Jamiyat | 14:48 / 09.06.2022
52139
10 daqiqa o‘qiladi

Samarqand ko‘chasidagi yong‘in: Muammolarni yashirib turgan parda ham yondi

7 iyun kuni qoq peshinda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan ofislar va do‘konlar qatorida yong‘in sodir bo‘ldi. Zich joylashgan do‘kon va ofislarda o‘nlab odamlar ishlaydi, shu sabab yong‘in vaqtida Samarqandning o‘sha qismida bir necha daqiqa xaos hukm surdi...

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan o‘t o‘chirish xizmati mashinalari chaqiruvga binoan belgilangan vaqtda yetib kelgan bo‘lsa-da, o‘t o‘chirish mashinalarida suv darhol tugab qolishi qutqaruv xizmati xodimlariga nisbatan odamlarda turli gumon-taxminlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Shaharning qoq markazida

Kun.uz saytining Samarqanddagi ofisi ham Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi ofislar qatorida joylashgan. Ijodiy jamoa turli yong‘inlar haqidagi xabarlarni u ro‘y berib bo‘lgach borib yoritganmiz, biroq haqiqiy yong‘inni o‘z ko‘zimiz bilan ilk marta kuzatdik.

Yong‘in soat 14:00 da boshlandi. Avvaliga, internet o‘chdi, birozdan so‘ng «svet». Chunki simlar ham yonayotgandi.

Orgtexnika bilan savdo qiluvchi «Verbatim» do‘konining Davlatobod ko‘chasida joylashgan qismida boshlangan yong‘in ko‘z ochib yumguncha Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi tomlarga yopirildi. Devordarmiyon joylashgan binolardagi barcha odamlar tashqariga chiqib yurak hovuchlab o‘tirdi, ko‘pchilik yong‘in binosiga yetib borishidan xavotirga tushib, eng muhim narsalarni olib qochishga tayyorlab qo‘ydi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar uch daqiqada yetib kelgan, chunki FVV o‘t o‘chiruvchilari 2–3 km narida shay turishadi. Ko‘chaning boshidagi orgtexnika do‘koni yonayotganini ko‘rgan ko‘pchilik olov tezda o‘chiriladi, deb o‘yladi. Chunki qolgan binolar tomi yong‘in yuz berayotgan tomdan 2,5 metrcha balandroq edi. Ammo tilsiz olov shamol va simlar yordamida 2,5 metr farqni bir pasda yo‘qqa chiqarib, shiddat bilan yuqoridagi ofis tomlariga yopirildi. Atrof shunchalik tutunga burkandiki, tuman tushgandek hech narsa ko‘rinmay qoldi. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi mashinalar harakati uchun yopildi.

Bir qarashda o‘t o‘chiruvchilarning qo‘lidan hech narsa kelmayotgandek edi. O‘nga yaqin o‘t o‘chirish mashinasi kelgani bilan, ularning suvi tugagan, tutun osmonga o‘rlashda davom etardi. Keyingi qatordagi ofislar va do‘konlar bino ichidagi texnika, mebel va buyumlarini xavfsiz joyga chiqarib qo‘yishga kirisha boshlashdi (Jumladan, Kun.uz’chilar ham).

Haytovur, odamgarchilik hali yonib bitmagan ekan, ko‘chadagi tomoshabin bo‘lib turganlar ham narsalarni ko‘chirishga yordam berdi, kimdir to‘planganlarga suv va niqob tarqata boshladi. Soat millari 15:30 larni ko‘rsatib turar, yong‘in boshlanganidan bir yarim soat o‘tib bo‘lgan edi.

Yo‘q, biroz o‘tib «O‘zsuvta’minot» DUK va Obodonlashtirish boshqarmasining suv tashiladigan mashinalarida suv keltirildi va o‘t o‘chiruvchilar shiddat bilan ishga kirishdi. Ikki yarim soat deganda olov o‘chirildi.

O‘t o‘chirish mashinalari «suvsiz» keldimi?

Shahar markazida odam gavjum, binolar zich joylashgan hududdagi yong‘in uchun bu juda ko‘p vaqt. Xo‘sh, boshqalardan pastroqda joylashgan binoning tomida boshlangan yong‘in nega buncha uzoq davom etdi?

Yong‘in vaqtida yaxshigina shamol esayotgandi va u ham olov tarqalishiga yordam berib yubordi. Buning ustiga havo issiq, umumiy tomlar qoplangan «steklovata» tezda olov olib, olovni binodan binoga ko‘chirdi. O‘t o‘chiruvchilarga binolarning tekis joylashmagani, oradagi yo‘laklar tor ekani, daraxtlar zich joylashgani ham xalaqit berdi. Shu sabab yong‘in boshlangan joyida bartaraf etilmadi. Bundan tashqari, binolarning tomini ochish qiyinchilik tug‘dirdi, chunki tinimsiz chiqib turgan quyuq tutun qutqaruvchilarning ishlashiga xalaqit berayotgandi.

 

Yong‘inni bartaraf etish uchun 8 ta o‘t o‘chiruvchi mashina va yana ko‘plab FVV, Obodonlashtirish boshqarmasi texnikalari jalb etildi. 50 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi yigitlar olovni o‘chirishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Ularning harakatlariga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas, agar ular binolarning o‘rtasidagi tomni tezda ochib, olovni qurshab olishmaganda barcha tomlar, keyinroq binolarning ichi ham yonib kul bo‘lardi.

Internetda qidirib ko‘rishingiz mumkin, bunday zich binolarning tomida yong‘in sodir bo‘lsa, tezda kranli o‘t o‘chiruvchi texnika yordamida qutqaruvchilardan biri olovga tepadan suv purkaydi (mana misol). Samarqanddagi o‘t o‘chiruvchilarda esa, afsuski, bunday texnika ko‘rinmadi, xodimlar narvonda olovga burkangan uchinchi qavatdagi tomga jonini xavf ostiga qo‘yib chiqishga majbur bo‘ldi.

Ko‘pchilikda o‘t o‘chiruvchi mashinalarning suvi darhol tugab qolgani ular suvsiz kelgandek taassurot uyg‘otdi. Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot kotibi Ilhom Boqiyevning tushuntirishicha, aslida o‘t o‘chirish mashinalarining baki 2 tonnagina suv sig‘dirar ekan. Mashinalarda uchtagacha kran bo‘ladi. Ularga ulangan shlangdan soniyasiga 7 litr tezlikda suv haydaladi. Bitta mashinaning suvi uzog‘i 5 daqiqaga yetadi. Chunki o‘t o‘chirish mashinasi suv tashish emas, yong‘in joyiga zarur texnika, narvon va shlanglarni tashishga mo‘ljallangan. Ularga suvni tashib keltirish kerak yoki ularning shlanglari shu yon atrofdagi yong‘in gidrantiga ulanishi lozim.

 Afsuski, shaharning eng markaziy ko‘chasida aynan yong‘in vaqtida kerak bo‘lgan bir dona gidrant topilmadi. Ularning barchasi ko‘mib yuborilgan ekan.

Ba’zi davlatlarda gidrantlar maxsus temir qopqoq bilan yopib qo‘yiladi va uning ustiga mashinasini qo‘yib ketganlar jiddiy jarimaga tortiladi. Gidrant asfalt ostida bo‘lsa, maxsus qidiruvchi texnika uning qayerdaligini topib beradi. Qurilma ko‘rsatgan joyning asfalti buzilib, o‘t o‘chiruvchi gidrantga ulanadi va uzluksiz suvga ega bo‘lgan xodimlar olovni tezroq o‘chira oladi.

O‘t o‘chiruvchi yigitlardan biri taxminiy gidrant joyini lom bilan buzayotganda biz ham unga yordam berdik, ammo atrofdagi ofis ishchilari aytishdiki, gidrantni yaqinda ochilmaydigan qilib yopib ketishgan ekan. Buni tekshirishga esa o‘sha vaqtda imkon ham, yuqoridagi aytilgan yer ostidagi gidrantni topuvchi qurilma ham yo‘q edi.

Agar obodonlashtirish va suv ta’minoti korxonalari kattaroq suv tashuvchi mashinalarda suv keltirishmaganida, yong‘in yanayam kattaroq hududni qamrab olgan bo‘lardi.

Jamoaviy muammolarni yashirgan parda ham yondi

Kommunal soha aslida uncha katta bo‘lmagan texnogen ofat oldida qanchalik ojiz ekanini barcha ko‘rdi. Mutasaddilar nega yong‘in uzoq davom etdi, deb o‘t o‘chiruvchilarni koyigan bo‘lsa ham kerak. Lekin ular qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi, shalabbo bo‘lib, qora tutun ichida ikki soat olov bilan kurashdi. Ammo ularga shu mehnatiga yarashadigan texnika olib berilganmi? Ularda internetda ko‘radiganimiz kranli o‘t o‘chiruvchi mashinalar, ko‘pik purkagichlar bo‘lsa, gidrantlar kerakli suvni berib tursa, hozirgidan ham yaxshiroq ishlashi kundek ravshan-ku?

Balki turli forum hamda tadbir o‘tkazishlarga topilayotgan milliardlab pullarni o‘t o‘chiruvchilarimiz uchun texnika sotib olishga ham sarflash kerakdir?

Bunday savollar juda ko‘p. Aslida, mana shu birgina yong‘in vaqtida, ayniqsa uning tutuni ko‘chada biror narsa ko‘rinmas holatga keltirgan xaos vaqtida Samarqanddagi barcha kommunal muammolar ko‘rinib qoldi. Ko‘chalar ming marta qazilib, oylab yopib qo‘yilishi, yo‘laklar qo‘l uchida chala ta’mirlanishi, deyarli har oy ichimlik suvi quvuri yorilgani sabab ta’minot bir necha kunlab o‘chishi, jamoat transportining sharmandali darajada yomonligi... ishoning, ularning oxiri yo‘q.

Men siyosatchi emasman, lekin dunyoda qabul qilingan bir normadan xabarim bor: Mahalliy hokimliklarning birlamchi vazifasi shahar aholisining kommunal hayot tarzini yaxshilash, yo‘l qurish, jamoat transportini yaxshilash, o‘t o‘chiruvchilar, FVV xodimlari, obodonlashtirish xodimlari uchun yaxshi sharoit, yaxshi texnika qilib berish. Mahalliy hokimiyatlar avvalo mana shu ishlar bilan shug‘ullanishini ko‘pchilik fuqarolar kabi men ham orzu qilaman.

O‘t o‘chirish xizmatlari ham bino va inshootlardagi gaz quvurlari va elektr simlari holati, yong‘in xavfsizligiga doir asbob-uskunalar, hovuzlar, ko‘chalarda gidrantlar mavjudligini doimiy nazorat ostiga olishi kerak.

Nima bo‘lganda ham, ota-bobolarimiz aytganidek, o‘t balosidan asrasin...

P.S. Yuqorida tasvirlab o‘tilgan yong‘indan bir kun avval Mirbozor shaharchasidagi oziq-ovqat bozorida 21 ta do‘kon yonib ketgani ma’lum qilingan edi. Bugun saharda Oqdaryo tumanidagi Loyish shaharchasining Amir Temur shohko‘chasida joylashgan savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berildi.

O‘tkir Jalolxonov, jurnalist.

Mavzuga oid