Jahon | 10:13 / 16.09.2022
14779
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda poytaxt nomini o‘zgartirish va faqat 7 yillik bir prezidentlik muddatini joriy etish ma’qullandi 

Qozog‘iston parlament palatalari qo‘shma majlisida Nur-Sulton nomini Ostona deb o‘zgartirish va bir martalik prezidentlik tizimini joriy etish taklifi ma’qullandi.

Foto: Shutterstock

Qozog‘iston parlament palatalarining 16 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Nur-Sulton shahri nomini Ostona deb o‘zgartirish ma’qullandi, deb yozadi Zakon.kz.

Poytaxt nomini o‘zgartirish tashabbusi «Jana Qozog‘iston» deputatlar guruhi tomonidan ilgari surilgan. Parlament palatalarining qo‘shma majlisida «Jana Qozog‘iston» deputatlar guruhining taklifini deputatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlab ovoz berishdi. 

Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar prezidentga imzolash uchun taqdim etildi. 

2 sentabr kuni «Jana Qozog‘iston» deputatlar guruhi a’zolari poytaxt shaharga sobiq nomi – Ostonani qaytarishni taklif qilishdi. Nur-Sulton nomini o‘zgartirish taklifi konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan.

15 sentabr kuni jamoatchilik poytaxt nomini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatladi. Shu kuni parlament quyi palatasi deputatlari poytaxt nomini Ostona deb o‘zgartirishni ma’qullagan edi.

Bundan tashqari, 16 sentabr kuni parlament palatalarining qo‘shma majlisida prezident saylovi bo‘yicha konstitutsiyaga o‘zgartirishlar ma’qullandi.

Parlament palatalarining qo‘shma majlisida deputatlar bir ovozdan «ha» deb ovoz berishdi. Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar prezidentga imzolash uchun taqdim etildi. 

1 sentabr kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston xalqiga murojaatnomasi chog‘ida muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini 2022 yil kuzida o‘tkazishni taklif qildi. Davlat rahbari, shuningdek, 2023 yilning birinchi yarmida parlament saylovlarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Bundan tashqari, Qosim-Jo‘mart To‘qayev bir martalik prezidentlik tizimini joriy etishni taklif qildi. Prezidentlik vakolati 7 yil bo‘lishi kerak va qayta saylanish taqiqlanadi.

2019 yil 9 iyun kuni Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. O‘shanda respublika bo‘yicha umumiy saylovchilarning faolligi 77,4 foizni tashkil qilgan.

Mavzuga oid