Sport | 09:41 / 04.09.2022
14122
9 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi» yangi xo‘jayinlar bilan ilk transfer oynasini o‘tkazdi. Uni qanday baholash mumkin?

Klub egalarining imiji turli omillarga bog‘liq. Ammo yangi xo‘jayinlarning ambitsiyasi qanday ekanini birinchi transfer oynasi ko‘rsatib beradi. Abramovichning ilk transferlari inqilobiy edi: 2003 yilda u turli o‘lchamdagi yulduzlarni sotib olib, bozorda shov-shuv ko‘targandi.

Todd Bouli - «Chelsi» xo‘jayinlaridan biri

Ammo rossiyalik oligarxning davri 2022 yilda yakunlandi, taxtga amerikalik Todd Bouli o‘tirdi. Transferlar bilan shug‘ullangan Petr Chex va Marina Granovskaya o‘z vazifasidan ozod etildi. Natijada, Toddning o‘zi transfer siyosatini boshqaradigan bo‘ldi.

Tuxel bilan birgalikda ular juda kuchli transfer kampaniyasini o‘tkazishdi – «Chelsi» tarkibni kuchaytirish uchun 250 million funtdan ortiq mablag‘ sarfladi.

Ro‘yxatga nazar solamiz:

  • 69 mln – Uesli Fofana;
  • 55 mln – Mark Kukurelya;
  • 45 mln – Rahim Sterling;
  • 32 mln – Kalidu Kulibali;
  • 20 mln – Karni Chukvuema;
  • 13 mln – Chezare Kasadei;
  • 13 mln – Gabriel Slonina;
  • 10 mln – Per-Emerik Obameyang;
  • ijara – Denis Zakariya;
  • bepul – Omari Xatchinson.

Keling, Boulining birinchi transfer kampaniyasi natijalarini sarhisob qilamiz.

Sport direktorining yo‘qligi

Abramovich o‘z vaqtida ishni donolik bilan boshlagan edi. U futbolchilarni sotib olishda malakali emasligini tushundi va «Manchester Yunayted»dan Piter Kenonni sport direktori lavozimiga taklif qildi.

Kenon bir nechta ajoyib transferlarni amalga oshirdi, futbolchilar bilan shaxsan yaxshi ishladi – masalan, sobiq jamoasidan Aren Robbenni ilib ketdi va niderlandiyalikni «Chelsi» loyihasi istiqbolli ekaniga ishontirdi.

Bouli sport direktorini yollashga ulgurmadi. «Liverpul»ning sobiq mutaxassisi Maykl Edvards haqida mish-mishlar tarqaldi, ammo u futbolga qaytishni istamadi. Shu bois, «Chelsi» bu lavozimga odam topishni kuzga qoldirdi. Bu katta xato bo‘lishi mumkin, chunki transfer ishlarida sport direktorining roli muhim. Bouli transfer oynasi yopilgunga qadar hech bo‘lmaganda Granovskayani qoldirishi kerak edi. Ammo, aftidan, u eski xo‘jayinlar davridagi xodimlar bilan ishlashni istamadi.

Transfer bozoriga kech kirish

«Chelsi» transfer bozoriga boshqalardan yaqqol ortda qolgan holda kirdi. «Arsenal» Gabriel Jyezus transferi, «Barselona» esa Levandovski va Kunde transferi ustida ishlayotgan bir paytda, «ko‘klar» yangi rahbariyat bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Natijada, «Chelsi» transfer bozoridagi peshqadamlikni raqiblariga qo‘shqo‘llab topshirdi va bir necha futbolchilarni aynan shu sababli qo‘ldan chiqardi.

Mark Kukurelya – «Chelsi» himoyachisi

Ortiqcha to‘lovlar

Buning sabablari avvalgi ikkita punktdan kelib chiqadi. Agar yangi lavozimga tayinlansangiz, biroq, qanday ishlashni bilmasangiz, raqiblar bundan mamnuniyat bilan foydalanadi.

Agar Abramovich davridagi Marina Granovskaya iloji boricha kamroq pul evaziga bitim tuzish qobiliyati bilan mashhur bo‘lsa (garchi Lukaku va Kepa misollari buning aksi bo‘lsa ham), Bouli muammolarni ko‘proq mablag‘ sarflash orqali hal qildi.

«Man Siti» Kukurelya uchun 50 mln funt to‘lashga qodir emasmidi? Todd 55 mln berishga qiynalmadi. Fofana kerakmi? Buning uchun salkam 70 mln funt berildi. Bouli Rafinya uchun «Lids» ishtahasini ham qondirishga tayyor edi.

Transferlar sifati

Bu borada Bouli va Tuxel juda samarali mehnat qilishdi. Ushbu transfer oynasida «Chelsi» Kristensen va Ryudiger o‘rnini zudlik bilan to‘ldirishi kerak edi. Kulibali va Fofana transferlari istiqbolli ko‘rinmoqda – birinchisi ko‘p yillar davomida top-klublar orzusidagi himoyachi bo‘lib kelgan, ikkinchisi esa «Sent-Etenn» va «Lester»da tajriba orttirgan. Afsuski, ularning transferi tezkor bo‘lmadi – Kulibali mavsumoldi yig‘inining ikkinchi haftasida keldi, Fofana esa so‘nggi lahzada olindi.

Per-Emerik Obameyang va Tomas Tuxel («Borussiya Dortmund» tarkibida)

Obameyang – hujumchi pozitsiyasi uchun qisqa muddatli ajoyib yechim. U Tuxel jamoasida muvaffaqiyat qozonishi mumkin, chunki aynan uning qo‘l ostida faoliyatidagi eng sermahsul davrni (95 o‘yin, 79 gol, 17 assist) o‘tkazgan. Albatta, Perda yana bitta-ikkita mavsum zaxirada bor. Sterling transferi bo‘yicha ham umuman savol yo‘q – juda maqbul narxdagi sifatli xarid.

Kukurelya transferi savollarni tug‘diradi. Shoshilinch vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lmagan futbolchi transferiga 55 mln... Ammo 5 tur ortda qolganidan so‘ng xom Chiluellni ko‘rib, Kukurelya transferi ham muhim bo‘lgani oydinlashmoqda. Bir xil pozitsiya uchun 2 nafar sifatli futbolchi ko‘p emasmi? Javobni mavsum oxirida olamiz.

Denis Zakariya – «Chelsi» yarimhimoyachisi

Zakariyaning transferi ham juda muhim ko‘rinadi. «Chelsi» anchadan beri Kantega o‘rinbosar topolmayapti. Agar fransuz jarohat olsa, uning «raqib hujumlarini buzuvchi» vazifasini hech kim bajara olmayotgandi. Bu haqiqiy muammo edi, uzoqqa borish shartmas – «Lids»dan uchralgan mag‘lubiyat bevosita N'Golo jarohatidan kelib chiqqan. Endi Zakariya bu muammoni hal qilishi kerak.

Yoshlarga e’tibor

Bouli yosh iste’dodlarga e’tibor qaratmoqda. Bu strategiya qayerga olib borishi hozircha aniq emas, ammo «Chelsi» akademiyasi rahbari Nil Bat so‘zlariga ko‘ra, Todd yosh futbolchilarning rivojlanishiga katta ahamiyat bermoqda. Bouli so‘z va maqtovlardan harakatga o‘tdi: istiqbolli Omari Xatchinson «Arsenal» akademiyasidan olindi, tezkor Zak Starj «Brayton»dan taklif etildi, «Inter» akademiyasi asosiy iste’dodi Chezare Kazadeidan mahrum qilindi. Istiqbolli Gabriel Slonina MLS klubidan taklif etildi, vaholanki «Real» ham uni orzu qilayotgan edi.

Karni Chukvuyemeka – «Chelsi» yarimhimoyachisi

Ro‘yxatdagi asosiy yulduz Karni Chukvuyemeka bo‘ldi – «Aston Villa» yarimhimoyachisini Yevropa gigantlarining yarmi o‘z tarkibida ko‘rishni orzu qilgan edi. Bouli ishni jimgina va tez bajardi: Premer-Liga klublari rahbarlarini kechki ovqatga chaqirdi va Chukvuyemeka transferini kelishib oldi (shuningdek, Kukurelya transferini ham). Hali amalga oshmagan, ammo kelishib qo‘yilgan Arsen Zaxaryan («Dinamo Moskva») transferini ham qayd etish mumkin.

Ish haqi fondi yukini yengillashtirish

Granovskaya o‘ziga xos tamoyilga ega rahbar edi – u futbolchini zarariga sotishni yoki tekinga qo‘yib yuborishni istamagan. Agar futbolchining shartnomasi yakunlanayotgan bo‘lsa, muammo har doim bir xil tarzda hal qilingan: Marina u bilan shartnomani yangilab, so‘ngra ijaraga qo‘yib yuborgan.

Bouli bu zanjirni uzishga muvaffaq bo‘ldi. Haftasiga 100 ming funtdan ko‘proq maosh olgan Ross Barkli bilan shartnoma bekor qilindi. Mishi Batshuayi, Mett Miazga, Kenedi hatto zarariga bo‘lsa-da sotildi. Evaziga «Chelsi» maoshlar yukini kamaytirdi. Bouli juda muhim narsani ko‘rsatdi – klub o‘z xatolarini tan olishdan qo‘rqmasligi kerak. Yaxshiroq natijaga umid qilib, ko‘p yillar davomida bunday yukni tortib yurgandan ko‘ra, kurtak ochganidayoq kesib tashlash yaxshiroq.

Bouli birinchi transfer kampaniyasini shunday o‘tkazdi va albatta xatolar bo‘ldi. Ammo ilk xaridlar ambitsiyali edi. Murabbiy zarur ijrochilarni qo‘lga kiritdi, bir qancha yosh yulduzlar bilan shartnoma imzolandi. Endi ushbu harakatlar mevasiga mavsum oxirida baho beriladi.

Mavzuga oid