Jahon | 18:43 / 14.03.2022
14804
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda naqd valutani mamlakatdan olib chiqishga cheklov o‘rnatildi

Mamlakat milliy banki tomonidan chiqarilgan sof quyma oltin va oltin hamda kumushdan tayyorlangan investitsion tangalar, og‘irligi 100 grammdan ortiq bo‘lgan sof oltinni olib chiqib ketish ham taqiqlandi.

Foto. Kartinken.net

Qozog‘iston Respublikasi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Qozog‘iston Respublikasi moliyaviy barqarorligini ta’minlash choralari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

To‘qayevning farmoniga binoan, Qozog‘iston Respublikasi milliy manfaatlarini himoyalash va mamlakat moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida Qozog‘iston Respublikasi hududidan quyidagilarni olib chiqish taqiqlanmoqda:

  • 1. 10 ming AQSh dollaridan oshgan naqd xorijiy valuta va (yoki) Olib chiqish kunida Qozog‘iston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha hisoblanganda 10 ming AQSh dollari ekvivalentidan ziyod bo‘lgan xorijiy valutadagi pul mablag‘lari;
  • 2. Affinirlangan oltindan 5, 10, 20, 50 va 100 grammlik yombilar va Qozog‘iston milliy banki tomonidan chiqarilgan oltindan tayyorlangan ALTYN BARYS va kumushdan tayyorlangan KÚMIS BARYS investitsiya tangalari, shuningdek 100 grammdan ortiq affinirlangan oltin.

«Milliy manfaatlarni himoya qilish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Qozog‘iston Respublikasidan ekvivalenti 10 ming dollardan ortiq bo‘lgan naqd xorijiy valutani olib chiqib ketish taqiqlanadi», deyiladi hujjatda.

Farmon rasman e’lon qilingan kun, ya’ni bugun — 14 martdan kuchga kirgan.

Ilgari Qozog‘iston Markaziy banki mamlakatga naqd valuta yetkazish murakkab geosiyosiy vaziyat va aholining talabi oshgani sababli qiyinlashganini xabar bergan edi.

Mavzuga oid