O‘zbekiston | 16:32 / 19.02.2022
19143
7 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari ichki ishlar xodimlarini videoga olib tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini aytdi. G‘iyosov izoh berdi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishini aytdi. Vazirlik axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov Kun.uz'ga hali bu borada hujjat qabul qilinmagani, loyiha tayyor bo‘lgach jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

 Bekmurod Abdullayev, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari. Foto: Kun.uz

“Ichki ishlar idoralari xodimlariga qarshilik ko‘rsatish yoki ularni videotasvirga olib internet tarmoqlarida tarqatish masalasida kuni kecha prezidentimiz ichki ishlar xodimlarining ijtimoiy himoyasini takomillashtirish bo‘yicha 118-sonli qarorni imzoladilar. Ushbu qarorda aynan xizmat vazifasini bajarish jarayonidagi xodimlarni videotasvirga olgandan so‘ng uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishga nisbatan ham ma’muriy javobgarlik belgilanadi”, deb aytgan Bekmurod Abdullayev UzNews.uz nashriga bergan intervyusida.

Vazir o‘rinbosari tilga olgan 118-sonli prezident qarorini O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz sayti) va normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilib boriladigan boshqa platformalarda hujjatlardan topishning imkoni bo‘lmadi.

Kun.uz vazir o‘rinbosarining muhokamalarga sabab bo‘layotgan so‘zlari yuzasidan vazirlik axborot xizmati rahbaridan izoh oldi.

Shohrux G‘iyosov, Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi. Foto: Kun.uz

“Xodimlarni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlik uchun hali ma’muriy javobgarlik belgilangani yo‘q. Davlat rahbari tomonidan imzolangan 118-sonli qarorda shu haqda vazifa yuklatilgan.

Prezident selektorida ham ushbu masala ko‘tarilgandi. Davlat rahbari qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha vazirimizga topshiriq berganlar. Ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hamma bu borada o‘zining fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi”, deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish muammosiga e’tibor qaratib, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish kerakligini aytgandi.

11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi. Foto: Prezident matbuot xizmati

“Erkinlikni suiiste’mol qiladiganlar ko‘payib ketdi. Ayniqsa, avtoblogerlar misolida aytadigan bo‘lsam, xodimlarni obro‘sizlantirishni odatga aylantirib olishdi. Bizga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, ular YHXX xodimlari bilan janjal, tortishuv aks etgan videolarni yuborganlarga 100 ming so‘mdan besh yuz ming so‘mgacha to‘lashmoqda. Maqsad aniq – “prosmotr”lar sonini ko‘paytirish.

Buni hech qanaqasiga jamoatchilik nazorati deb bo‘lmaydi. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ichki ishlar tizimini obro‘sizlantirish hisoblanadi. Garchi,qonun hamda vakolatlaridan chetga chiqmay ishlayotgan bo‘lsa-da, videolari montaj qilingan holda tarqab ketayotgani YHXX xodimlarining kayfiyatiga, ishchanligiga ta’sir qilayotganini ko‘rib-bilib turibmiz”, deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ichki ishlar xodimlari ishtirokidagi videolardan fotokollaj. Foto: Kun.uz

Eslatib o‘tish kerakki, Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov 2020 yilning 15 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar xodimlari ishiga xalaqit bermagan holda tasvirga olish va xohlagan platformaga videoni qo‘yish mumkinligini ta’kidlagandi.

“Biz ichki ishlar organlari — davlat xizmatchisimiz. Davlat xizmatchisini xohlagan odam, xohlagan vaqtda tasvirga olishi mumkin va xohlagan platformaga ushbu videoni qo‘yishi mumkin. Bu hech qayerda taqiqlanmagan. Lekin bitta narsa mumkin emas va iltimos qilinadi: xodimlarning ishiga xalaqit berish kerak emas. Ichki ishlar organlari xodimlari, post-patrul va yo‘l-patrul xizmati xodimlari ishiga xalaqit bermagan holda xohlagan joyingizda va xohlagancha tasvirga olishingiz mumkin”, – deb aytgandi o‘shanda Shohrux G‘iyosov.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi ayni paytda davlat xizmatchilarini, jumladan, ichki ishlar xodimlarini videoga olish qonunan taqiqlanmagani, davlat rahbarining topshirig‘iga binoan qonunchilikka kiritiladigan o‘zgarishlarda bu borada kuzatilayotgan muammolar tartibga solinishini aytadi.

“O‘sha paytda aytgan so‘zlarim hozir ham kuchida. Ayni paytdagi qonunchilikka ko‘ra, jamoatchilik nazorati instrumenti sifatida davlat xizmatchilarini bemalol tasvirga olib, tarqatish mumkin. Bugungi kunda bu borada hech qanday muammo yo‘q. Hozir ham bu me’yor o‘z kuchida.

Vazir o‘rinbosari xodimlarni videoga olib tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkinligini aytganda “ularning ruxsatisiz” deb aytgan edi. Internetga tarqatish uchun xodimning ruxsati talab etiladi. Masalan, biz jurnalist va blogerlarga bir narsani e’lon qilishdan oldin bizdan izoh olishini, qaysidir holatni noto‘g‘ri talqin qilish orqali asossiz ma’lumot tarqatgan bo‘lib qolishlari mumkinligini, buning uchun esa javobgarlik borligini doim aytib kelamiz.

Fuqarolar ichki ishlar xodimlari bilan qandaydir nizoli vaziyat yuzaga kelganida yoxud ular xizmat vakolatidan tashqariga chiqqanida, o‘zlari uchun jarayonni videotasvirga olishlari mumkin. Hali bu jarayon endi boshlandi, bu bo‘yicha hujjat ishlab chiqilgani yo‘q. Ishlab chiqilgach, u muhokamaga qo‘yiladi. Shunda ham butunlay taqiqlash yo‘lidan borilmaydi. Ammo sohadagi mavjud muammolardan kelib chiqib xodimlarni videoga olish va tarqatish jarayoni qonun bilan tartibga solinadi”, deya ta’kidlaydi Shohrux G‘iyosov.

2021 yil 29 noyabrdagi 27-sonli prezident farmonidan skrinshot. Foto: Kun.uz

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 29 noyabrdagi 27-sonli prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasida ommaviy axborot vositalari va internet orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli davlat organlari xodimlarini obro‘sizlantirish holatlarining oldini olish va ularga barham berishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid