O‘zbekiston | 13:21 / 30.08.2022
17381
1 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 24 nafar gumonlanuvchi jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan komissiya a’zolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, 24 nafar gumonlanuvchi jamoat kafilligi asosida o‘z oilasiga qaytarildi.

Foto: ombudsman.uz

Gumonlanuvchilarga nisbatan belgilangan qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida jamoatchilik nazorati va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirildi.

Bunda ushbu fuqarolar Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarda sodir etgan qilmishlaridan pushaymon ekani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, ba’zi shaxslar oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgani e’tiborga olingan.

Komissiya a’zolari o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon fuqarolar murojaatlarini o‘rganishga e’tibor qaratmoqda. Har bir murojaat o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Komissiya a’zolari xolis xulosani tayyorlashni murojaatlarni o‘rganishdan boshlagan. Uning faoliyatiga oid yangiliklar bilan @commissionuz telegram-kanali orqali tanishib borish mumkin.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish bo‘yicha tergov jarayonlari davom etmoqda.

Mavzuga oid