tish uchun gabonlik forvard talablarini ancha pasaytirgan. Usmon Dembele klubda qolgani tufayli, Kataloniya klubining ushbu forvardni o‘z safiga qo‘shib olish uchun juda kam maosh va erkin agent sifatida kelishuvga erishishdan o‘zga chorasi qolmagan

Shu tariqa, 32 yoshli hujumchining «Barsa»dagi maoshi 30 iyun sanasiga qadar haftasiga 5 ming yevroni tashkil etadi - u London klubida haftasiga 200 ming yevro olardi. Ammo u Londondagidan farqli ravishda Kataloniyada o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi.

Kristian Eriksen («Inter» –> «Brentford», erkin agent)

«Brentford» daniyalik yarimhimoyachi Kristian Eriksenni erkin agent sifatida safiga qo‘shib oldi. 29 yoshli futbolchi bilan joriy mavsum yakuniga qadar shartnoma tuzilgan.

Ushbu futbolchi avval ham APLda o‘ynagan –  2013 yildan 2020 yilgacha u «Tottenhem»ning yetakchi futbolchilaridan bo‘lgan.

2021 yil 12 iyunida, Yevropa chempionati guruh bosqichi doirasida Daniyaning Finlandiyaga qarshi o‘yini davomida Eriksenning yuragi xuruj qilib qoldi. Keyinroq havbekka defibrillyator o‘rnatildi. Shundan keyin, bunday moslama bilan maydonda harakat qilish Italiya A Seriyasi qoidalariga to‘g‘ri kelmagani tufayli «Inter» Eriksen bilan shartnomani bekor qilishga majbur bo‘lgandi. U so‘nggi vaqtlarda formasini tiklash uchun yana bir sobiq jamoasi - Amsterdamning «Ayaks» klubi mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgandi.

Aaron Remzi («Yuventus» –> «Reyndjers», ijara)

Yulduzli onlarini «Arsenal»da o‘tkazgan, 2019 yil yozida erkin agent sifatida «Yuve»ga kelib qo‘shilgan futbolchi Italiyada o‘zini ko‘rsata olmadi. Endilikda 31 yoshli futbolchi mavsum oxiriga qadar Shotlandiya chempioni «Reyndjers» safida ijara asosida o‘ynaydi.

Qishki transferlar vaqtida unga «Nyukasl»dan ham qiziqish bo‘lgan, ammo uelslik futbolchi Turindagi maoshidan kamroq maoshga rozi bo‘lmagan va tomonlar kelishuvga erisha olmagandi. Uning shotland klubida oladigan maoshining bir qismini «Yuventus» to‘lab beradi. «Nyukasl» esa markazga «Lion»dan Gimaraesni olib keldi.

Donni van de Bek («Manchester Yunayted» –> «Everton», ijara)
Dele Alli («Tottenhem» –> «Everton», 12 mln yevro)

«Everton» Frenk Lempardni bosh murabbiylikka tayinlagach, transferlar bozorida faollashdi. Mersisaydliklar klubi qisqa vaqt ichida maydon markazini ikki futbolchi bilan kuchaytirdi. Dastlab «Man Yunayted»dan Donni Van De Bek ijaraga olindi. Niderlandiyalik havbek mavsum yakuniga qadar shu klubda o‘ynaydi.

Shuningdek, «Tottenhem»da asosiy tarkibdan tushib qolgan Dele Alli bilan shartnoma tuzildi. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ikki transfer ham Lempard tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Alli transferi o‘ziga xos sxema bilan kechdi: u tekinga transfer qilindi, ammo u asosiy jamoada 20 o‘yinda maydonga tushsa, «Everton» London klubiga 12 mln yevro to‘lab berishi kerak bo‘ladi. Kelishuvda nazarda tutilgan bonuslar evaziga transfer qiymati 35 mln yevroga yetishi ham mumkin. Bu postkovid davrini ifodalovchi transfer bo‘ldi.

Deyan Kulusevski («Yuventus» –> «Tottenhem», ijara)
Rodrigo Bentankur («Yuventus» –> «Tottenhem», 19+6 mln yevro)

Bu ikki transfer ortida «Yuve»ning sobiq menejyeri Fabio Paratichi turibdi: 2021 yil yozida u «Tottenhem» boshqaruvchi direktori sifatida ish boshlagan, u o‘z vaqtida Kulusevski va Bentankurni Turinga olib kelgandi. Bu juftlik Antonio Kontega Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishda yordam berishi kerak. Kulusevskining ijarasi uchun 10 mln yevro to‘langan, Bentankurning transfer huquqi 19 mln yevroga sotib olinib, 6 mln yevro miqdoridagi bonuslar ko‘zda tutilgan.

