O‘zbekiston | 15:57 / 03.10.2022
10080
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiyaga kiritilmoqda

Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu norma Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy komissiyasi asosiy qonunning 67-moddasini ham o‘zgartirishni taklif etmoqda.

Bu moddaning amaldagi tahririda shunday yozilgan:

“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ma’lum qilinishicha, bu moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shish taklif etilmoqda:

“Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zlari taqdim etadigan axborotning to‘g‘riligi uchun javobgardir”.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda qator qonunlarda jurnalistlarning bosimlar va tahdidlardan himoyalanishi qayd etilgan bo‘lsa-da, kodekslarda bunga nisbatan javobgarlik kiritilmagan.

Kun.uz avvalroq yozganidek, OAV xodimlari faoliyatiga qarshilik uchun jazo belgilash masalasi qator voqealar fonida bot-bot ko‘tariladi, lekin ijobiy hal bo‘lmayapti. Natijada ularga to‘sqinlik qilish holatlari davom etmoqda.

2019 yildayoq jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. 2020 yilda javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi yana bir qonun loyihasi e’lon qilindi.

2021 yil boshida yana bir loyiha – yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasi e’lon qilindi. Unda ham jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilgan. Biroq hozirga qadar yuqoridagi loyihalarning hech biri qabul qilinmadi.

Jurnalistlarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ustidan parlamentga murojaat etish huquqini qonuniylashtirish masalasi ham qanday ochilgan bo‘lsa, shunday ochiqligicha qoldi.

2020 yili parlamentda ko‘rilgan masala – OAVga ma’lumot bermaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun javobgarlik belgilash ham qog‘ozda qolib ketgan edi.

2021 yilgi Davlat dasturiga binoan, so‘z erkinligini ta’minlash va OAVni har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangandi. AOKA ishlab chiqqan qaror loyihasi hamon tasdiqlangani yo‘q.

OAV faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik belgilash 2022 yilgi davlat dasturiga ham kiritilgan.

Dasturga ko‘ra, qonun loyihasi aprel oyigacha tayyor bo‘lishi kerak edi. May oyida prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov OAVga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ishlar boshlanganini aytgandi.

Mavzuga oid