O‘zbekiston | 19:50 / 19.07.2022
11079
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Gruziya bosh vaziri bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvilini qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikka doir, eng avvalo, transport va logistika, savdo, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tranzit salohiyatini, shu jumladan mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasini samarali ishga solish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Gruziya hududidagi erkin sanoat zonalarida yaratilgan qulay sharoitlarni hisobga olgan holda to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish va sayyohlar oqimini oshirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid