Samarqandda katta sammit, tojik-qirg‘iz chegarasida jiddiy nizo, kinofestivalda ishkal - hafta dayjesti
ShHTning shov-shuvli sammiti: qisqasini aytganda, nimalar bo‘ldi? Sammit paytida alanga olgan tojik-qirg‘iz chegarasi: bunga Xitoy koridori sababmi? Qurilish sohasida katta yangilik: navbatdagi lobbi? Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.
ShHT sammiti: Yuzma-yuz uchrashuvlar, blokdan xoli maqom va transport yo‘laklari
Payshanba-juma kunlari Shanhay hamkorlik tashkilotining uzoq va katta tayyorgarlik ko‘rilgan Samarqand sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda Markaziy Osiyoning beshta mamlakatidan tashqari, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya, Ozarboyjon, Rossiya va Belarus rahbarlari ishtirok etdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon bilan qurolli nizo sababli bir kun qolganda Samarqandga tashrifini bekor qildi.
Sammit doirasida 44 ta hujjat imzolandi. Ular orasidan amaliy ahamiyatga ega eng muhimlaridan biri – Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini boshlash haqida imzolangan uch tomonlama bitim. Bu loyiha salkam 20 yildan beri muhokama qilib kelinayotgan edi.
Kelishuvga ko‘ra, temiryo‘lning Qirg‘iziston hududidan o‘tgan qismi To‘rug‘art – Arpa – Maqmal – Jalolobod yo‘nalishida bo‘ladi va poyezdlar Jaloloboddan Andijonga kirib keladi. Uchta davlat loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini 2023 yil 1 iyuligacha ishlab chiqishga kelishib oldi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuvda Transafg‘on temiryo‘li qurilishini tezlashtirish kerakligini ham ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bu marshrutning birinchi qismi – Termizdan Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrigacha bo‘lgan qismiga temiryo‘l yotqizish ishlarini 2010 yildayoq yakunlab bo‘lgan. Endi Mozori-Sharifdan Kobulga, Kobuldan esa Pokistonning Peshovar shahrigacha temiryo‘l qurilishi kerak. Bir necha oy oldin O‘zbekiston tomoni qurilishni 2027 yilgacha yakunlash rejasini taqdim etgandi.
Sammit kunlari O‘zbekiston rasmiylari Xitoy, Rossiya va Eron bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, o‘nlab hujjatlarni imzoladi. Xitoy raisi Si Jinpingning safari davlat tashrifi maqomida bo‘ldi va ikki davlat o‘rtasida 15 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishildi. Shavkat Mirziyoyev Si Jinpingni “Oliy darajadagi do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Rossiya delegatsiyasi bilan imzolangan bitimlar qiymati esa 4,6 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga Aleksandr Nevskiy ordenini topshirdi. Eron prezidentining O‘zbekistonga 20 yil ichidagi ilk tashrifida esa Toshkent va Tehron o‘rtasida 18 ta hujjatga imzo chekildi, ular orasida turistlar va biznes vakillari uchun viza talablarini soddalashtirish, Hind okeanidagi Chobahor portidan O‘zbekistonga yuk tashishga oid kelishuvlar alohida ahamiyatli.
Tojik-qirg‘iz chegarasi: Sammit paytidagi shubhali harbiy faollashuv
Samarqand sammiti Ukrainadagi urushda sezilarli burilish bo‘layotgan, Ozarboyjon–Armaniston nizosi yana avj olgan, buyoqda Tayvan masalasi sabab Xitoyning G‘arb bilan munosabatlari keskinlashgan bir vaqtga to‘g‘ri kelgani mezbon O‘zbekistonga katta mas’uliyat yukladi. Boz ustiga, ayni shu sammitda ShHT safiga sanksiyalar ostidagi Eron va Belarusning ham qo‘shilishi rasman aniq bo‘ldi. Shunday sharoitda O‘zbekiston o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, bu sammitning G‘arbga qarshi qaratilmaganiga ko‘p bora urg‘u berdi. Shavkat Mirziyoyev hafta boshidagi maqolasida ham, sammitdagi nutqida ham ShHTning blokka aylanmasligi kerakligini ta’kidladi. Sammitning yakuniy hujjati – Samarqand deklaratsiyasida ham bu tashkilot hech qaysi uchinchi tomonga qarshi qaratilmagani haqida alohida yozib qo‘yildi.
Mazkur chaqiriqlar beiz ketmadi deyish mumkin. Sammitning G‘arb bilan ziddiyatli munosabatdagi ishtirokchilari tomonidan G‘arbga qarshi qaratilgan ochiq bayonotlar deyarli ko‘zga tashlanmadi. Shunday bo‘lsa-da, siyosiy anjuman ShHT imijini savol ostiga qo‘yadigan holatlarsiz kechmadi. Juma kuni tashkilot a’zolari bir davrada o‘tirib, global xavfsizlik va hamkorlikni urg‘ulayotgan bir vaqtda, tashkilotga a’zo ikki davlat chegarasida qurolli to‘qnashuv ro‘y berdi.
Qirg‘izistonning Botken viloyatida Tojikiston chegarachilari bilan otishmalar sammitdan oldingi kunlarda ham ro‘y berib turgan edi, lekin bevosita anjumanning asosiy yig‘ilishi davomida avvalgilaridan ko‘ra jiddiyroq harbiy harakatlar amalga oshirildi. Qirg‘iziston tomoni Tojikistonni chegaradagi bir nechta qishloqlarni egallab olishga urinishda, Tojikiston esa Qirg‘iziston chegarachilarini provokatsiya uyushtirishda aybladi. Qirg‘iziston chegarachilariga ko‘ra, bu safar qo‘shni mamlakat harbiylari og‘ir artilleriya, xususan birvarakayiga o‘t ochish tizimlaridan ham foydalangan. Natijada Qirg‘iziston tomonidan 24 kishi halok bo‘lib, 87 kishi jabrlangani ma’lum qilindi. Rasmiy Bishkek, shuningdek, 136 mingdan ortiq fuqarosini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilgan.
Tomonlar kun davomida bir necha marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan, sammitning katta yig‘ilishidan keyin Sadir Japarov va Imomali Rahmon ham ana shunday kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, bu kelishuvlardan keyin ham chegaradagi vaziyat butkul barqarorlashgani yo‘q. Umuman, Japarov va Rahmonning bunday uchrashuv o‘tkazishiga to‘g‘ri kelganining o‘zi juda g‘alati. So‘z erkinligi nisbatan kengroq Qirg‘izistonda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Dushanbening Moskva bilan harbiy aloqalari Bishkeknikidan ko‘ra qalinroqligi, Tojikistonda rus harbiy bazasi borligini yozmoqda.
Yana ayrimlarning taxminicha, biz yuqorida aytib o‘tgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha imzolangan bitim ayrim geosiyosiy kuchlarga yoqmayapti.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishida Rossiya faktori borligini ko‘plab ekspertlar aytib keladi. Ularning fikricha, Qirg‘iziston savdo va transport masalalarida shimoliy yo‘nalishga qaramlikdan qutulib, o‘zi uchun yangi koridor ochishiga Rossiya qarshilik qilib kelgan. Hozirda Xitoy tovarlari Qirg‘iziston va O‘zbekistonga Rossiya orqali kirib kelayotganini inobatga olsak, tabiiyki, bu tranzit daromadini yo‘qotishdan Moskva manfaatdor emas. Va yana aytish kerakki, bu temiryo‘l qurilishining O‘zbekistondan ham ko‘ra Qirg‘iziston uchun ahamiyati kattaroq. O‘zbekiston mintaqa markazida joylashgan va birmuncha ko‘proq transport koridorlariga ega. Shu sababli ham, Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqasiga ega bo‘lishni aynan qirg‘izlar ko‘proq xohlayapti deyish mumkin.
Bu temiryo‘lning yana bir muhim jihati shundaki, u ishga tushsa, Xitoy va Yevropa o‘rtasida Rossiyani aylanib o‘tadigan yangi tranzit yo‘nalishi paydo bo‘ladi. Bu esa Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalarida tranzitdan keladigan daromadning katta qismi Rossiyaddan Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘chishini anglatadi.
Temiryo‘l qurilishida Rossiya faktori borligini Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham tasdiqlagan. U shu yil may oyida Kremlda bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida Putin bilan shu masalada gaplashgandi.
“Bu yo‘l bizga suv va havodek kerakligini hozirgacha hech kim Rossiya tomoniga tushuntirib berolmagan. KXShT sammitida men Vladimir Vladimirovich bilan shu mavzuda 1,5 soat gaplashdim. Oxirida u tushundi va: “Qarshiligimiz yo‘q, sizlarga kerak bo‘lsa, quraveringlar”, degan pozitsiyasini aytdi”, – degandi Sadir Japarov Moskvadan qaytib kelganidan keyin bergan intervyusida. O‘shanda uning bu gaplari qirg‘iz jamoatchiligida: “Biz suveren davlat bo‘lsak, nega Putindan so‘rab ish qilishimiz kerak?” degan savolni uyg‘otgandi.
