Jamiyat | 13:02 / 11.10.2022
29935
5 daqiqa o‘qiladi

“Bir kunda 16 km yo‘l bosaman” – maktabga eshakda qatnaydigan bola

Xatirchi tumanining Oqtepa qishlog‘i baland tog‘lar etagida joylashgan. Hovlilar ancha tarqoq: qo‘shni uyga borish uchun qir oshadigan joylar ham yo‘q emas. Qishloq bolalari maktabga turli masofadan goh piyoda, goh turli ulovda qatnashadi. Davlat Xursanov maktabga borish uchun har kuni erta tongda eshak bilan tog‘ oralab, 8 km yo‘lni bosib o‘tadi.  

Davlat Xursanov Xatirchi tumanidagi 30-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi. U maktabga olisdan – tog‘lar orasidan eshakda qatnaydi. Akasi Shamshod Xursanov shu yil maktabni tamomlab, talaba bo‘lgan. Aka-uka yoshligidan bir eshakka mingashib, har kuni 16 km yo‘l bosganicha maktabga borib-kelishgan.

Oqtepa qishlog‘idan 8 km olisda, qirlar bag‘rida 5 xo‘jalik istiqomat qiladi. Davlatning otasi Shakar aka Qorayev bu yerga 18 yil oldin ko‘chib kelgan.

Ikki o‘g‘lim va ikki qizim bor. O‘g‘illarim yoshligidan gohida eshak bilan, gohida piyoda maktabga qatnaydi. Katta o‘g‘lim shu yil talaba bo‘ldi. To‘g‘risi, bu xabarni eshitganimda yig‘lab yuborganman. Kichik o‘g‘lim ham keyingi yil maktabni tamomlaydi. U ham oliygohga o‘qishga kiraman deb harakat qilyapti.

Bu yerda 5 xo‘jalik yashaymiz. Qishloqdan 7-8 km olis. Asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Dehqonchilik ham qilamiz ro‘zg‘orga yarasha. Bozordan faqat choy, yog‘ va sovun sotib olamiz, qolganini o‘zimiz yetishtiramiz”, — deydi Shakar Qorayev. 

Davlat soat 6:30da maktabga qarab yo‘lga chiqadi va manzilga soat 7:45da yetib boradi. Qish kunlari u bu masofani piyoda bosib o‘tadi. Chunki izg‘irinli kunlarda eshakda yurib bo‘lmaydi, odam harakatsizlikdan sovqotadi. 

Davlatning ta’kidlashicha, u yozda tog‘ pistasi terib, 2 mln so‘mga yaqin mablag‘ topgan. U bu pulga mototsikl olmoqchi bo‘lgan. Lekin akasi kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingach, fikridan voz kechib, topgan pulini akasiga bergan:

Yoshligimdan shu tog‘-u toshlar orasida o‘sib, katta bo‘lganman. 2-sinf paytimdan maktabga eshakda qatnayman. Bu eshagimni 5-sinfdan beri minaman. Bu yerda mashina yurolmaydi. Mashinada borish uchun qirning narigi tomonidan aylanish kerak. Bu ancha uzoq bo‘lib ketadi. Motosikl olish uchun tog‘dan pista terib, biroz pul yig‘gan edim. Akam o‘qishga kirgach, to‘plagan pulimni unga berdim. O‘zim fizika, matematika fanlariga qiziqaman. Shu yo‘nalishda o‘qishga kirish niyatim bor.

50 boshga yaqin echkim bor. Tog‘da o‘zlari o‘tlab yuradi. 2-3 kunda bir borib, xabar olaman, to‘plab sanab kelaman. Shoqollar bor. Odamlar bo‘ri ham paydo bo‘lgan, deyishyapti. Agar echkilarga bo‘ri xujum qilsa, anchasini nobud qiladi. Shuning uchun ularni ko‘p tepaga chiqarmaymiz”.

Ayni kunlarda tog‘da do‘lana pishgan payt. Davlatning aytishicha, u maktabdan qaytguncha yo‘lda do‘lana terib yeb, tabiat manzaralaridan bahra olib qaytadi. Buning ham o‘ziga yarasha gashti bor, deydi u.

Oqtepa qishlog‘idagi 30-umumta’lim maktabida 200 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Maktabdagi ayrim o‘qituvchilar Xatirchi tumani markazidan – qariyb 30 kilometrdan qatnab ishlashadi.

Maktab direktori o‘rinbosari Mardiqul Xushvaqtovning ta’kidlashicha, ta’lim maskaniga yangi o‘quv binosi zarur:

Qishlog‘imiz tog‘li hududda joylashgani uchun hovlilar ham ancha siyrak. Bolalar 3-4, hatto 7-8 km olisdan qatnaydi. To‘g‘ri, maktabimizda barcha sharoitlar bor. Ammo o‘quv xonasi yetishmaydi. Shu sababli darslar 2 smenada tashkil qilingan. Ikkinchi smenada darslar kech tugaydi. Qish kunlari qorong‘i bo‘lib qoladi va bu olisdan kelgan o‘quvchilarning uyga qaytishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. Agar qo‘shimcha o‘quv binosi bo‘lsa, darslar bir smenada bo‘lardi va barcha o‘quvchi tushlikkacha o‘qib, to‘garaklardan so‘ng xavotirsiz uyiga qaytardi”.

 Maktab joriy yilgi “Tashabbusli budjet” loyihasining birinchi mavsumida g‘olib chiqqan va qo‘lga kiritilgan mablag‘ evaziga maktab atrofi o‘ralgan.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid