O‘zbekiston | 07:56 / 09.06.2022
6702
3 daqiqa o‘qiladi

Narxlarni manipulyatsiya qilish bo‘yicha 187 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi – Departament boshlig‘i

Import hisobiga aholi uchun yetkaziladigan zaruriy oziq-ovqatlar "birinchi qo‘l" tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz bozorga chiqarilmoqda.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, mahsulotlar arzon va taklif yuqori bo‘lgan hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilish, ya’ni mahsulot miqdorini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Surxondaryo viloyatidan respublika hududlariga qariyb 6 ming tonna ertaki kartoshka va 28 ming tonna yangi piyoz ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda bozorlarga yetkazib berilishi ta’minlandi.

Hozirgi vaqtda Samarqand va Toshkent viloyatlarida ertaki kartoshka yalpi hosilga kirgan bo‘lib, joriy oy 475 ming tonna hosil ichki bozorga kirib kelishi kutilmoqda. 

Hozirgi kunda shakar va o‘simlik yog‘i narxi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlari joriy etilgan bo‘lib, tovar-xomashyo birjasi orqali savdoga chiqarilishi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish borasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Masalan, muqaddam shakar birja savdolariga 1-2 ming tonna chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda aholi ehtiyojini hisobga olgan holda 3 ming tonnagacha oshirilgani aytiladi. Un va paxta yog‘ini savdoga chiqarish hajmlari ko‘paytirilgan, narxlarni sun’iy oshirgan holda bitimlar tuzish holatlari bo‘yicha iqtisodiy jarimalar miqdori oshirilgan.

Ayrim oziq-ovqat tovarlari import hisobidan qondirilishini inobatga olgan holda, yirik importyorlar tomonidan mahsulotlar mamlakatga keltirilishi qat’iy nazoratga olingan.

Bu borada imtiyozli foiz stavkalari bilan taqdim etilgan kreditlar asosida kartoshka, o‘simlik yog‘i, un va shakar xomashyosi sotib olinishi hamda mamlakatga olib kirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Ajratilgan kreditlar hisobiga jami 60 ming tonna kartoshka, 3 ming tonna go‘sht, 1,7 ming tonna o‘simlik yog‘i, ming tonna un, 12,7 ming tonna shakar keltirildi. Ushbu mahsulotlar “birinchi qo‘l” tamoyili asosida o‘rtakashlarsiz dehqon bozorlarida sotilayotgani bildirilgan.

Ta’kidlanishicha, narxlarni manipulyatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimiga putur yetkazuvchi jinoyatlarga qarshi kurashish olib borilib, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda aybdor shaxslarga nisbatan 187 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid