O‘zbekiston | 12:41 / 29.04.2022
1864
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda soliq to‘lovchilarning budjetdan qarzi 140 mlrd so‘mdan oshdi

Xorazm viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Hurmat Abdukarimov Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashida hisobot berdi.

Foto: KUN.UZ

Qayd qilinishicha, 2022 yilning 1-choragi uchun budjetga belgilangan 497,6 mlrd so‘mlik reja ko‘rsatkich 559,4 mlrd so‘mga yoki 113 foizga bajarilib, 62,3 mlrd so‘m qo‘shimcha undirilgan.

1134 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinib, 308,3 mln so‘m daromad solig‘i va 324,4 mln so‘m ijtimoiy soliq hisoblangan. 1203 nafar tadbirkor faoliyati qayta tiklanib, ularga 156 mln so‘m daromad solig‘i va 191,8 mln so‘m ijtimoiy soliq hisoblanib, davlat budjetiga undirilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining uzluksiz ishlashi uchun aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘idan 41 ta holatda 28,2 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov summalari hisob-raqamlariga qaytarib berilgan.

2022 yilning 1 aprel holatiga viloyatdagi soliq to‘lovchilarning budjetdan qarzi 140,8 mlrd so‘mga yetgan. 

1-chorak mobaynida soliq organi qarorlariga asosan qarzdor 709 ta korxonaning 24 mlrd so‘mlik mol-mulki xatlangan va 7,2 mlrd so‘m soliq qarzi undirib olingan.

Majburiy undiruv choralari natijasidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan 1012 ta korxona-tashkilotning 63,3 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligini ularning mol-mulki hisobidan undirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan va 7,6 mlrd so‘m qarz undirigan. 

Shuningdek, undirilishi umidsiz bo‘lgan 112 ta korxona-tashkilotlarning 21,3 mlrd so‘m soliq qarzi bo‘yicha bankrot deb topish yuzasidan sudlarga ariza kiritilgan.

Mavzuga oid