O‘zbekiston | 08:20 / 07.02.2022
6701
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, ikki yo‘lovchi jarohat oldi

Toshkent shahrida "Isuzu" rusumli avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJ axborot xizmati xabar qilmoqda.

Joriy yilning 6 fevral kuni soat 06:37 lar atrofida "12-Avtobus saroyi" filiali tasarrufidagi, 59-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi "Isuzu" rusumli avtobus haydovchisi X.Yo. (1966 yilda tug‘ilgan, staji 33 yil), Yangihayot tumani hududidagi Yangi katta halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, u "Simma" mehmonxonasi qarshisida yengil avtomobil siqib ketishi natijasida yo‘l chetiga chiqib ketgan va old yon tomoni bilan ustunga borib urilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan, jabrlangan yo‘lovchilar shifoxonaga yetkazilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan hamda "Toshshahartransxizmat"ning Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid