O‘zbekiston | 12:39 / 28.06.2022
11805
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 2 tonna narkotik yo‘q qilindi

26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni. Sana munosabati bilan 27 iyunda DXX tomonidan 1 tonna 933 kg 695 gr narkotik moddalari yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Bu narkotiklar O‘zbekiston chegarasidan olib kirilayotgan yoki mamlakat ichida noqonuniy ravishda sotilayotgan vaqtda musodara qilingan.

Shuningdek, mazkur jarayonda kichik laboratoriyalarda yaratilgan turli xil sintetik moddalar ham aniqlanib, yoqib yuborish uchun olib kelingan.

Mas’ullar bergan ma’lumotga ko‘ra, giyohvandlik vositalarining 133 kg 713,5 grammi geroin, 159 kg 478 grammi opiy, 1 tonnadan ortig‘i gashish, 300 kg 786 grammi marixuana, 79 kg 842,5 grammi ko‘knor, 247 kg 150,4 grammi kannabis hamda turli xildagi psixotrop, psixofaol moddalar hisoblanadi.

Mazkur narkotik moddalarini yo‘q qilishda xorijlik ekspertlar ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.

Jarayonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi mutasaddilari ham bevosita qatnashib, O‘zbekistondagi narkovaziyat haqida ma’lumot berishdi.

Sherzod Arapov, Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi xalqaro bo‘lim boshlig‘i:

— O‘zbekiston shimoliy yo‘lakcha bo‘ylab tranzit mamlakat hisoblanadi. Qo‘shni Afg‘onistonda yetishtirilgan afg‘on opioidlarining o‘tishida ham tranzit bo‘lib qolyapti. O‘tgan yili (2021 yil) BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonning 177 ming gektar maydonida jami 6 800 tonna ko‘knori yetishtirilgan. Bugungi kunda dunyo miqyosida mana shu opioidlarning 90 foizi afg‘on opioidlari hisoblanadi. Biz ham bevosita chegaradosh ekanligimiz, albatta, ishimizni ancha murakkablashtiradi.

Qolaversa, qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston hududlaridan giyohvandlik moddalarining kirib kelish holatlari, kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga urinish holatlarini ko‘ryapmiz.

Oldingi yillarda biz kuzatmagan yangi holatlardan biri bu – O‘zbekistonda ham yangi narkolaboratoriyalarning fosh qilingani bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘zida mana shunday 4-5 ta narkolaboratoriyalarni huquq-tartibor idoralarining fosh qilganiga guvoh bo‘ldik”.

Giyohvandlik vositalarini yondirishdan oldin, mutasaddilar haqiqatan narkotik moddalari yondirilayotganini ko‘rsatish maqsadida bir qancha eksperimentlarni o‘tkazishdi.

Mahliyo Valiqulova, DXX xodimi:

— Bugungi tadbirimida giyohvandlik vositalari maxsus testlar orqali tekshirildi. Ya’ni narkotik vositasi: geroin, opiy yoki boshqa turdagilari mazkur test (maxsus plastik qopchiqlar)ga solinib, unda joylashgan indikator bosilsa, har xil turdagi ranglar paydo bo‘ladi. Bu ranglar giyohvand moddaning asli giyohvandlik vositasi ekanini aniqlab beradi. Bu tadbirda haqiqatan giyohvandlik vositalari yoqilganini mazkur testlar orqali bilib oldik.

Ma’lum qilinishicha, “Qoradori – 2021” tadbirida jami 6199 kv.m. maydonda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklar ekilgani aniqlangan. Holatlar kesimida bu 1055 tani tashkil qiladi. Bunda 873 kv.m. maydondagi yovvoyi nasha o‘simliklari yo‘q qilingan.

Shuningdek, 2021 yil davomida Ichki ishlar vazirligi boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda 6701 ta, Davlat xavfsizlik xizmati esa 992 ta narkojinoyatlarni aniqlashgan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid