O‘zbekiston | 18:31 / 28.02.2022
16882
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda taniqli sport murabbiyi Elbek Rahimovning o‘ldirilishiga aloqador shaxslardan biri Qozog‘istondan ushlab kelingani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda qashqadaryolik taniqli sport murabbiyi Elbek Rahimovning o‘ldirilishiga aloqador shaxs Qozog‘istondan ushlab kelingani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz viloyat IIB axborot xizmatidan xabar yuzasidan izoh oldi.

Foto: Viloyat IIB axborot xizmati

Viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, 127-moddasi 3-qismi, 277-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgani uchun Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan qidiruvda bo‘lgan, Qarshi shahar «Qarshi» MFYda yashovchi Sh.B. IIV JQBB xodimlari tomonidan Qozog‘iston Respublikasining Almati shahri hududidan ushlangan.

Viloyat IIB axborot xizmati mazkur shaxsning Elbek Rahimov o‘limi bo‘yicha ayblanayotganini rad etmadi va hozirda viloyat prokuraturasi tergovchilari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 17 avgust kuni Qarshi shahrida sport murabbiyi Elbek Rahimovni bir guruh shaxslar odamlar ko‘z o‘ngida kaltaklab, mashinaga solib olib ketishgan. Keyinroq murabbiyning jasadi topilgan. 7 nafar gumondorga qarshi jinoiy ish ochilgan, 6 kishi ushlangan.

2022 yil 6 yanvar kuni Elbek Rahimovning o‘ldirilgani yuzasidan sud boshlangan. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jami 26 nafar shaxsga ayblov e’lon qilingan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid