Jamiyat | 15:36 / 19.04.2022
36145
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘qi” deyishdan ko‘ra, nega o‘qish kerakligini tushuntirgan yaxshiroq” - nanoyo‘ldosh yig‘uvchi 16 yoshli qiz

O‘zbekiston ham albatta qachondir o‘z sun’iy yo‘ldoshi va raketasini uchiradigan darajaga ko‘tarilishi kerak, deydi Go‘zalxon Haydarova. U yaqinda Qozog‘istonda o‘tgan UniSat xalqaro ta’lim dasturida stratosferaga nanoyo‘ldosh uchirishda ishtirok etdi.

Foto: KUN.UZ

Namangan shahridagi Prezident maktabining 10-sinfida o‘qiyotgan Go‘zalxon Haydarova 3 yil oldin shahardagi 5-DIMIda o‘qirdi. 5-sinfgacha rus maktabida tahsil olgan Go‘zal aniq fanlarni a’lo baholarga o‘qigan. 2019 yilda Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilingach, fizika va informatika fanlarini yana ham chuqurroq o‘rgana boshlaydi.

Aniq fanlar yo‘nalishida o‘tkaziladigan xalqaro Vanda olimpiadasida oltin, American Math Olympiad (AMO) va American Mathematics Competition (AMC) olimpiadalarida kumush medallarni qo‘lga kiritgan.

“Aniq fanlar ortidan, aerokosmik tadqiqotlarga qiziqishim boshlandi. Ayniqsa aerokosmik muhandislik men uchun juda qiziqarli olam. Keyin shu sohani o‘rganishni boshlashdim”, – deydi u.

Almati, Al-Farobiy universiteti, nanoyo‘ldosh yig‘ish jarayoni

Nano sun’iy yo‘ldoshni uchirishda ishtirok etgani haqida

Qahramonimiz YUNISEF, Tech4Impact va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishga tushirilgan UniSet xalqaro ta’lim dasturida ishtirok etgan.

Bu dasturda 4 oy davomida dasturlash, muhandislik, ma’lumotlarni tahlil qilish, dizaynerlik, nanoyo‘ldoshni yig‘ish, jamoada ishlash va loyihalarni boshqarish ko‘nikmalari o‘rgatilgan. Yakunda stratosferaga nano sun’iy yo‘ldoshni uchirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Va Almatidagi Al-Farobiy universitetida bu tajribani amalga oshirishda ishtirok etgan.

“Nanoyo‘ldoshni samoga olib chiqish uchun, – deydi Go‘zalxon, – raketa kerak. Qozog‘istonda nanoyo‘ldosh uchirganimizda uni SpaceX raketasi yordamida samoga olib chiqdik. Buning uchun SpaceX’ga 70 ming dollar to‘langan. Biz o‘zimiz 8 may kuni O‘zbekistondan turib stratosferaga nanoyo‘ldosh uchirmoqchimiz. Lekin bu tajriba maqsadida bo‘ladi”.

 Almati, Al-Farobiy universiteti, nanoyo‘ldosh yig‘ish jarayoni

U xuddi shu nanoyo‘ldoshni ochiq samoga, stratosferadan yuqoriga ham uchirsa, Yerni kuzatib, iqlim, havoning ifloslanganlik darajasi kabi turli ma’lumotlarni olish va hatto buni boshqalarga sotish ham mumkinligini aytadi. Buning uchun nanoyo‘ldosh raketaga o‘rnatilib, ochiq samoga olib chiqilishi kerak. Lekin O‘zbekistonda hali bunday imkoniyat yo‘q.

Almati, nanoyo‘ldosh uchirish jarayoni

“Dunyoni quruvchilardan biri bo‘lmoqchiman”

Go‘zal aerokosmik muhandis bo‘lmoqchi. Uning kasb tanlash borasida o‘z tasavvurlari bor. U inson kasb tanlashda odamlar keyinchalik uni qanday nom bilan eslashi, odamlar yodida qanday nom bilan qolishni istashi haqida o‘ziga savol berishi kerak deb hisoblaydi.

“Inson bir necha yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘radi. Shu narsani qilishga men hayotim davomida tayyormanmi, keyinchalik bu ishdan o‘zim zerikib qolmaymanmi, ertalab ishga borganda, nima uchun boryapman emas, o‘zimni sevimli ishimni qilish uchun boryapman, deb uyg‘ona olmanmi deb o‘ylashi kerak”, – deydi u.

Almati, nanoyo‘ldosh uchirish jarayoni

Go‘zal hayotni muhandislar quradi deb hisoblaydi. U ham “dunyoni quruvchilardan biri” bo‘lmoqchi.

Go‘zal yaqinda “TechGirl’22” dasturida yutib chiqqan. Dastur AQShning Virginia Tech universitetida qizlarni muhandislik bo‘yicha 1 oylik kurslarda o‘qitadi. Bu uning aerokosmik muhandislik yo‘nalishidagi bilimlari kengayishiga yordam beradi.

“Ota qizi uchun mukammal model bo‘lib xizmat qiladi”

Go‘zalning eng katta motivatori – otasi. U odam onasidan butun kuch-quvvatni olsa, ota farzandlari uchun hayotdagi mukammal model bo‘lib xizmat qiladi, degan fikrda.

“Men aerokosmik muhandislikka qiziqishimni aytganimda ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashgan. To‘g‘ri, aerokosmik sohada O‘zbekistonda tadqiqotlar deyarli yo‘q. Bu soha men uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin O‘zbekiston ham qachondir yo‘ldosh, raketa uchirishi kerak. Biz qachongacha boshqalarning sun’iy yo‘ldoshidan foydalanamiz. O‘zimizniki ham bo‘lishi kerak”, – deydi Go‘zal.

Almati, nanoyo‘ldosh uchirish jarayoni

“Ko‘pchilik tengdoshlarim nimaga o‘qiyotganini bilmaydi…”

Go‘zalxon Prezident maktabidagi sharoitlar xalq ta’limi maktablarida ham bo‘lishini juda xohlaydi. U aytadiki, aslida xalq ta’limi maktablarida ham iqtidorsiz o‘quvchining o‘zi yo‘q. Lekin 1ta sinfda shunchalar ko‘p o‘quvchi o‘tiradiki, o‘qituvchi 45 daqiqani ularga qanday taqsimlashni bilmaydi.

“Masalan Prezident maktabida biz 12 kishi bo‘lsak, oddiy maktablarda 30-40 nafargacha o‘quvchi o‘qiydi. Bundan tashqari, ularda amaliy mashg‘ulotlar ham kam olib boriladi”, – deydi u.

Go‘zalning fikricha, oddiy maktablarda o‘quvchi matematika o‘qisa, biologiya o‘qimaydi. Lekin ularga yaxshi sharoit yaratib berilsa, hamma fanni yaxshi o‘zlashtirish mumkin. Prezident maktablarida esa hamma fanlarni ham qiziqib, ham tushunib o‘qish uchun imkoniyat bor.

“Xalq ta’limi maktablarida, – deydi u, – shunaqa stereotip bor, aniq fanlarni o‘qidingizmi, ijtimoiy fanlar siz uchun emas deb tushuniladi. Bolaga o‘qi, o‘qi deyishdan ko‘ra, nima uchun o‘qishi kerakligini tushuntirish kerak. Shunda u hamma fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga harakat qiladi. Ko‘pchilik tengdoshlarim o‘zi nimaga o‘qiyotganini ham bilmaydi. Shunday ekan, ertalab uyg‘onib maktabga borish kimga yoqadi?”

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid