O‘zbekiston | 14:04 / 10.02.2022
25936
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkentga tramvayni qaytarmoqchimiz» - prezident

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga tramvay qaytarilishi rejasi haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada fuqarolardan ko‘plab maktublar va murojaatlar kelib tushgan.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrifi vaqtida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari Samarqandda tirbandliklarni kamaytirish va bartaraf etish uchun ilmiy-amaliy markaz qurish kerakligini ta’kidlagan.

«Shaharda tezlikni kamaytirib, tirbandliklarni bartaraf etish kerak. Avariyalar oqibatida ko‘pgina insonlar halok bo‘lmoqda», — degan prezident.

Samarqand shahrida tramvay borligi alohida qayd etilgan.

«Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Daryo».

Shuningdek, Samarqandda yangi qurilgan yerosti tunneli, yo‘llarni ko‘zdan kechirish chog‘ida xavfsiz yo‘l, xavfsiz piyoda konsepsiyasini yaratish haqida gapirgan prezident Toshkentda avtomobil harakati tezligi 60 km.gacha pasaytirilishini aytgan.

«Yaqinda Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilangani haqida qaror chiqadi», — deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda bloger Aziza Qurbonova.

  • Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 2 mayida Toshkentda so‘nggi, 17-tramvay yo‘nalishida harakat to‘xtagan, «Beshqayrag‘och» dahasi va Ippodrom o‘rtasida qatnovchi bu yo‘nalish yopilishi orqali Toshkent tramvayining 115 yillik tarixiga nuqta qo‘yilgandi.
  • 2016 yil kuzida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrifi vaqtida ushbu shaharda tramvaylar qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.
  • 2022 yil 23 yanvar kuni «O’zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan «Menimcha» teleloyihasida Toshkent jamoat transportidagi muammolarni hal qilish uchun tramvaylar faoliyatini tiklash taklif qilingandi. 

Mavzuga oid