Jahon | 14:42 / 27.02.2022
25864
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Rossiya bilan Belarusda muzokara o‘tkazmasligini ma’lum qildi

Kreml Rossiya tashqi ishlar vazirligi, mudofaa vazirligi va prezident administratsiya vakillaridan iborat guruh Ukraina bilan muzokara o‘tkazish uchun Belarusning Gomel shahriga yetib borganini ma’lum qildi. Delegatsiyaga Putinning yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qilmoqda.

Foto: AP

Rus delegatsiyasi rahbarining aytishicha, ular Kiyev tomoni muzokaraga kelishini Moskva vaqti bilan soat 15:00 gacha kutadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa mamlakat Rossiya bilan Belarusda muzokara o‘tkazmasligini aytdi. Uning fikricha, Belarus urushda Rossiyani qo‘llamoqda va neytral hudud hisoblanmaydi.

Ukraina prezidentining matbuot kotibi Sergey Nikiforov Kiyev nega Belarusda muzokaraga bormasligini izohladi. Uning aytishicha, Rossiya muzokaradan avval Ukraina armiyasi qurolni tashlab, taslim bo‘lishini talab qilgan.

«Rossiya tomoni Gomelga muzokara uchun borganini aytdi, ammo Ukraina vakillari u yerga bormaydi. Ha, bu borada muzokara olib borilgandi, ammo oxirgi daqiqalarda rossiyalik muzokarachilar avval Ukraina armiyasi qurolni tashlab, taslim bo‘lishi kerakligini talab qilishdi. Bu talab rad etildi», dedi Zelenskiyning vakili.

Nikiforovning aytishicha, Ukraina boshqa neytral hududlarda uchrashishga tayyor. «Ukrainaning pozitsiyasi o‘zgarmas, biz har qanday neytral hududda uchrashishga tayyormiz: Boku, Istanbul, Varshava, Vena. O‘zingiz tanlang, biz Rossiyaga o‘z askarlari jonini saqlab qolish uchun qanchalik tez muzokara stoliga o‘tirishi kerakligini taklif qilamiz», dedi Zelenskiy matbuot kotibi.

Avvalroq Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov Rossiya Minskda uchrashishni taklif qilgach, Putin qo‘shinlarga Ukrainaga harakatlanishni to‘xtatishga buyruq berganini aytgandi. Peskovga ko‘ra, Kiyev Minskdagi muzokaralarni rad etgach, 26 fevral kuni Rossiya armiyasining harakatlari qayta tiklangan. Ukraina tomoni esa ruslar hujumni to‘xtatmaganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid