Iqtisodiyot | 21:40 / 25.07.2022
38548
8 daqiqa o‘qiladi

Chiroqni o‘chiring. Yevropa Rossiya gazisiz qishga hozirlanmoqda

Yevropa Ittifoqi qishni rus gazisiz o‘tkaza olmasligini tan oldi va yuzaga kelgan energoinqirozdan chiqib ketishning yagona yo‘li uni tejash ekanini tushunib yetdi.

Putin Yevropani gaz va benzinni tejashga majburlamoqda. Foto: EPA

Avvaliga Yevropa yozdayoq gaz zaxiralarini to‘ldirib olmoqchi bo‘ldi, ammo bu rejani «Gazprom» yo‘qqa chiqardi. Rossiya gazining o‘rnini bosadigan boshqa ta’minotchi topish imkonsiz, shu sabab Yevrokomissiya ittifoqqa a’zo bo‘lgan 27 davlatga isitish mavsumi boshlanishiga hali 3 uch oy bo‘lishiga qaramay energiyani tejashga kirishishni tavsiya qildi.

«Rossiya gazdan urushda qurol sifatida foydalanayotgan bir vaqtda Yevropa Ittifoqi rus gazi keyinchalik faqat kamayib borishi ko‘rinishidagi xatarga duch keldi. Ittifoq davlatlarining yarmi halitdan Rossiyadan yetarli miqdorda gaz olmayapti. Hozirdanoq choralar qabul qilish orqali yanada og‘ir oqibatlarning oldini olamiz va gaz oqimi butunlay uzilishiga ham tayyor bo‘lib boramiz», deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.

Uch yil avval «Gazprom» Yevropaga kuniga 500 million kubometr gaz sotgan. Joriy yil may oyida bu ko‘rsatkich kuniga 250 million kubometrgacha tushib ketdi. Iyul boshida esa Rossiyadan ko‘hna qit’aga kuniga 140 million kub gaz o‘tdi. 11 iyul kuni Rossiya Yevropaga gaz beradigan asosiy o‘tkazgich «Shimoliy oqim»da ta’mirlash boshlangani iddaosi bilan gaz uzatishni rekord darajagacha pasaytirdi – kuniga 80 million kubometr.

Iyun oyigacha «Gazprom» «Shimoliy oqim» orqali Yevropaga kuniga 170 million kubometr gaz haydardi. Iyun oyi o‘rtasiga borib bu raqamlar 68 million kubometrgacha kamayib ketdi. Bunga sabab sifatida kompressordagi quvurlar ta’mirlash uchun Kanadaga yuborilgani aytildi.

Foto: REUTERS

21 iyul kuni Rossiya «Shimoliy oqim» orqali Yevropaga gaz uzatishni tikladi, ammo Putinning aytishicha, ta’minot 26 iyulda yana uzib qo‘yilishi mumkin. Oqibatda kunlik gaz oqimi 30 million kubometrgacha tushib ketadi.

Putin navbatdagi ta’mirlash ishlariga ochiqchasiga masxaraomuz tarzda ishora qildi: «Adashmasam, iyul oyining oxirlarida, 26 sanada bo‘lsa kerak, reglament bo‘yicha navbatdagi mashina ta’mirlashga yuborilishi kerak, shunday emasmi? Ta’mirlangan quvurlarni qanday olamiz, bilmaymiz. Agar ular kelsa, yaxshi, ikkita mashina ishlaydi, kelmasa, kuniga faqat 30 million kubometr gaz haydaladi», dedi Putin.

Rossiya prezidenti Yevropani gaz orqali shantaj qilayotganini rad etdi va bunga Yevropaning o‘zini aybladi: «Bunda «Gazprom»ning nima aybi bor? Bitta yo‘nalishni, keyin yana bittasini sanksiyaga tushirishdi, gaz qazib oladigan stansiya ham sanksiyaga tushdi. «Gazprom» qancha kerak bo‘lsa qazib olishga tayyor. Axir ularning o‘zi hammasini yopib qo‘yishdi», dedi Putin.

Kanada Siemens ta’mirlash uchun yuborgan gaz quvurlarini Rossiyaga yuborganini xabar qilgandi. Bu uchun AQShdan ham maxsus rozilik olingan.

Yevropaliklar Putinga ishonishmadi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Putin ayyorlik qilayotganiga ishonmoqda. Ularning nazdida ta’mirlash shunchaki bahona. Yevrokomissiya bayonotida aytilishicha, Rossiyaning narxni oshirishga qaratilgan bunday harakatlaridan yaxshilik kutish kerak emas, aksincha vaziyat faqat yomon tomonga o‘zgarishiga tayyor bo‘lish kerak.

«Bunday risklarni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi defitsit oshib borishiga va hatto Rossiya gazni to‘liq o‘chirib qo‘yishiga allaqachon tayyorlanishni boshladi», deyiladi YeI bayonotida.

Yevropaliklar benzin va boshqa yonilg‘i mahsulotlari uchun narxlar o‘sib borayotganidan norozi. Foto: REUTERS

Dunyodagi eng yirik siyosiy kengash bo‘lmish Yevropa Ittifoqi barcha a’zo 27 ta davlatga 2023 yil mart oyiga qadar gaz iste’moli hajmini 15 foizga qisqartirishni taklif qildi. Agar bu takliflarni avvaliga 27 davlatning YeIdagi elchilari, keyinchalik energetika vazirlari tasdiqlasa, ularni bajarish majburiy bo‘ladi. Bu taqdirda Yevropa Ittifoqi fors-major holatda gaz va elektrni cheklash imkoniga ega bo‘ladi. Chunki gaz va elektr birinchi navbatda kasalxonalar, maktablar va hayotiy zarur ishlab chiqarishlar uchun berilishi kerak bo‘ladi.

Gaz iqtisodiyotni bo‘g‘adi

Energourush Yevropa Ittifoqining koronavirus pandemiyasidan keyin endi o‘ziga kelayotgan iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘ldi. Dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti bo‘lmish Yevropa Ittifoqi iqtisodiy prognozlarni keskin kamaytirdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, YeI iqtisodi yilning ikkinchi yarmiga o‘sishga erishmaydi. Yillik o‘sish hajmi faqat birinchi yarimyillikdagi ko‘rsatkichlar sababgina oshishi mumkin.

«Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyo iqtisodiyotiga zarar keltirishda davom etmoqda. Moskvaning harakatlari energiya va oziq-ovqat bozoridagi holatni izdan chiqaradi, narxlarni oshiradi, iste’molchilarning kelajakka bo‘lgan qiziqishini so‘ndiradi», deydi yevrokomissar Paolo Jyentiloni.

Bu inqirozga qarshi kurashish oson ish emas. Yevropa Ittifoqi urush boshlanishi bilan rus gazidan voz kechish hisobiga kelishi kutilgan va iqtisodiyotni qayta qurishga sarflanishi aytilgan 300 milliard yevroni topa olmayapti. Yetmaganiga milliylashtirish ortidan energokompaniyalar katta zarar ko‘rishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga hujumi oziq-ovqat va elektr energiyasi narxlari ham keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Foto: EPA

Ekspert Xaviyer Blasning fikricha, Yevropa Ittifoqi kelajakda elektr energiyasi va issiqlik ta’minotidagi muammolarni hal qilish uchun kamida 200 milliard yevro sarflashiga to‘g‘ri keladi. Energomakondagi jiddiy muammoni to‘liq hal qilishga kamida yarim trillion yevro ketishi mumkin.

Shuningdek, barcha muammolarni hal qilish barobarida Yevropa Ittifoqi qishda Qatar, AQSh va boshqa alternativ ta’minotchilardan katta miqdorda gaz sotib olishi kerak. Ammo shunaqasida ham «Gazprom» beradigan gazning o‘rnini bosa oladigan ta’minotchining o‘zi yo‘q. Urushgacha YeI davlatlari gazning 40 foizini ruslardan sotib olardi. Hozir bu ko‘rsatkich 25 foizgacha pasaytirildi. Ammo ehtiyojni yanada kamaytirish oson kechmaydi. Hozir Rossiya Yevropaga 2016-21 yillarda bergan gaz miqdorining o‘rtacha uchdan birini ham sotmayapti.

Kelasi yilda Yevropa rus gazi importini uchdan bir qismga, hatto ikki baravarga, 2024 yilda esa uchdan ikki qismga kamaytirishi mumkin. Agar Rossiya bu vaqtda gazni uzib qo‘ygan bo‘lmasa, albatta. 21 iyul kunini Yevropa qo‘rquv bilan kutdi, chunki Rossiya gaz ta’minotini tiklamasligi ham mumkin edi. Hozircha ruslar kam miqdorda bo‘lsa ham gaz haydashni tikladi, ammo Putinning so‘zlariga ko‘ra, 26 iyul kuni navbatdagi ta’mirlash o‘tkazilishi mumkin. Agar Putin nimanidir adashtirib yuborgan bo‘lmasa...

Mavzuga oid