Albatta, Samarqanddagi sammit payti tojik-qirg‘iz chegarasida ro‘y bergan harbiy to‘qnashuvlarga Xitoyni Markaziy Osiyo va G‘arb bilan bog‘lovchi yangi koridordan manfaatdor bo‘lmagan kuchlarning aloqadorligi, ular bu orqali qirg‘izlarni qandaydir oqibatlardan ogohlantirgan bo‘lishi mumkinligi – taxmin xolos. Lekin ta’kidlashni istardikki, tojik-qirg‘iz chegarasi to‘liq delimitatsiya qilinib, ziddiyatlar barham topishini hamma ham xohlamasligi haqida bundan avval ham ko‘p marta gapirilgan.
Masalaning yana bir jihati bor, ya’ni Qirg‘iziston va O‘zbekistonga temiryo‘l qurish loyihasiga nisbatan Xitoyning munosabati. Si Jinping 2019 yilda Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan borganida bu temiryo‘l masalasi ochiq qolib ketgan edi. O‘tgan uch yilda ehtimol AQSh bilan savdo urushining kelib chiqqani Xitoyning Markaziy Osiyo bozoriga tezroq va ko‘proq kirib borish qaroriga turtki bergan bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, Xitoy raisi Si Jinping shu hafta Samarqandga kelishidan oldin Qozog‘istonga ham davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrif davomida Si Xitoy Qozog‘istonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iyan qo‘llab-quvvatlashini aytib bayonot berdi. Rasmiy Pekin bu pozitsiyasini ochiq e’lon qilgani Qozog‘iston uchun qanchalik ahamiyatli ekanini sharhlab o‘tirishga hojat yo‘q albatta.
Si Jinping o‘z bayonotida To‘qayevning islohotlarini ham qo‘llashini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda prezidentlik muddati faqat 1 marta saylanish sharti bilan 7 yil etib belgilanyapti. Konstitutsiyadagi bu qoida o‘zgartirib bo‘lmaydigan qoidalar qatoriga kiritiladi. Bundan tashqari, poytaxt Nur-Sultonga Ostona nomi qaytariladigan bo‘ldi. Tegishli qonun loyihasi shu hafta Qozog‘iston parlamentida ma’qullandi.
Kinofestivaldagi mojaro
ShHT sammiti tinch yakunlandi. Biroq sammit kunlari bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida jiddiy mojaro chiqdi. Festivalning Turk kinosi kunlaridagi eng asosiy tadbirda kelib chiqqan ishkalga mashhur aktyor Burak O‘zchivit va aktrisa Nurgul Yashilchoy sabab bo‘lgani aytilyapti.
Tadbir dasturiga ko‘ra, Turkiyadan taklif qilingan 11 kinoijodkor sahnaga chiqishi, boshlovchi va muxlislar savollariga javob berishi kerak edi. Tomoshabinlarning ko‘pi, turgan gapki, ular orasidan aynan O‘zchivit va Yashilchoyni ko‘rish uchun kelgan. Lekin bu ikki mehmon ikki marta tantanali ohangda sahnaga chaqirilgan bo‘lsa ham, ular chiqmagan va alohida chiqishlarini aytishgan.
Bu orada Nurgul Yashilchoy sahnaga birrovga chiqib, hamkasblari qatorida o‘tirishni istamagan, tik turgancha unga berilgan mikrofonni ham olmasdan, boshlovchining mikrofonida “salom, yaxshimisizlar” deyish bilan cheklanib, shu bilan sahna ortiga o‘tib ketgan. Boshlovchi noiloj qolganlar bilan suhbat uyushtirib, tadbirni davom ettirgan.
Suhbat yakunlanib, 9 ijodkor sahnani tark etgach, Nurgul Yashilchoy suhbatga tayyorligini bildirgan. Bunga chidolmagan aktyor Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqib, Burak va Nurgulning haqoratiga jimgina qarab turolmasliklarini aytgan va 9 mehmon tadbirdan chiqib ketgan. Ularning ketidan Turkiya elchixonasi vakillari ham zalni tark etgan.
Ayrim faollar Yashilchoy va O‘zchivit gonorar evaziga chaqirilganini eslatib, ularga to‘langan gonorar pullari qaytarib olinishi kerakligini aytdi. Bunga javoban tadbir tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, 9 nafar ijodkor tadbirdan ketib qolgan bo‘lsa ham, avvaliga Nurgul Yashilchoy, keyin Burak O‘zchivit tomoshabinlarning savollariga javob bergan, muxlislari bilan suratga tushgan.
Voqeaning ertasiga Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbah Demirjan ro‘y bergan holat bo‘yicha rasman uzr so‘radi.
1 300 000 000 dollar – O‘zbekiston tarixidagi eng katta o‘g‘riliklardan biri
Bir necha yillar oldin bu kabi kinofestivallarning asosiy yulduzlari qatorida turgan Gulnora Karimova bugun qamoqda. U o‘margan pullarning o‘ndan biri ham hali O‘zbekistonga qaytgani yo‘q.
Shu hafta Adliya vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Karimova rahbarligidagi jinoiy guruh O‘zbekistonni talon-toroj qilib xorijga olib chiqib ketgan jami 1,3 mlrd dollar pulga 1400 ta maktab qursa bo‘ladi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, birgina Shveytsariyadan qaytarilishi kerak bo‘lgan pullar taxminan 686 mln dollarga teng. Hozircha shuning yarmi, taqriban 336 mln dollar uzil-kesil musodara qilingan, shundan 131 mln dollari O‘zbekistonga qaytishi hal bo‘lgan, 205 mln dollar bo‘yicha esa ishlar yakuniga yetyapti. Qolgan 350 mln dollar bo‘yicha sudlar davom etyapti.
Bundan tashqari, Parij yaqinidagi 2 ta qasr sotilishidan tushgan 20 mln dollar o‘tgan 2020-2021 yillarda O‘zbekistonga qaytarilgan. O‘tgan yili, shuningdek, Moskvadagi 6ta xonadonni musodara qilib, sotish haqida hukm chiqqan. Moskva sudi hukmiga ko‘ra, aktivlarni sotishdan tushgan pullarning teng yarmi Rossiyada qoladi, faqat yarmi O‘zbekistonga qaytariladi.
Buyuk Britaniya va Belgiyadagi aktivlar bo‘yicha sudlar hali yakuniga yetmagan. Latviyadan esa 15 mln dollar pul, 24 kilo oltin va Rigadagi madaniy-ko‘ngilochar majmua kabi aktivlarni qaytarish biroz qiyin bo‘lyapti. Umuman, Karimovaga aloqador boyliklar biz hozir sanab o‘tgan 6 ta davlatdan tashqari boshqa davlatlarda ham bor. Ularni qaytarish ishlari bilan asosan O‘zbekiston Adliya vazirligi shug‘ullanyapti.
Gulnora Karimova sodir etgan jinoyat ko‘lami va boyliklarning qaytarilishi masalasi shu qadar kattaki, bu keys kelgusida xalqaro huquq va boshqa ko‘plab fanlarning pul yuvish va restitutsiyaga oid darsliklariga ham kiritilsa kerak.
Quyosh panellari – qurilish qilishdagi majburiy talab
O‘zbekistonda energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha yangi farmon qabul qilindi.
Hujjatga asosan, energiya samaradorligi past bo‘lgan konditsionerlar, muzlatkichlar, kir yuvish mashinalari va boshqa maishiy texnikalar hamda elektr jihozlarini O‘zbekistonga olib kirish taqiqlandi. Bundan buyon O‘zbekistonga faqat energiyasamaradorlik bo‘yicha “A”, “B” yoki “S” toifagi maishiy texnikalarnigina olib kirish mumkin.
Bundan tashqari, 2023 yildan boshlab yangi quriladigan ijtimoiy obektlarga quyosh suv isitkichlari o‘rnatilishi majburiy bo‘ldi.
Bu nima degani? Hujjat talabiga ko‘ra, endilikda yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan maktablar va boshqa ta’lim muassasalari, shifoxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sport komplekslari va yirik savdo majmualarida quyosh suv isitkichlari bo‘lmasa, ular foydalanishga qabul qilinmaydi. Mahalliy isitish tizimiga ulanadigan ko‘p qavatli uylar ham shular jumlasidan. Ularning tomi yoki hovlisiga o‘rnatiladigan quyosh panellari issiq suv ta’minotining kamida 25 foizini ta’minlab bera olishi kerak. Agar loyihada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, bunday qurilishlarni boshlash taqiqlanadi.
