O‘zbekiston | 16:19 / 05.10.2022
6813
3 daqiqa o‘qiladi

All Nippon Airlines Yaponiyadan O‘zbekistonga aviareyslarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Turizm vaziri Aziz Abduhakimov Tokioga tashrifi vaqtida ANA rasmiylari bilan muzokara o‘tkazdi va Yaponiya shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Urganchga aviareyslarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Aviakompaniya vakillari manzilli muzokaralar uchun O‘zbekistonga borishi kutilmoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov “All Nippon Airlines” (ANA) aviakompaniyasi vitse-prezidenti Junichiro Miyagava bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda Yaponiyadan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatga yaponiyalik sayyohlar oqimini oshirish va turistik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya tomoniga O‘zbekistonning boy turistik salohiyati, fuqaro aviatsiyasi bozorini liberallashtirishga oid chora-tadbirlar, hududiy aeroportlarda ochiq osmon rejimining joriy etilishi, xizmat ko‘rsatish sohasidagi imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Samarqanddagi yangi zamonaviy aeroport terminali hamda “Silk Road Samarkand” turistik markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Junichiro Miyagava, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston yaponiyalik sayyohlar uchun jozibador mamlakat ekanini qayd etib, prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari yaponiyalik turistlarda O‘zbekistonning tarixi va madaniy merosiga qiziqishni oshirayotganini aytdi.

2022 yil 4 avgustidan Uzbekistan Airways “Toshkent – Tokio – Toshkent” yo‘nalishida muntazam reyslarni tiklagani va fuqarolik aviatashuvlarni rivojlantirishda yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini inobatga olib, ANA kompaniyasiga Yaponiyadan O‘zbekistonning turistik shaharlari – Samarqand, Buxoro, Urganchga aviareyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, “All Nippon Airlines” kompaniyasining Tokio va Osaka shaharlaridan Samarqandga charter dasturlarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqishga kelishildi.

Yaponiya turistik agentliklar assotsiatsiyasi (JATA) ko‘magida Yaponiyada O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga oid promo-tadbirlar o‘tkazish, kunchiqar mamlakat turkompaniyalari va OAV vakillari ishtirokida info-tur tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning transport logistikasi, xususan, Samarqanddagi yangi aeroport infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan manzilli muzokaralar o‘tkazish uchun ANA aviakompaniyasi rahbariyatining tashrifi rejalashtirildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid