O‘zbekiston | 10:02 / 16.02.2022
8108
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov JST rahbari bilan O‘zbekistonning tashkilotga kirishini muhokama qildi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Suhbatda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni hozirgi holati, shuningdek, muzokaralarni faollashtirish yuzasidan tashkilot kotibiyati bilan birgalikda ishlab chiqilgan hamda 2022 yilga mo‘ljallangan yangi “Yo‘l xaritasi”da ushbu yo‘nalishda belgilangan tadbirlarni ilgari surish bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining bo‘lajak 5-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish muzokaralar asosiy mavzusi bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan JST kotibiyatiga mazkur yig‘ilishni o‘tkazish uchun taqdim qilingan yangi hujjatlar ustida ishlash jarayoni, shuningdek, mazmunga doir va tashkiliy xarakterdagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

JST rahbariyati tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan hal etish uchun ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga sodiqligini bildirdi. Shu o‘rinda, N.Okonjo-Iveala JST kotibiyatining tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar olib borishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan masalalar hal qilinishini tezlashtirish maqsadida yaqin va muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid