To‘yda kelinchakni urgan kuyovbola topildi – u javobgarlikka tortilishi kutilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda kelin-kuyov to‘y marosimida qandaydir o‘yin o‘tkazilgani, unda yutqazib qo‘ygan kuyov mag‘lubiyatga chiday olmay kelinning boshiga urgani aks etgan video tarqalgandi. Internet yulduziga aylangan kuyov topildi: u endi sud oldida javob beradi.
Kun.uz hodisa tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar bilan bog‘landi. Mas’ul xodimlarning sa’y-harakatlari va ro‘y bergan holatga befarq bo‘lolmagani sababli kelin va kuyov topildi.
Qayd etilishicha, ushbu to‘y 2022 yil 6 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan kuyov 2003 yilda tug‘ilgan kelin nikoh to‘yi marosimida qog‘ozga o‘ralgan shirinlikni kim birinchi bo‘lib ochish bo‘yicha musobaqalashgan. O‘yinda kelinning omadi kelgan va u birinchi bo‘lib shirinlikni ochgan. Bundan jahl otiga mingan kuyov kelinga bir marotaba tarsaki tushirgan.
Garchi internetda tarqalgan videoda kaltak yegan kelinning oldiga qandaydir ayol (kelinning onasi bo‘lishi mumkin – tahririyat) yaqinlashgani va kelin kuyov bilan o‘tirgan sahnani tark etgani ko‘ringan bo‘lsa-da, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasining ma’lum qilishicha, o‘sha kuni to‘y oxirigacha davom etgan va boshqa ko‘ngilsizlik sodir bo‘lmagan. Hech kim huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ro‘y bergan holat bo‘yicha murojaat qilmagan.
Surishtiruvlar davomida muhokamaga sabab bo‘layotgan videoni kim tasvirga tushirgani va xalqaro tarmoqqa joylaganini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.
Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan fuqaro X.R. (kuyov) ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan. Bundan tashqari, kuyov va kelin hamda ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
20:57 / 31.10.2024
Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi
17:41 / 30.10.2024
Surxondaryoda isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlanadi
16:54 / 26.10.2024