Qisqa qilib aytganda, issiq suv bilan ta’minoti bo‘ladigan har qanaqa bino va inshootni qurishda quyosh suv isitkichlari o‘rnatilishi shart. Faqat aholi uylarigina bundan mustasno.
Bu hujjat qayerdan o‘sib chiqqan?
Yuqoridagi farmondan yana bir muhim yangilik o‘rin olgan. 1 oktyabrdan boshlab fuqarolar quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda quyosh suv isitkichlarini 3 yil muddatga foizsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari mumkin. Pulini yuz foiz to‘lab sotib oladigan xaridorlarga esa xarajatlarining bir qismi budjetdan qoplab beriladi. Faqat bitta sharti bor – sotib olinayotgan panellar va suv isitkichlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak.
Ayni shu jihat hujjatni qaysidir tomonning lobbisi bo‘lishi mumkin degan taxmin o‘rtaga chiqaradi. Gap shundaki, O‘zbekistonda quyosh suv isitkichlari Royal brendi ostida ishlab chiqariladi va brend egasi ko‘pchilikka yaxshi tanish. Bu savdo belgisini 100 foiz Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli “J-United Group” ro‘yxatdan o‘tkazgan. Patentning rasmiy egasi – Artel Electronics.
Hozir joylarda “Hududgazta’minot” xodimlari aholi orasida shu brendni targ‘ib qilib yurishibdi. Lekin davlat xizmatchilari qaysidir xususiy kompaniyaning mahsulotini tekinga reklama qilishni to‘xtatishsa ham bo‘ladi, chunki yangi talablar kuchga kirganidan keyin, bu brendning reklamaga muhtojligi qolmaydi: 1 yanvardan boshlab kompaniya mahsulotlariga talab bir necha o‘n barobarga oshib ketishi aniq. Axir xususiy binolardan tashqari, minglab maktablar, shifoxonalar va boshqa davlat obektlarga xorijda ishlab chiqarilgan emas, aynan o‘zimizda chiqqan quyosh panellari o‘rnatiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kengroq tarqalishi juda va juda yaxshi albatta, lekin bu lobbi ortidan bo‘layotgan bo‘lsa, tanlovsizlikni keltirib chiqarsa, kimnidir yanayam boyitish uchun qilinayotgandek ko‘rinsa, bular televizorda aytilayotgan ezgu niyatlarni shubha ostida qoldiraveradi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi urushda asir tushgan o‘zbeklar ishi bo‘yicha Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Notada holat bo‘yicha batafsil ma’lumot berish so‘ralgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Xarkovdagi muvaffaqiyatli qarshi hujumida ko‘plab rus askarlari asir tushgan, ular orasida ikki o‘zbek ham borligi ma’lum bo‘lgandi. Ulardan biri Rossiyada hujjati yo‘q muhojir bo‘lgani, ikkinchisi talaba ekanini aytgan.
Andijon shahrining sobiq hokimi, prokurori, xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i va boshqa rahbarlari sud qilinmoqda. Tergov xulosasiga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruhga shaharning sobiq prokurori Qurbonali Asqarov boshchilik qilgan. U ta’lim tizimidagi mansabdorlardan “dolya” olib yurganlikda ayblanyapti. Talon-toroj qilingan pullar miqdori 63 mlrd so‘mdan oshadi.
Farg‘onaning Oltiariq tumanidagi bog‘chada 41 nafar bola ovqatdan zaharlandi. Bolalardan 28 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ularning ahvoli yaxshi ekani aytilyapti. Holat bo‘yicha prokuratura tekshiruv boshlagan.
“Milliy tiklanish” partiyasining Toshkent shahar kengashi tilla nishon yasattirdi. Sof tilla emas, tilla aralashmasidan yasalgani aytilgan nishon bir yilda bir marta eng fidoyi tuman kengashi deputatiga topshiriladi. Partiyaning bu xarajati tanqidlarga sabab bo‘lgach, nishon 2 mln so‘mga yasalgani, lekin bu budjetning puli emas, homiylik mablag‘i hisobidan qilingani aytildi.
Siz ortda qolayotgan haftada O‘zbekistonda ro‘y bergan asosiy voqea-hodisalar dayjesti bilan tanishdingiz. Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting. Dam olish kuningiz maroqli o‘tsin!
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024