O‘zbekiston | 15:15 / 10.05.2022
17479
7 daqiqa o‘qiladi

Buxoro muhandislik-texnologiya institutida 4 mlrd so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi institutda o‘tkazgan o‘rganishlar davomida moliyaviy hujjatlar qonunchilikka zidligi, budjet mablag‘lari noqonuniy sarflanishi, ish haqi va stipendiya to‘lovlari noto‘g‘ri to‘langani hamda davlat xaridlarida qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, institut rektori N.Barakayev xodimlarni ishga olishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yayotganligiga doir murojaatga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi e’tibor qilmagan.

Foto: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘ziga kelib tushgan murojaat asosida Buxoro muhandislik-texnologiya institutida o‘tkazilgan korrupsogen holatlar yuzasidan o‘rganish bo‘yicha natijalarni ma’lum qildi.

Xususan, davlat xaridlari bo‘yicha:

  • Institutning 2-korpusi fasad qismini kapital ta’mirlash bo‘yicha e’lon berilmasdan, tanlovlarsiz 1,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ridan to‘g‘ri «Fast Quality Building» MChJga shartnomasiz berib yuborilgan. Ushbu tashkilot Sog‘lomlashtirish markazida 303,9 mln so‘mlik noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan.
  • Institut 1-binosining 5-qavatida «Vobkent San-tex stop montaj servis» MChJ tomonidan amalga oshirilgan 2,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari yakunlangan. Biroq tugallangan ishlar komissiya tomonidan qabul qilinmagan va uning kafolat muddati tugamagan bo‘lsa-da, pudratchiga 91,5 mln so‘m mablag‘ oldindan to‘lab berilgan.

Mablag‘larning ortiqcha sarflanishi bo‘yicha:

  • Mas’ullar tomonidan 18 nafar magistrant va 7 nafar talabaning imtihonda olgan «4» baholari qaydnomalarga ko‘chirilishida «5» bahoga o‘zgartirilganligi natijasida 14,7 mln so‘mdan ziyod stipendiyalar ortiqcha to‘langanligi aniqlandi.
  • Assistent-o‘qituvchilarga 71 ta holatda katta o‘qituvchi lavozimiga belgilangan jami 50,5 mln so‘mlik ortiqcha ish haqi to‘langan.

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha:

  • 0,50 hissa tashqi o‘rindoshlik asosida ishlovchi kafedra professori X.Kamilova tekshiruv kuniga qadar ishga kelmagan bo‘lsa-da, unga yanvar oyida 4,3 mln so‘mlik ish haqi hisoblanib, majburiy ushlanmalar saqlangan holda 3,7 mln so‘m to‘lab berilgan.
  • 0,50 hissa professor lavozimida ishlovchi R.Gulyayev o‘quv yili yuklama jadvalida qayd etilmagan bo‘lsa ham, unga tabel to‘ldirilib,
  • 2021 yil sentabr oyidan 2022 yil fevral oyiga qadar 18,3 mln so‘m ish haqi hisoblangan, majburiy saqlanmalar ushlangandan so‘ng 15,9 mln so‘m ish haqi to‘langan.
  • Tashqi o‘rindoshlik asosida ishlovchi sirtqi bo‘lim uslubchisi Umida Sharipova hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti xodimi Anvar Jo‘rayevlarning asosiy ish joyidan ma’lumotnoma olinmagan. Dilorom Ergasheva bandlikka ko‘maklashish markazi yo‘llanmasisiz dispetcher lavozimiga qabul qilingan. Dosent lavozimida ishlovchi institutning akademik litseyi direktori Eminjon Halimov asosiy ish joyida 126,6 soat ishda bo‘lmagan.

Qarindosh-urug‘chilik aloqalari borasida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi bo‘yicha:

  • «Mashinasozlik texnologiyasi» kafedrasi mudiri Nasrullo O‘rinovning qo‘l ostida uning turmush o‘rtog‘i Muhabbat Saidova katta o‘qituvchi, akasi Abdullo O‘rinovning o‘g‘li Uyg‘un O‘rinov dotsent lavozimida, shuningdek, «Menejment» kafedrasi mudiri Sherbek Hayitovning qo‘l ostida turmush o‘rtog‘i Shahlo Primova va singlisi Iroda Hayitovalar o‘qituvchi-stajyor lavozimida ishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.
  • Bundan tashqari, institutdagi 34 nafar tyutorlarning 20 nafari yoshlar bilan ishlashda yetarli tajriba orttirmagan hamda yetarli pedagogik stajga ega emas. 29 nafar xodim katta o‘qituvchi lavozimiga noqonuniy qabul qilingan.

Tabaqalashtirilgan to‘lov, ta’lim dasturlari hamda stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilish bo‘yicha:

  • Davlat test markazi xulosasiga ko‘ra, 67 nafar abituriyentning tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktlari miqdori buyruqlarda belgilanmagan.
  • O‘rganishda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan 19 nafar abituriyentning ikkinchi bosqich bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etishlari uchun tanlagan ta’lim yo‘nalishlari va o‘qishga qabul qilishda buyruq bilan belgilangan ta’lim yo‘nalishlari bir-biriga mos kelmasligi aniqlandi.
  • «Buxgalteriya hisobi va audit» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovida ishtirok etgan 5 nafar abituriyent «Dasturiy injiniring» ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan.
  • Shu bilan birgalikda stajyor-tadqiqotchilikka o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida e’lon berilmagan. Elektron tizim orqali hujjat topshirmagan fuqarolar to‘g‘ridan to‘g‘ri arizalari asosida stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilingan, ularning arizalari qayd kitobidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Institutda texnik xodimlarni ishga olish tartibi belgilanmagan.

Bundan tashqari, institut rektori N.Barakayev institutga xodimlarni ishga olishda tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yayotganligi, jumladan, o‘zining yaqin va uzoq qarindoshlarini ishga olib, ularga ustama belgilashda ijtimoiy adolat mezonlarini buzayotganligi bo‘yicha institut xodimlari tomonidan Agentlikka murojaatlar kelib tushgan.

«Ushbu murojaatlarda N.Barakayev turmush o‘rtog‘i Nodira Ibrohimovani katta o‘qituvchi, opasining qizi Rayhon Valiyevani 1,5 hissa ish yurituvchi va dispetcher, qaynsinglisining qizi Umida Sharipovani sirtqi bo‘lim uslubchisi va bojasi Ilhom Bafoyevni bosh auditor lavozimiga ishga olganligi, shuningdek, I.Bafoyevga 200 foiz miqdorida ish haqiga ustama belgilab kelganligi bayon etilgan edi.

Agentlik tomonidan mazkur murojaatlar taalluqliligi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuborilgan bo‘lishiga qaramay, o‘rganish kuniga qadar bu masalalar o‘z yechimini topmagan. Natijada ushbu holatlar ariza mualliflarining haqli e’tirozlariga hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi agentlik bayonotida.

Murojaat asosida institutda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 4 mlrd so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. To‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Mavzuga oid