Jahon | 13:59 / 06.06.2022
16531
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonliklar Konstitutsiyaga tuzatishlarni ma’qullashdi. Nazarboyev imtiyozlardan mahrum bo‘ladi, parlamentning o‘rni kuchaytiriladi 

Foto: NUR.KZ/Vladimir Tretyakov

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 5 iyun kuni o‘tkazilgan referendumda qatnashganlarning 77,18 foizi Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qullab ovoz bergan. Bu haqda Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasiga asoslanib, Nur.kz xabar tarqatdi.

Referendum ishtirokchilarining 18,66 foizi esa tuzatishlarga qarshiligini bildirgan. 2,58 foiz byulleten haqiqiy emas deb topilgan. 1,58 foiz byulleten ovozlarni hisoblash jarayonida hisobga qo‘shilmagan, ularda javob variantlarining ikkisiga ham belgi qo‘yilgan.

Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, referendumda davomat 68,06 foizni tashkil etgan. MDH davlatlaridan kelgan kuzatuvchilar referenjum davomida «arzimas» qoidabuzarliklarni qayd etishgan.

Nazarboyev merosiga zarba. Qozog‘istonda konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda

  • Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusi aprel oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan bildirilgandi. Mamlakat aholisiga Konstitutsiyaning 33 moddasidagi 56 tuzatish uchun ovoz berish taklif qilingan. Tuzatishlar matni may oyi boshida jamoatchilik uchun e’lon qilingan.
  • Konstitutsiya uchun taklif etilayotgan o‘zgarishlar Qozog‘istonni superprezidentlik respublikasidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Shuningdek, tuzatishlar mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni ko‘plab imtiyozalardan — shu jumladan «elboshi» yoki «millat yetakchisi» unvonlaridan mahrum etishga qaratilgan (Nazarboyevning o‘zi ham tuzatishlarni qo‘llab-quvvatlagan). Bundan tashqari, ular prezident qarindoshlari davlat tuzilmalarida rahbarlik lavozimlarini egallashini taqiqlash, Konstitutsion sudni tiklash, inson huquqlari bo‘yicha ombudsman maqomini mustahkamlash va o‘lim jazosini butunlay taqiqlashni nazarda tutadi.
  • 2022 yil yanvarida Qozog‘iston shaharlarida gaz narxi oshishiga qarshi namoyishlar ortidan tartibsizliklar bo‘lib o‘tgandi. Namoyishchilar va huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Namoyishlarni bostirish uchun To‘qayev KXShT kuchlarini chaqirgan, Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan chetlashtirgan, birinchi prezidentning yaqin kishilari va ko‘plab qarindoshlari rahbarlik lavozimlaridan ketkazilgan, ularning ayrimlari qamoqqa olingandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid