Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi vaziyat: Mariupolning so‘nggi himoyachilari taslim bo‘lmoqchi emas
Xorijlik jurnalistlar Mariupolning rossiyalik harbiylar tomonidan shu kunlarda ishg‘ol qilingan yana bir necha kvartallariga kirishdi va vayronaga aylangan binolar hamda ko‘chalarda yotgan jasadlarga guvoh bo‘lishdi; Ukraina hukumati Rossiya shaharda qolgan aholini filtrlayotgani haqida xabar bergan.
Mariupolda nimalar bo‘lmoqda?
So‘nggi kunlarda strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu shahar uchun hal qiluvchi janglar bo‘lib o‘tmoqda. Bu shaharning egallanishi Rossiya uchun Ukraina janubi va Donbassni bog‘lash imkonini beradi.
14 aprel kuni «Azov» polki qo‘mondoni o‘rinbosari Svyatoslav Palamar Mariupol qamalini yorib o‘tishning imkoni borligi, ammo jangchilar mamlakat harbiy-siyosiy rahbariyatining qarorini kutayotganini ma’lum qildi.
15 aprel kuni «Ukrainskaya pravda» nashri shahar himoyasidagi dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondoni Sergey Volinning shaharni «yoki shoshilinch harbiy amaliyot o‘tkazish yoki siyosiy qaror orqali qutqarish mumkinligi» to‘g‘risidagi so‘zlarini keltirdi. U shaharni qamaldan ozod etish uchun «juda yaqin muddat ichida, tajribali qo‘mondonlar va zarur vositalarni jalb etgan holda» amaliyot o‘tkazish lozimligini aytgandi. Shu bilan birga, Volin himoyachilar taslim bo‘lmoqchi emasligini ta’kidlagan.
15 aprel kuni RF mudofaa vazirligi Mariupolda Ilich nomidagi metallurgiya kombinati rossiyalik harbiylar nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. 16 aprel kuni Reuters agentligi muxbirlari mazkur hududda bo‘lishdi. Bunga qadar bu yerda shiddatli janglar kechgan, ukrainalik harbiylar yerosti tunnellari va bunkerlarda yashiringan holda Rossiya armiyasining hujumlarini qaytarayotgandi.
Agentlikning qayd etishicha, zavod xarobaga aylangan: uning o‘rnida faqat metall va beton uyumlari qolgan. Ko‘chalarda esa jasadlar yotganini ko‘rish mumkin, ulardan kamida bir nafari ayol kishi. Bu odamlar qanday o‘lim topgani bo‘yicha ma’lumot berilmagan.
Mariupol meri maslahatchisi Petr Andryushchenko telegram-kanalida Rossiya kuchlari 18 apreldan shahar aholisi Mariupoldan chiqishi va shaharga kirishini taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. BBC muxbiri bilan gaplashgan mer o‘rinbosari Sergey Orlov esa bunday rejim bir necha kundan buyon amalda ekanini qayd etgan. Tumanlar orasidagi harakatni cheklovchi nazorat punktlari paydo bo‘lgan.

Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Lyudmila Denisova ham Rossiyani shaharda qolgan erkaklarni «filtrlash»ni rejalashtirganlikda aybladi.
«Rossiyalik bosqinchilarning filtrlash lagerlarida mariupollik erkaklar so‘roq, telefonlarni va tanani tekshirish ishlaridan keyin guruhlarga ajratiladi va qo‘shimcha so‘roqlar o‘tkaziladi va qo‘rqitiladi», deya yozgan u.
Denisovaning qo‘shimcha qilishicha, filtrlash jarayonidan o‘ta olmagan erkaklar Dokuchayevsk va Donetskka olib ketiladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya harbiylari shaharda qolgan aholiga shahar bo‘ylab harakatlanish uchun ruxsatnomalar beryapti. Rossiyalik harbiylar shu yo‘l bilan shaharda qolgan aholi haqida ma’lumot yig‘ayotgani taxmin qilingan.
Rossiyaning qabul qilinmagan ultimatumi
Shahar mudofaachilarining asosiy qismi Azov dengizi bo‘yidagi «Azovstal» zavodida joylashgan «Azov» polki harbiylaridir. Shanba kuni kechqurun rossiyalik harbiylar bu harbiylarga ham taslim bo‘lishni taklif qildi. Kelishuv ro‘y bergan taqdirda, 17 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 06:00dan «to‘liq sukunat» rejimi o‘rnatilishi aytildi.
«Azovstal» metallurgiya kombinatida yuzaga kelgan halokatli vaziyat, shuningdek sof insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda, Rossiya qurolli kuchlari natsionalistik batalonlar va xorijlik yollanma kuchlarga 17 aprel kuni soat 06:00dan har qanday harbiy harakatlarni to‘xtatib, qurollarni tashlashni taklif qilamiz. Qurollarni tashlaganlarning barchasining hayoti saqlab qolinishi kafolatlanadi», degan Rossiya mudofaa nazorati milliy markazi boshlig‘i Mixail Mizinsev.
Bu shoshilinch bayonot «Azovstal»da joylashgan bo‘linmalarga 30 daqiqalik oraliq bilan radiokanallar orqali doimiy ravishda yetkazib turilgan. Mizensev soat 6:00da «Azovstal» bo‘ylab oq bayroqlar ko‘tarilishi orqali «sukunat rejimi» boshlanishi mumkinligini qayd etgan.
«Soat 6:00dan soat 13:00gacha - hech qanday istisnolarsiz Ukrainaning qurolli bo‘linmalari va xorijiy yollanmalar qurol va o‘q-dorilarni tashlagan holda chiqishi mumkin», deya qo‘shimcha qilgan general.
So‘nggi kunlarda shahar himoyasidagi 36-dengiz piyodalari brigadasi harbiylari qurshovni yorib chiqishga harakat qilgani, ularning bir qismi halok bo‘lib, bir qismi «Azov» polkiga qo‘shilgani, yana bir qismi asirga olingani haqida xabarlar berildi. DXR ayirmachilari mingdan ortiq ukrain harbiysi asir tushganini ma’lum qilgan, Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich asir tushganlar borligini tasdiqladi, ammo bu Rossiya tomoni aytayotgan raqamlardan ancha kamligini ta’kidladi.

«Azov» polki esa taslim bo‘lishni istamayapti.
«Taslim bo‘lish imkonsiz», deya ukrainalik harbiylardan birining so‘zlarini keltiradi The Time jurnalisti Saymon Shuster.
«Men Mariupolning so‘nggi himoyachilaridan biri bilan gaplashdim. U yaralangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buchadagi ishlardan keyin «taslim bo‘lish imkonsiz». U o‘z otryadi missiyani bajarganini his qilmoqda. Ular Rossiyaning shu qadar ko‘p kuchini band qilishdiki, bu boshqa shaharlarga omon qolish imkonini berdi», deya yozgan Shuster.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ABC uchun bergan intervyusida ayni vaqtda qamalda qolayotgan Mariupol himoyasidagi Ukraina armiyasi kapitulyatsiyaga rozi bo‘lmaganini tasdiqladi.
«Shahar hali taslim bo‘lmadi», degan Shmigal va ukrain harbiylari hamon Mariupolning ayrim qismlarini nazorat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbari Denis Pushilin Mariupolda qolgan himoyachilar «yakson etilishi»ni aytgan.
«Aytaylik, muntazam armiya, dengiz piyodalari - taslim bo‘lishga tayyor bo‘lganlar taslim bo‘lishdi. Natsionalistlar esa, ya’ni [Mariupoldagi] natsbatalon harbiylari, aftidan, taslim bo‘lmoqchi emas, shuning uchun ular yo‘q qilinishga mahkum», dedi Pushilin «Rossiya 24» efirida.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunga javoban, voqealarning bunday rivoji Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga nuqta qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Bizning harbiylarimiz, bizning yigitlar yo‘q qilinishi har qanday formatdagi muzokaralarga nuqta qo‘yishi mumkin. Agar ular chindan ham urushni to‘xtatishni istashlari haqida gapirayotgan bo‘lishsa, men bu ularning katta xatosi bo‘ladi deb hisoblayman. Chunki biz hududlarimiz va odamlarimiz bilan savdolashmaymiz», degan u internet nashrlar uchun bergan intervyusida.
Mariupol uchun janglar 25 fevral kuni, Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganining ikkinchi kuni boshlangandi. 1 mart kuni shahar barcha tomondan o‘rab olindi, shu vaqtga qadar ukrain armiyasi qurshov holatida jang olib bormoqda.
18 aprel holatiga ko‘ra, Mariupolning katta qismi rossiyalik harbiylar va DXR harbiy bo‘linmalari tomonidan egallangan. Ukraina qurolli kuchlari hamon port rayoni va «Azovstal» zavodini saqlab turibdi.
Janglar davom etmoqda, G‘arbdagi ekspertlar va Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, RF armiyasi harbiy xizmatchilarining katta guruhi ushbu shaharni egallash uchun jalb etilgan, bu guruh shu shahar tufayli Lugansk va Donetsk oblastlarini to‘liq egallash uchun amaliyotga qo‘shila olmaydi.
Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, «Azovstal»da joylashgan ukrainalik harbiylar soni 2,5 ming kishi atrofida.
Zelenskiy Ukraina nashrlariga bergan intervyusida Mariupolni faqat Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berilishi yoki muzokaralar qutqarishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, u Rossiya tomoniga ishonch yo‘qligi tufayli ikkinchi variantning ehtimoli pastligini qayd etgan.
«Mariupolni nima qutqarishi mumkin? Bu imkon qadar tez fursatlarda yetkazilishi kerak bo‘lgan kuchli qurollar. Ikkinchisi - muzokaralar masalasi. Yaralanganlarni olib chiqish uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga erishish zarur. Ammo bu faqat Rossiyaning xohishiga bog‘liq. Ular biznikilarga taslim bo‘lishni taklif etishmoqda. Ular u yerdagi odamlarga turlicha yondashishmoqda. Va siz buni oldindan bilasiz. Ular nafratlanadigan harbiylar ham bor va ularning hayoti saqlab qolinishiga kafolat yo‘q. Ha, ikkinchi Ilovaysk bo‘lishi mumkin», degan Zelenskiy.
(Zelenskiy 2014 yilda ro‘y bergan va tarixga «Ilovaysk qurshovi» nomi bilan kirgan voqeani nazarda tutgan. O‘shanda Donetsk oblasti uchun janglar vaqtida 360 nafardan ortiq ukrainalik harbiy o‘ldirilgandi. Kiyevdagilarning talqiniga ko‘ra, rossiyaparast tuzilmalar va RF armiyasi ukrain harbiylariga shahardan chiqish uchun xavfsiz yo‘lak taklif etgan, ammo ular bunga ishonib chiqa boshlaganida kolonna o‘qqa tutilgan).
Endi rossiyalik harbiylar «Azovstal»ni barcha qurollaridan o‘qqa tutishmoqda va bomba tashlashmoqda.
Xavfsizlik sohasidagi Sybilline konsalting kompaniyasi harbiy eksperti Jastin Kramp BBC muxbiri bilan suhbatda shaharda 500 nafardan 800 nafargacha ukrain harbiylari qolganini taxmin qilgan.
«[Zavodda] yadro bunkerlari, tunnellar bor, bular yadroviy nizo vaqtida omon qolish uchun barpo etilgan — ular chindan ham himoyalanish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega», degan u.
«Ularda mudofaani mustahkamlash va ketish yo‘llarini qurish uchun 50 kundan ortiq vaqt bo‘ldi. Menimcha, agar ular yakson etilmasa, ular uzoq vaqt davomida o‘sha yerda qola olishadi. Partizan qarshiligi bo‘lishi ehtimoli yuqori», — deya qo‘shimcha qilgan Kramp.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025