O‘zbekiston | 07:51 / 09.02.2022
2144
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektr energetika sektori Jahon banki ishtirokida transformatsiya qilinadi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Jahon banki ishtirokida "Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish" loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish, uning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish, tizimli avariyalarning oldini olish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagi investitsiya loyihalarining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlandi:

dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish;

Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II faza);

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan va mablag‘lar iqtisod qilinishi kutilayotgan xalqaro moliya institutlarining kreditlari ro‘yxati.
 
Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan 2021 yil 25 iyunda investitsiya loyihalarini quyidagi mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish kelishilgan: Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 330 mln AQSh dollariga teng imtiyozli va 50 mln AQSh dollariga teng imtiyozsiz kreditlari; Yashil iqlim jamg‘armasining 43 mln AQSh dollariga teng imtiyozli krediti va 4 mln AQSh dollariga teng grant mablag‘lari.

"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida 2021 yil 6 oktyabrda "130 km uzunlikdagi 500 kVli Sarimoy (Xorazm viloyati) - Jonkeldi (Buxoro viloyati) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tapmog‘ini qurish" investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratilishi bo‘yicha mandat xati imzolandi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va "O‘zbekgidroenergo" AJ tasarrufida bo‘lgan 110-500 kV kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalar UMET tasarrufiga balans qiymati bo‘yicha shtat birliklari bilan birga o‘tkazildi. Bunda, xo‘jalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga o‘tkazilayotgan mulki va mulkiy huquqlari soliqqa tortishning barcha turlari bo‘yicha soliq solish obekti hisoblanmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid