Jahon | 18:37 / 28.09.2022
10603
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng Qozog‘istondagi uylar ijarasi bo‘yicha so‘rovlar 32 baravarga oshdi

Bir hafta ichida Qozog‘istondagi uylar ijarasi bo‘yicha so‘rovlar avvalgi haftadagiga nisbatan 32 baravarga oshgan.

Foto: TASS

Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng Rossiyaning onlayn-bronlash servislarida Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlaridagi uylar ijarasi bo‘yicha so‘rovlar keskin o‘sdi, deb xabar berdi RBK.

«Sutochno.ru» servisi ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta ichida Qozog‘istondagi uylar ijarasi bo‘yicha so‘rovlar avvalgi haftadagiga nisbatan 32 baravarga oshgan. Ana shunday so‘rovlar Tojikiston bo‘yicha 22, Qirg‘iziston bo‘yicha 15, Armaniston bo‘yicha 6 va Gruziya bo‘yicha 2,5 baravarga ko‘paygan. 

«Sutochno.ru» servisi asoschisi Yuriy Kuznetsovning aytishicha, Qozog‘iston bo‘yicha so‘rovlar asosan Ostona, Uralsk, Petropavlovsk va Olmaotaga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, eng ko‘p so‘rov amalga oshirilgan shaharlar orasida Minsk, Vitebsk, Bishkek, Tbilisi, Yerevan va Xo‘jand bor.

«Ostrovok» sayti foydalanuvchilari orasida 19-25 sentabr oralig‘ida Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘izistondagi uylar ijarasi bo‘yicha so‘rovlar avvalgi haftadagiga nisbatan sakkiz baravarga o‘sgan. Gruziya bilan bog‘liq so‘rovlar besh, O‘zbekiston bilan bog‘liq so‘rovlar uch baravarga oshgan.

21 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qildi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatga 300 ming kishi chaqiriladi. Safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Rossiyani tark etuvchilar soni keskin o‘sgani xabar qilindi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid