Jizzaxda yuk poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi
To‘qnashuv natijasida poyezd izdan chiqib ketgan. Yuk avtomobili haydovchisi tan jarohati olgan.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «U.Xotamov» MFY hududida yuk poyezdi va yuk mashinasi ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Jizzax-2 va Chamanzor temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 3 550-kilometrida harakatlanib ketayotgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli poyezd yuk avtomobili bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida poyezd o‘z izidan chiqib ketib, harakatdan to‘xtagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, voqea haqida Jizzax viloyati FVB navbatchilik qismiga 20 oktyabrga o‘tar kechasi, soat 00:25 larda xabar kelib tushgan. Darhol voqea joyiga viloyat FVBning qutqaruvchilar bo‘linmasi yuborilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida yuk mashinasi haydovchisi tan jarohati olgan. Unga hodisa joyida zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilib, so‘ng Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Jizzax filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur holatga yuk mashina haydovchisi yo‘l qoidasini qo‘pol ravishda buzgani sabab bo‘lgan. Ayni paytda YTH sodir bo‘lgan joyda shikastlangan temir yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
- Shu yil yanvar oyida Xorazm viloyati Xonqa tumani hududidan o‘tgan temiryo‘l kesishmasida Cobalt mashinasi va teplovoz to‘qnashgan, jarohat olgan haydovchi shifoxonaga yotqizilgandi.
Mavzuga oid
20:04
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
09:31 / 20.11.2024
Jizzaxda ikki bola mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi
09:00 / 13.11.2024
1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
09:25 / 06.11.2024