O‘zbekiston | 20:48 / 22.02.2022
35141
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi mitinglar sabab 14 nafar o‘zbekistonlik hibsga olingan. O‘zbekiston nota yubordi

Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida 14 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan va ular tergov izolyatorida saqlanmoqda. O‘zbekiston tomoni Qozog‘iston TIVga bu borada to‘liq ma’lumot berish hamda konsullik uchrashuvini tashkil etishni so‘rab tegishli nota yuborgan.

Foto: Tengrinews.kz

Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng O‘zbekistonning 14 nafar fuqarosi qo‘lga olingan va hamon hibsda qolmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Elvira Azimovaga asoslanib, Tengrinews xabar berdi.

«Ayni vaqtda ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olingan va tergov izolyatorlarida 18 nafar xorij fuqarosi saqlanmoqda. Ularning 14 nafari — O‘zbekiston, ikki nafari — Rossiya, qolgan ikki nafari esa Qirg‘iziston fuqarosidir», degan ombudsman.

U hibsga olinganlar saqlanayotgan yopiq muassasalar monitoringini ham e’lon qilgan. Unga ko‘ra, dastlabki kunlarda vaqtinchalik saqlash izolyatorlari va qo‘lga olinganlar yetkazilgan qo‘shimcha binolarda hibsga olinganlar ko‘pligi tufayli ichimlik suvi va oziq-ovqatdan o‘z vaqtida foydalana olmaslik holatlari bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan, keyinroq vaziyat yaxshilangan. 

O‘zbekiston TIV rasmiysi xabar berishicha, O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasi Qozog‘iston TIViga nota yuborgan.

«Ushbu xabarga oydinlik kiritish uchun O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga hibsga olingan O‘zbekiston fuqarolari, ular saqlanayotgan joylar, javobgarlikka tortilish sabablari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish hamda O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun konsullik uchrashuvini tashkil etishni so‘rab tegishli nota yubordi», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Nur-Sultondagi elchixonasi, shuningdek, Olma-ota va Aqtau shaharlaridagi Bosh konsulxonalar Qozog‘iston huquq-tartibot idoralarining joylardagi vakillari bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani qayd etilgan.

Mavzuga oid