Jahon | 09:46 / 08.09.2022
2826
3 daqiqa o‘qiladi

BMT missiyasi Olenivkadagi asirlarning o‘limini tekshirishga boradi

BMT ekspertlari yaqin kunlarda Donbassga Olenivkadagi koloniyadagi portlashlarni o‘rganish uchun keladi, dedi BMT bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari DiKarlo. 

Foto: AP

BMT missiyasi tuzildi va yaqin kunlarda Donbassga Olenivkadagi axloq tuzatish koloniyasidagi portlashlarni o‘rganish uchun boradi, buning natijasida 53 nafar ukrainalik harbiy asir halok bo‘lgan, 75 nafardan 130 nafargacha harbiy asir yaralangandi. Bu haqda 7 sentabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Di Karlo ma’lum qildi. «Missiya rahbari Alberto dos Santos Krusga tajribali mutaxassislar hamrohlik qiladi. Missiya tashqi aralashuvlarsiz ishlay olishi, odamlar, joylar va dalillarga xavfsiz, to‘siqsiz kirish imkoniga ega bo‘lishi kerak», - dedi u. 

3 sentabr kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Olenivkadagi ukrainalik asirlarning o‘limini tekshirish bo‘yicha missiya tashkil etilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Rossiya ham, Ukraina ham tergov o‘tkazishni talab qilgan. 

«DXR» hududida joylashgan Olenivkadagi koloniya baraklaridan birida 29 iyul kuni ertalab portlash sodir bo‘ldi. Rossiya Ukrainani asirlar saqlangan binoga HIMARS tizimlari bilan zarba berganlikda ayblamoqda. Kiyev buni qat’iyan rad etdi. Harbiy ekspertlar ruslar u yerda termobarik o‘q-dorilarni qo‘llagan, degan fikrga keldi. 

O‘z navbatida, CNN telekompaniyasi o‘z tekshiruvini o‘tkazdi va koloniyaga zarba HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi orqali amalga oshirilmagan, degan xulosaga keldi. Mutaxassislarga ko‘ra, suratda harbiy asirlar saqlangan binoning devorlari tik turgani va tomning katta qismi butunligicha qolganini ko‘rish mumkin. Bu haqda 11 avgust kuni e’lon qilingan CNN materialida aytiladi. Hech bir joyda YaO‘RT zarbasidan keyin yuzaga keladigan voronka (bomba yoki zambarak portlagan joyda hosil bo‘lgan chuqur) ko‘rinmagan. Rossiya massmediasi tomonidan ko‘rsatilgan HIMARS raketasining seriya raqami esa bunday kuchli yong‘inda saqlanib qolishi mumkin emas edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid