Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Siyosatshunos Konstitutsiyaviy komissiyani mafkurabozlikka berilayotganlikda aybladi
Uzoqqa bormaylik-da, 1-moddani olaylik. Unda juda qaltis so‘zlar paydo bo‘ldi: “O‘zbekiston – suveren, demokratik, ijtimoiy, dunyoviy va huquqiy davlat”. Bu yerda fikrimcha, umuman ortiqcha bo‘lgan 3ta yangi so‘z bor, – dedi Farhod Tolipov.
Siyosatshunos Farhod Tolipov Kun.uz’ga bergan intervyusida Konstitutsiyaviy komissiyani konstitutsiya islohoti jarayonlarida mafkurabozlikka berilayotganlikda aybladi.
Tolipovga ko‘ra, u jamoatchilikka taqdim qilingan loyiha va jarayonlarni kuzatib, shu xulosaga kelgan.
“Mafkurabozlik hatto Konstitutsiyaga ham kiryapti. Buni konstitutsiya loyihasidagi ayrim moddalarda huquq yoki siyosatga emas, mafkuraga xos belgilarda ko‘rishimiz mumkin. Bu esa jamoatchilik fikrini chalg‘itadigan ahvolga olib keladi. Ya’ni hozir Konstitutsiyaga chiroyli so‘z va gaplarni kiritishyapti-yu, kerakli moddalar kirmay qolib ketyapti.
Uzoqqa bormaylik-da, 1-moddani olaylik. Unda biroz mubolag‘a bilan aytganda, juda qaltis so‘zlar paydo bo‘ldi: “O‘zbekiston – suveren, demokratik, ijtimoiy, dunyoviy va huquqiy davlat”. Bu yerda fikrimcha, umuman ortiqcha bo‘lgan 3ta so‘z paydo bo‘ldi.
“Suveren” va “demokratik” tushunchasini butun dunyoda tushunishadi. Buning nimaligini fan ham aytib turibdi. Lekin ijtimoiy, dunyoviy va huquqiy so‘zlari juda bahsli. Xo‘sh, nega biz yettinchi va sakkizinchi so‘zlarni qo‘shmayapmiz, ochiq, gumanitar, adolatli, deya? Bu Konstitutsiya uchun kerak bo‘lmagan so‘zlar.
O‘zingiz o‘ylang, “dunyoviy” so‘zi ustida hali olimlar va dinshunoslar ham bir yechimga kelgani yo‘q. Yoki “ijtimoiy davlat” qanday bo‘ladi? Masalan, ijtimoiy siyosat bor. Bunda aholining muhtoj qatlamiga yordam berish orqali ijtimoiy siyosat ketayotganini ko‘rsatish mumkin. Lekin davlat nomini ijtimoiy davlat deb nomlash – bu juda qaltis holat.

Shuningdek, “huquqiy davlat” jumlasi ham ortiqcha. Agar Konstitutsiya va qonunlar ishlasa, uning o‘zi huquqiy davlatga aylanadi-ku.
Mana shu kabi chalg‘ituvchi va mafkuraviy so‘zlar Konstitutsiyaga yuk bo‘lyapti. Bu bilan bo‘lajak bahslarga ham zamin yaratilyapti. Bizga suveren va demokratik tushunchalarining o‘zi yetarli edi. Bahslarga ham sabab bo‘lmayotgandi.
Biz jozibador, quloqqa yoquvchi va mafkuraviy gaplar bilan Konstitutsiyani murakkablashtiryapmiz. Mana shunday holatlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Yoki muqaddimaga kiritilayotgan yana bir o‘zgarishni oling. Unga O‘zbekiston 3 ming yillik tarixga ega davlat, deb yozishmoqchi. Xo‘sh, muqaddimaga bu jumlani qo‘shishning nima keragi bor edi?
Bunda masalan, tarixchilar orasida o‘zbeklarning uch ming yillik tarixi yo‘q, deb aytuvchilar ham topiladimi, yo‘qmi? Nima, bularni qo‘shmasak, konstitutsiya konstitutsiya bo‘lmay qoladimi? Xullas, muqaddima ham mafkurabozlik bilan to‘ldirilyapti.
Konstitutsiyaga siyosiy va huquqiy tushunchalar kirishi kerak, mafkuraviy emas. Axir tarixchilar, olimlar bir to‘xtamga kelib ulgurmagan tarixga davlat qanday qilib muhr qo‘yib qo‘ymoqda?
Bunday yondashuvdan ehtiyot bo‘lish kerak”, – dedi Farhod Tolipov.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
18:46 / 14.07.2024
“NATO – dunyo uchun xavf degani emas” – siyosatshunos ekspert
17:01 / 14.10.2023
“Mustaqil nomzodlarga o‘rin yo‘qligi o‘zgarishlar bo‘lmasligi qo‘rquvini uyg‘otyapti” – deputat o‘zgarayotgan saylov tizimi haqida
23:10 / 12.10.2023
Aralash saylov tizimi: bu – O‘zbekistonda partiyalar o‘rtasidagi raqobatni paydo qila oladimi?
09:05 / 30.09.2023