Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yadro qurolining bevosita tahdidi». Bayden Karib inqirozidan beri «armageddon» xavfi eng yuqori darajada ekanidan ogohlantirdi
AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni dunyo 1962 yilgi Karib inqirozidan beri «armageddon» xavfiga eng yaqin kelganini aytdi, chunki Rossiya hukumati, jumladan prezidenti yadro quroli qo‘llash imkoniyatini haqida gapirmoqda. Avvalroq Oq uyda Rossiyaning ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llashga tayyorlanayotganining hech qanday alomatini ko‘rishmayotgani aytilgandi.
«Yadro qurolini qo‘llashning bevosita tahdidi»
Nyu-Yorkda Demokratik partiya a’zolari tomonidan tashkil etilgan mablag‘ yig‘ish tadbiri vaqtida chiqish qilgan Bayden rossiyaliklar prezidenti Putinni yaxshi bilishi va u «taktik yadro qurollari, biologik yoki kimyoviy qurollardan foydalanish ehtimoli haqida gapirganda hazillashmasligi»ni aytdi.
«Biz Kennedi va Kuba raketa inqirozidan beri «armageddon» istiqboli bilan to‘qnashmagandik», - degan Bayden va Putin tomonidan real tahdid yuzaga kelgani, chunki «uning qurolli kuchlari, aytish mumkinki, ortda qolayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
«Kubadagi raketa inqirozidan keyin birinchi marta, agar hammasi shu yo‘nalishda rivojlanishda davom etsa, bizda yadroviy qurol bilan bevosita tahdid bor», — deya AQSh prezidentidan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.
Amerika prezidenti taktik yadro qurolini osonlik bilan ishlatish va hech qanday oqibatga duch kelmaslik ehtimoli deyarli yo‘q ekanini ta’kidlagan.
Uning ta’kidlashicha, Vashington diplomatik yechimni qidirmoqda. «Biz Putin uchun qanday chiqish yo‘li borligini tushunishga harakat qilmoqdamiz. U nafaqat obro‘sini yo‘qotmaslik, balki Rossiyada sezilarli qudratini yo‘qotmaslik uchun shunday holatga tushishi mumkin», — dedi Oq uy rahbari.
Rossiya armiyasi yadro arsenalini g‘arbning yuqori texnologiyali qurollariga qarshi turishi mumkin bo‘lgan asosiy jihat sifatida ko‘radi.
Uni qo‘llashning eng muhim omili dushmanga psixologik ta’sir ko‘rsatish, ya’ni ehtimoliy tajovuz to‘xtatilgunga va «Rossiyani qoniqtiradigan shartlarda» tinchlik sulhi tuzilgunga qadar eskalatsiya darajasini oshirishga tayyorligini namoyish etish hisoblanadi.
1962 yilgi Karib inqirozi - AQSh va SSSR o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy, diplomatik va harbiy qarama-qarshilikning nomi. Bunga sovetlar Kubaga yadro quroli joylashtirgani sabab bo‘lgan. O‘shanda tomonlar yadro qurolini qo‘llashiga bir baxya qolgandi. Vaziyat sovetlar ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti birinchi kotibi Nikita Xrushchev va AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jon Kennedi o‘rtasidagi suhbat orqali hal qilingan.
Bugun 70 yoshga to‘lgan Putin Rossiya hududiy yaxlitligini saqlash uchun «barcha mavjud vositalarni ishga solishga tayyorligi» haqida aytgan. U bu haqda 21 sentabr kuni, mamlakatda safarbarlik e’lon qilish chog‘ida aytgan, shu bilan birga, «yadro quroli» jumlasini ishlatmagan. «Bu blef emas», deya qayd etgandi u kameraga yuzlanib.
30 sentabr kuni Kremlda Ukrainaning bosib olingan to‘rt hududini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi, 5 oktyabr kuni esa Putin ularning annexiasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarni imzoladi.
Ukraina va G‘arb mamlakatlari Ukrainaning ushbu 15 foiz hududi annexiasini tan olmagan.
«Yadro vasvasasiga chuqur kirishib ketish»
6 oktyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy videoaloqa orqali Avstraliyaning Loui institutida videoaloqa orqali qilgan ma’ruzasida NATO «Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish ehtimolini istisno qilish» uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi oldindan «ogohlantiruvchi» zarba berishi kerakligini ta’kidladi.
Bu so‘zlar Moskvada keskin reaksiya keltirib chiqardi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning so‘zlarini «oldindan aytib bo‘lmaydigan dahshatli oqibatlarga olib keluvchi jahon urushini boshlashga da’vat» deb hisobladi, Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova esa Zelenskiyni «G‘arb siyosatchilari qo‘llari bilan sayyorani yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan maxluq» deb atadi.
Shundan keyin Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov aniqlik kiritib, Zelenskiy ogohlantiruvchi yadro zarbasini emas, sanksiyalarni nazarda tutganini aytdi.
«Hamkasblar, sizlar yadro vasvasasiga chuqur kirishib ketdingiz, endi esa aslida yo‘q joylarda ham yadro zarbalarini eshityapsiz.. Prezident 24 fevralga qadar bo‘lgan muddat haqida gapirdi. O‘shanda Rossiya urush boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ogohlantiruvchi choralar qo‘llash kerak edi. Eslatib o‘taman, o‘sha vaqtda faqat oldini oluvchi sanksiyalargina muhokama etilgandi», — dedi Zelenskiyning vakili.
AQSh rasmiy shaxslari bir necha oydan buyon Rossiya jang maydonida qator strategik muvaffaqiyatsizliklarga duch kelayotgani sababli, Ukrainada ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanishi xavfi haqida ogohlantirmoqda, ammo Baydenning so‘zlari AQSh hukumatidagilarning bu mavzuda aytgan eng keskin bayonoti bo‘ldi, deb hisoblaydi Associated Press.
Reuters agentligi esa Ikkinchi jahon urushi davridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik annexiadan so‘ng Ukraina Xerson oblastida kattagina hududni qaytarib olganiga e’tibor qaratadi. Zelenskiy payshanba kungi videomurojaatida oktyabr oyi boshidan buyon Xerson oblastida 500 kvadrat kilometr hudud va o‘nlab aholi yashash manzillari ozod qilingani haqida aytdi. «Sharqda ham muvaffaqiyatlar bor», deya qo‘shimcha qildi u.
«Rossiya tayyorlanayotganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumot yo‘q»
Hafta boshida AQShdagi rasmiy shaxslar Rossiya yadro kuchlari harakatlarida AQSh tomonidan javob choralari ko‘rilishini talab etadigan o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayotgani haqida ma’lum qilgandi. Seshanba kuni Oq uy vakili Karin Jan-Per Vashingtondagilar hozircha Rossiyaning yadro zarbasiga tayyorgarlik ko‘rayotgani alomatlarini qayd etmagani haqida aytdi.
«Biz yadroviy qurollar masalasi va bunday yadroviy qurollar jaranglashiga jiddiy yondashamiz. Ammo shu bilan birga shuni ta’kidlashni istardimki, biz hozircha strategik yadroviy pozitsiyamizni qayta ko‘rib chiqish uchun hech qanday sabab ko‘rmadik, bizda Rossiya yadro qurolidan foydalanishga tayyorlanayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q», — degan u.
O‘z navbatida, Germaniyaning sobiq kanslerii Angela Merkel Putinning yadroviy tahdidlarini jiddiy qabul qilishga chaqirdi. «Uning so‘zlarini jiddiy qabul qilish, ularni po‘pisa deb e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak», — deya maslahat soldi u Sueddeutsche Zeitung nashriga bergan intervyusida. Uning fikricha, «jiddiy qabul qilish ojizlik yoki murosa belgisi emas, bu siyosiy donolik belgisidir».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025