Tangi Ndombele («Tottenhem» –> «Lion», ijara)
Jovani Lo Chelso («Tottenhem» –> «Vilyarreal», ijara)
Brayan Hil («Tottenhem» –> «Valensiya», ijara)

«Tottenhem» Antonio Kontega kerak bo‘lmagan futbolchilardan qutuldi – ularning barchasi boshqa ligalar jamoalariga ijaraga berildi. Ndombele va Lo Chelso Angliyada kamida bir mavsum o‘tkazishdi, Hil esa yarim yil o‘tib yana Ispaniyaga qaytdi.

Denis Zakariya («Borussiya» M –> «Yuventus», 5+3 mln yevro)

Shveytsariya termasi markaziy yarimhimoyachisi Gladbahni yozda erkin agent sifatida tark etishi mumkin edi (u bu klubda 2017 yildan buyon o‘ynab kelardi), «Yuve» esa uni qishda osonroq yo‘l bilan qo‘lga kiritishga qaror qildi – 5 mln yevro evaziga (yana 3 mln yevro – bonuslar ko‘rinishida to‘lanishi mumkin).

Vaut Vegorst («Volfsburg» –> «Byornli», 12 mln funt)

Vegorst – «Volfsburg»ning eng yaxshi to‘purari, ligada jon saqlash uchun kurash olib borayotgan «Byornli» uchun bu katta transfer. Niderlandiyalik hujumchi Bundesligada «bo‘rilar» uchun 56 gol urgan, shuningdek Yevro-2020da Germaniya termasi safida gollardan biriga mualliflik qilgan. Kris Vudni «Nyukasl»ga katta summaga (25 mln funt - 30 mln yevro) sotgan «Byornli» uning o‘rnini markaziy forvard bilan to‘ldirishi kerak edi – bu esa Vaut bo‘ldi. U bilan 3,5 yillik shartnoma tuzilgan, transfer uchun 12 mln funt atrofida mablag‘ to‘langan. APLning oldskul jamoasi uchun mos keladigan strayker.

Bruno Gimaraes («Lion» –> «Nyukasl», 42,1 mln yevro)

«Nyukasl» katta pul sarflab, tarkibni jiddiy kuchaytirdi. Tan olish kerakki, «Lion» inglizlarning vaziyatidan foydalanib qoldi, ammo Bruno barqaror ravishda yaxshi o‘ynaydi – u jamoasiga raqib hujumlarini to‘xtatishda ham, uzun uzatmalar orqali oldinga chiqishda ham birdek yordam ko‘rsata oladi. Bunday futbolchi bilan Eddi Hau jamoasi yangi darajaga yanada tezroq chiqishi mumkin.

Qaysi transferlar amalga oshmay qoldi?

Dembele – «Chelsi»ga ham, «Tottenhem»ga ham, «Arsenal» va «PSJ»ga ham o‘tmadi

Foto: East News/PRESSINPHOTO​​​​

Shartnomasi muddati 2022 yil yozida yakunlanadigan Usmon Dembele oy bo‘yi barchaning diqqat markazida turdi. Xavi kelgach, fransuz hujumchisi bilan shartnomani yangilash «Barselona»ning yanvar oyi uchun asosiy vazifasi edi – ammo futbolchi shartnomaga rozi bo‘lishi evaziga o‘z agenti orqali aqlbovar qilmas summa so‘radi - soliqlardan tashqari 43 million yevro (hozirda uning yillik maoshi bundan to‘rt barobar kam – 12 mln).

«Barsa» Dembeleni ko‘ndirishga urinishdan charchadi. Klub sport direktori Mateu Alemani aniq signal berdi: «Bugun, 20 yanvar kuni, Dembele shartnomani qabul qilishi uchun muddat yakuniga 11 kun qolganida ma’lum bo‘lmoqdaki, futbolchi «Barselona»da qolmoqchi emas va o‘z kelajagini klubdagi yangi loyiha bilan bog‘lamayapti. Biz uning agentlariga u klubni zudlik bilan tark etishi kerakligini aytdik, chunki bizga sadoqatsiz futbolchilar kerak emas, umid qilamizki, transfer 31 yanvarga qadar amalga oshadi».

Transferlar darichasining so‘nggi kunida barchasi qizib ketdi. «Barsa» Obameyang kelishiga vedomostni yengillatish uchun Dembelening ketishini kutdi. Katalonlar har qanday variantga rozi edi, gap faqat fransuz rozilik bildirishida edi. U barcha takliflarni rad etdi – garchi «Barselona» safida boshqa o‘ynamasligini bilsada. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, uni Obameyang o‘rniga «Arsenal»ga borish varianti ham qanoatlantirmagan.

Mundo Deportivo fransuz uchun eng jiddiy da’vogar – «Chelsi» bo‘lgani haqida yozgan. Londonliklar futbolchi, uning vakillari va «Barselona» roziligini olgan. ABC manbasi barchasi 99 foizga hal bo‘lganini yozgandi, aftidan 1 foizlik ehtimol ro‘yobga chiqqan.  

As jurnalisti Xavi Migelning yozishicha, fransuz «Tottenhem» variantini so‘nggi daqiqalarda rad etgan.

«PSJ» bo‘yicha variant ham bo‘lgan – lekin bu biroz murakkabroq edi:

  • Parijliklar «Barsa»ga Usmon evaziga 21 yoshli yarimhimoyachisi Erik Ebimbe va chap qanot himoyachisi Abdu Dialloni taklif etgan. Katalonlar esa futbolchi uchun 20 mln yevro pul ishlab olishni istagan.
  • «Barsa» Dembeleni Di Mariyaga almashishga rozi edi, ammo «PSJ» bunga ko‘nmadi.
  • Le Parisien nashri yozishicha, Parijdagilar futbolchi uchun qishda pul to‘lamaslikka qaror qilishgan. Foot Mercato ma’lumotiga ko‘ra, fransuz klubi Usmon bilan og‘zaki kelishuvga erishib qo‘ygan, u yozda tekinga olib kelinishi mumkin. Nima bo‘lmasin, qolgan yarim yilni Dembele zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazadi.

Umtiti – «Arsenal»ga o‘tishi mumkin edi, ammo keraksiz vaqtda jarohat oldi

globallookpress.com

«Barsa»da o‘rnini yo‘qotgan yana bir fransuz. Kataloniyaliklar rahbariyati maoshlar vedomostini yengillatish uchun Umtitini mavsum yakuniga qadar biror klubga ijaraga berish uchun harakat qildi. Klub u bilan avvalroq shartnomani yangilab, uning maoshini kamaytirgandi, bu esa uni boshqa bir klub olib ketishini ham osonlashtirardi.

Yanvar oyi boshida ijara bo‘yicha «Arsenal» bilan qariyb kelishuvga erishilgandi. Samyuel ikki klubga Obameyang transferini hal qilishni tezlashtirib yordam berishi mumkin edi. Ammo u mashg‘ulotlar vaqtida jarohat oldi. Himoyachi jarrohlik stoliga yotdi va u endi uch oyga yaqin vaqt maydondan tashqarida bo‘ladi.

Morata – «Barselona»ga o‘tmoqchi edi, ammo Turinda qoladigan bo‘ldi

 Foto: Sergio Ruiz / PRESSINPHOTO

Yanvar oyi boshida Alvaro «Barsa»ga o‘tishi haqida gapira boshlashdi: agar bu transfer amalga oshganida u Ispaniyaning uch grand klubida ham o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan («Real» va «Atletiko»da o‘ynagan) tarixdagi uchinchi futbolchiga aylanishi mumkin edi.

Transferlarning so‘nggi kunida Morata uchun poygaga «Arsenal» ham qo‘shildi. Ispaniyalik hujumchi bilan Artetaning yordamchisi Migel Molina muzokaralar olib bordi. Ammo futbolchi mavsum yakuniga qadar Turinda qolishga qaror qildi.

Boshqa tomondan, «Yuve» ustozi Massimiliano Allegri Moratani jamoaning yangi forvardi Dushan Vlahovich bilan tandem qilib o‘ynatmoqchi. Ular qanchalik samarali harakat qilishini vaqt ko‘rsatadi.

Mavzuga oid