Sport | 15:53 / 15.02.2022
23602
9 daqiqa o‘qiladi

Eski tanishlarning yangi uchrashuvi. Yulduzli «PSJ» «Real»ga qarshi, «Liverpul» «Inter»ga qarshi noxush an’anaga barham bera oladimi?

Foto: Getty Images

Nihoyat, ikki oy intiqlik bilan kutilgan bedor tunlarga yetib keldik. Bugun, 15 fevral kunidan ko‘hna qit’ada yevrokuboklarning pley-off hal qiluvchi qarama-qarshiliklariga start beriladi. Seshanba va chorshanba oqshomida Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final to‘qnashuvlari doirasida final oldi final deya ta’riflangan «PSJ» - «Real», «Inter» - «Liverpul» singari «jang»lar o‘tkaziladi. Barchamizga yod bo‘lib qolgan yoqimli madhiya yangrashidan avval, YeChL nimchorakfinal dastlabki bahslar anonsi va taxminiy tarkiblari bilan tanishtiramiz.

Parijda yulduzlar jangi

«Pari Sen-Jyermen» va «Real» bahsini Chempionlar ligasi nimchorakfinal bosqichining eng markaziy o‘yini sifatida qayd etish mumkin. Parijdagi o‘yin eski tanishlarning yangi uchrashuvi sifatida ta’riflanmoqda. «Real» tarkibida 671ta o‘yin o‘tkazgan holda 4 marta YeChL g‘olibiga aylanib, klub afsonalari qatoridan o‘rin olgan Serxio Ramos «PSJ»ga bu o‘yinda yordam bera olmasa-da, Anxel Di Mariya va Keylor Navas shu kuni sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin. Qolaversa, parijliklar tarkibidagi Messi ham azaliy raqibiga qarshi to‘p suradi. Neymarning ham tarkibga qaytganini inobatga olsak, yulduzli Mbappe – Messi – Neymar triosiga qarshi Madrid himoya qo‘rg‘onini jiddiy imtihon kutib turganini taxmin qilish qiyin emas.

Foto: Getty Images

O‘z vaqtida parijliklar ustozi bo‘lgan, hozirda «Real»ni boshqarayotgan Karlo Anchelottini esa himoyaning nomdor uchlikka qarshi qanday o‘ynashi emas, jamoa yetakchisiga aylanib ulgurgan Karim Benzemaning «Park-de-Prens»da maydonga tushirish masalasi ko‘proq o‘ylantirayotgan bo‘lsa, ajabmas. Har holda 23 yanvar kuni «Elche»ga qarshi bahsdagi jarohatidan keyin tiklangan fransiyalik hujumchini birato‘la og‘ir «jang»ga tashlanishi katta tavakkal sanaladi. Biroq 100 kundan ortiq vaqt davomida maydonga tushmagan Neymar top-o‘yinga tushish uchun tavakkal qilayotgan ekan, uch hafta maydonga tushmagan Benzema super to‘qnashuvni nega o‘tkazib yuborishi kerak? Har holda finaloldi finallar bunga arziydi. Bu juftlik qarama-qarshiligi 1/8 finallar gultojiga aylanishiga shubha yo‘q.

Yangi tarix bo‘sag‘asidagi «Sporting»

Lissabon klubi o‘z tarixida faqat bir marotaba – 2008/09 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichiga yetib kela olgan. Biroq o‘shanda «Bavariya»dan umumiy 1:12 hisobida qaqshatqich zarbani qabul qilib (0:5, 1:7), turnirni tark etgandi. Hozirgacha ushbu natija turnirning pley-off bosqichidagi eng yirik mag‘lubiyatdir. Oradan 13 yil o‘tib, «Sporting» yana 1/8 finalga chiqdi. Bu cho‘qqida esa ularni g‘oliblikka da’vogarlardan biri «Manchester Siti» kutib turibdi. 

Foto: Getty Images

«Shaharliklar» ketma-ket 9-marta guruhdan chiqish vazifasini bajarib, so‘nggi to‘rt mavsumda eng kamida chorakfinalga qadar yetib kelmoqda. Jamoa tarkibida 1/8 finalda gol urish hadisini o‘zlashtirgan Gabriel Jyezus bor – braziliyalik hujumchi ketma-ket beshta nimchorakfinalda raqiblar darvozasini ishg‘ol etib kelmoqda. «Sporting» Jyezus uchun bu borada oltinchi jamoaga aylanishi mumkin.

Debyutant favoritga qarshi

«Zalsburg» - «Bavariya» o‘yini – musobaqa debyutantining turnir favoritiga qarshi bahsidir. Avstriya klubi o‘z tarixida ilk marta YeChL pley-off bosqichiga chiqdi, endi esa ularning oldida juda qiyin vazifa turibdi. «Bavariya» bu bosqichdagi 17 to‘qnashuvdan 13tasida g‘alaba qozongan, oxirgi 10ta bahsda faqat bittasida keyingi bosqichga chiqa olmagan.

Foto: Getty Images

«Myunxen mashinasi» safarda ajoyib natijalar qayd etmoqda. Jamoaning safardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 21ta o‘yinga yetgan. «Bavariya» so‘nggi marta 2017/18 yilgi mavsumning guruh bosqichida safarda «PSJ»ga 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Bu yil esa Robert Levandovski yetakchiligidagi nemis klubi guruh bosqichining 6 o‘yinida ham g‘alaba qozondi.

«San-Siro»ga qaytish

«Liverpul» joriy mavsum ikkinchi marta «San-Siro»ga safar qiladi. Yurgen Klopp shogirdlari guruh bosqichi doirasidagi «Milan»ga qarshi safarda 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, endi «San-Siro»ning yana bir mezboni «Inter»ga qarshi saf tortadi. «Juzeppe Meatssa» o‘yingohidagi to‘qnashuv ham markaziy maqomga ega.

Foto: Getty Images

«Inter» so‘nggi marta 10 yil avval pley-offda to‘p surgan edi. 2011/12 yildan keyin ilk marta YeChL 1/8 final bosqichida maydonga tushadi. Italiya klubi o‘z maydonida Angliya klublariga qarshi yaxshi statistikaga ega – 11 g‘alaba, 3 durang va 2 mag‘lubiyat. «Nerradzurilar» Angliya klublariga qarshi so‘nggi 5ta uy uchrashuvida zafar quchgan. Oxirgi marta «Inter» 2018/19 yilgi mavsum guruh bosqichida «Tottenhem» (2:1) qarshiligini sindirgandi. Ko‘ramiz, «Liverpul» ingliz klublari uchun noxush an’anaga aylangan seriyaga barham bera olarmikan..?

YeChL. 1/8 final. Dastlabki uchrashuvlar

15 fevral (seshanba)

«PSJ» - «ReAL»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: «Sport»

«PSJ»: Navas; Hakimi, Markinos, Kimpembe, Nunu Mendesh; Danilu, Paredes, Verratti; Di Mariya, Messi, Mbappe

O‘ynamaydi: Ramos (mushak), Errera (tizza)

So‘roq ostida: Neymar (tiklanish jarayoni)

«Real»: Kurtua; Karvaxal, Militao, Alaba, Mendi; Modrich, Kazemiro, Kroos; Asensio, Benzema, Vinisius Junior

O‘ynamaydi: Mariano Dias (son)

So‘roq ostida: Benzema (tiklanish jarayoni)

Ogohlantirilgan taqdirda diskvalifikatsiya: Kazemiro, Mendi 

«SPORTING» - «MANCheSTeR SITI»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: «Yoshlar»

«Sporting»: Adan; Inasiu, Koates, Feddal; Porro, Palinya, Mateus Nunes, Mateus Reys; Sarabiya, Paulinyu, Nunu Santush

Ogohlantirilgan taqdirda diskvalifikatsiya: Feddal, Mateus Nunes, Palinya, Porro

«Manchester Siti»: Ederson; Stounz, Ruben Diash, Lyaport, Kanselu; de Bryuyne, Rodri, Bernardu Silva; Mahrez, Foden, Sterling

O‘ynamaydi: Uoker (diskvalifikatsiya), Jyezus (mushak), Grilish (to‘piq), Palmer (tovon)

Ogohlantirilgan taqdirda diskvalifikatsiya: Kanselu, de Breyne 

16 fevral (chorshanba)

«INTeR» - «LIVeRPUL»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Sport

«Inter»: Handanovich; Shkriniar, de Vrey, Bastoni; Dumfris, Vidal, Brozovich, Xakan Chalxanoglu, Perishich; Djyeko, Lautaro Martines

O‘ynamaydi: Barella (diskvalifikatsiya), Gozens (son jarohati), Korrea (son jarohati)

So‘roq ostida: Bastoni (to‘piq)

«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Roberson; Henderson, Fabino, Tyago Alkantara; Saloh, Firmino, Mane

«ZALsBURG» - «BAVARIYa»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: «Yoshlar»

«Zalsburg»: Ken; Kristensen, Sole, Veber, Ulmer; Kamara; Suchich, Aronson, Berned; Adamu, Adeyyemi

O‘ynamaydi: Bernardo (tizza), Yunuzovich (panja), Okox (tizza), Koyta (tizza), Sheshko (son jarohati)

Ogohlantirilgan taqdirda diskvalifikatsiya: Adeyyemi, Kamara, Zayvald, Ulmer

«Bavariya»: Ulrayx; Pavar, Zyule, Ernandes; Gnabri, Kimmix, Tolisso, Koman; Myuller, Sane; Levandovski

O‘ynamaydi: Noyyer (tizza), Devis (yurak muammosi), Goretska (tizza), Musiala (og‘riq), Stanishich (son jarohati)

Ogohlantirilgan taqdirda diskvalifikatsiya: Ernandes.

YeChL. 1/8 final.

22 fevral (seshanba)

Chelsi – Lill, Vilyarreal – Yuventus; 

23 fevral (chorshanba)

Atletiko – MYu, Benfika – Ayaks.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid