Jahon | 15:32 / 03.10.2022
9363
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyalik biolog tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi

Foto: Getty Images

Svante Paabo yo‘qolgan gominidlar genomlari va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlar uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. Paaboning otasi ham fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan.

2022 yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti shved biologi Svante Paaboga topshirildi. U yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlar uchun laureat bo‘ldi, deb xabar berdi 3 oktyabr, dushanba kuni ushbu mukofotni topshiruvchi Shvetsiya poytaxti Stokholmdagi Karolin qirollik tibbiyot va jarrohlik instituti.

Paabo Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasining a’zosi, AQSh Milliy fanlar akademiyasi, Fransiya Fanlar akademiyasi va London Qirollik jamiyatining xorijiy a’zosi. Uning otasi Sune Karl Bergstryom ham 1982 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1997 yildan hozirgi kungacha Svante Paabo Germaniyaning Leypsig shahridagi Maks Plank nomidagi evolyutsion antropologiya institutida ishlaydi. 

Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti jami 112 marotaba berilgan, 2021 yilgacha 224 nafar laureat aniqlangan. 
 
2021 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik tadqiqotchilar Devid Julius va Ardem Pataputyanga berildi. Ular inson organizmiga harorat va teginishni sezish imkonini beruvchi retseptorlarni kashf etgani uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. 2020 yilda gepatit C virusini kashf etishga katta hissa qo‘shgan amerikalik virusologlar Xarvi Alter, Charlz Rays va britaniyalik Maykl Xouton mukofot laureatlari bo‘lgan. 

10 oktyabrga qadar Stokholm va Osloda fizika, kimyo, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotlari, Tinchlik mukofoti, shuningdek, Shvetsiya davlat bankining iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan mukofoti laureatlari e’lon qilinadi. 

Mavzuga oid