Jahon | 13:13 / 31.10.2022
15601
13 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga yordam masalasida vaziyat o‘zgaradimi? Isroilda Tehron va Moskvaning ittifoqi fonidagi saylov o‘tkaziladi

Ukrainadagi urush, Eronning unda bilvosita ishtiroki, yaqinda HAMAS delegatsiyasining Suriyaga tashrifi va iqtisodiy muammolar – Isroilda parlament saylovlari 1 noyabr kuni mana shunday fonda o‘tkaziladi, to‘rt yildan kamroq vaqt ichida beshinchi marta.

Isroilliklar yana o‘ng qanot va so‘l markazchilar o‘rtasida tanlov qilishi kerak. Hech kim ishonchli ustunlikka ega emas, barchasi yana beqaror koalitsiya tuzilishiga olib kelishi mumkin. Foto: BLOOMBERG

Turli yo‘nalishdagi partiyalar vakillaridan iborat bo‘lgan va Benyamin Netanyahuni ag‘darish uchun birlashgan avvalgi hukumat bir yarim yil ham faoliyat yuritmadi.

Parchalanishning rasmiy sababi O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi yahudiy aholi yashash manzillari maqomi masalasi bo‘lib, kutilganidek, koalitsion hukumatdagi o‘ng markaz va arab partiyalari bu borada kelisha olmadi.

Lekin, hozirgi hukumat ichki va tashqi maydonda boshqa muhim yutuqlarga erishmagani hisobga olinsa, bu yagona sabab emas.

Yozda beshinchi saylovlar o‘tkazilishi oydinlashgach, ijtimoiy fikr so‘rovlari ko‘pchilik isroilliklarni faqat iqtisodiyot xavotirga solayotganini ko‘rsatdi. Ammo oktyabr oyi ko‘p narsani o‘zgartirdi.

Jamiyatdagi g‘alayon

Dunyoning yarmi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush masalasida Isroilni betaraf pozitsiyasi uchun tanqid qilayotgan bir paytda, Eron juda samarali tarzda Moskva tarafiga o‘tib oldi.

«Eron ballistik raketalarni Rossiyaga berayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu qonli mojaroda Isroil qanday pozitsiyani egallashi kerakligi haqidagi shubhalar yo‘qoldi. Ukrainaga xuddi AQSh va NATO singari harbiy yordam berish vaqti keldi», deb yozdi Isroilning diaspora ishlari bo‘yicha vaziri Naxman Shay.

Shunda hamma Shay so‘zlarini Isroil rahbariyati siyosatining o‘zgarishi alomati sifatida baholadi. Chunki bu mamlakat Rossiya-Ukraina  mojarosida betaraf bo‘lib kelayotgan, Ukrainaga qurol berishni istamagan (lekin gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatgan), Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan va hatto Kiyev bilan Moskva o‘rtasida vositachi bo‘lishni taklif qilgan edi, lekin muvaffaqiyatsiz.

Ammo hech narsa bo‘lmadi. Shu kuni Isroil mudofaa vaziri Benni Gans Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilmasligini yana bir bor ta’kidladi.

Ammo Diaspora ishlari bo‘yicha vazirning so‘zlari Isroil jamiyatida birmuncha vaqtdan beri davom etayotgan jarayonlarni kuchaytirdi. Ularning natijalarini ehtimol 1 noyabr kuni yakuniga qadar ko‘rishimiz mumkin.

Netanyahu o‘yinga qaytdimi?

Gap faqat iqtisodiyot haqida bo‘lsa, Isroilni 15 yildan ortiq boshqargan, lekin korrupsiyada ayblanib, ikki yildan beri sudlanayotgan Benyamin Netanyahuning imkoniyatlari unchalik katta emasdi.

«Bibi» budjet taqchilligi, ishsizlikning keskin oshishi va iqtisodiy pasayish sharoitida, ya’ni mamlakat iqtisodiyotini ayanchli ahvolda qoldirib, bosh vazirlik lavozimini tark etgan edi.

Netanhu shtabi mamlakat bo‘ylab maxsus tashviqot furgonlarida harakatlanmoqda
Foto: AFP

Ammo so‘nggi bir-ikki hafta ichida tom ma’noda ko‘p narsa o‘zgardi: Isroil o‘zining asosiy raqibi deb hisoblaydigan Eron Rossiyaga qurol yetkazib beruvchiga aylandi va Falastinning HAMAS harakati delegatsiyasi Suriya prezidenti Bashar Asad bilan aloqa o‘rnatish uchun Damashqqa yo‘l oldi, bu davlat ortida ham Eron turadi.

Ko‘pchilik isroilliklar «Putin urushi»dagi betaraflik tashqi xavfsizlik uchun oqilona deb hisoblab kelayotgandi, endi bu hech narsani kafolatlamaydigan bo‘ldi.

Shu paytgacha Isroil hukumati Suriyada joylashtirilgan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘z aviatsiyasining Suriya osmonida parvoz qilish erkinligini cheklashi mumkinligidan xavotirda edi. Moskva bilan o‘ziga xos «kelishuv» Isroilga shimoliy-sharqiy chegaralarida o‘z xohishiga ko‘ra harakat qilish imkonini beradi, deb ishonilgan edi.

Ammo, yaqinda ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaga yetkazib berilayotgan Eron dronlari Suriyada ham yig‘ilmoqda. 21 oktyabr kuni Isroil aviatsiyasi Suriyaning Dimas shahridagi aeroport hududida joylashgan shunday obektlardan biriga zarba berdi.

Bunda Isroil, albatta, Ukrainaning emas, balki o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakat qildi. Lekin Rossiya uchun bu hech qanday fundamental ahamiyatga ega emas: Putin Eron-Suriya infratuzilmasini ikki baravar ishtiyoq bilan himoya qiladi.

«Ukrainani bombardimon qilish uchun Eron tomonidan Rossiyaga arzon narxlardagi dronlarning yetkazib berilishi Tehron va Moskva o‘rtasidagi harbiy aloqalar kengayib borayotganidan dalolatdir. Bu esa Isroilga urush tabiati qanday o‘zgarib borayotganini ko‘rsatuvchi ogohlantiruvchi signaldir», dedi Harvard universiteti Yaqin Sharq tadqiqotlari markazining sobiq xodimi Bishara Bahba.

Mana endi Bibi Netanyahu o‘yinga qaytmoqda. Hatto reytingi eng past bo‘lgan davrlarda ham isroilliklar tashqi xavfsizlikni ta’minlash – uning ustunligi ekanini tan olishgan.

Ukraina masalasi: pastdagilar xohlamoqda, tepadagilar ojiz

Isroilliklarning 44 foizi partiyalarning iqtisodiy rejalarini hal qiluvchi deb hisoblasa-da, rusiyzabon saylovchilarning 75 foizi bo‘lajak hukumatning Ukraina masalasi bo‘yicha niyati aniq bo‘lishini istaydi (tub isroilliklarning 76 foizi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi). Buni ijtimoiy so‘rovlar ham ko‘rsatmoqda.

Isroil ijtimoiy tarmoqlarining rus tilli segmentida bunday qarash keng tarqalgan

Hozir mamlakat so‘nggi yillardagi eng katta repatriatsiya (yahudiylarning Isroilga ko‘chib o‘tishi) to‘lqinini boshdan kechirmoqda, bu faqat Ukrainadagi urush tufayli yuzaga kelgan.

Isroil immigratsiya va integratsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlangandan beri Rossiyadan 20 mingga yaqin, Ukrainadan 12 mingdan ortiq odam mamlakatga ko‘chib kelgan. Yil oxiriga qadar ularning soni yanada oshishi mumkin. Shuningdek, Isroil 25 mingga yaqin vaqtinchalik qochqinni qabul qilgan.

Yahudiylarga repatriatsiyada yordam beruvchi «Soxnut» agentligi Rossiyada tugatilish arafasida turibdi. Ammo hozir ishlayotgan bir paytda rossiyalik yahudiylarning oqimi faqat ortib boraverdi, deb hisoblaydi Isroil rasmiylari.

Isroilga kelganlar orasida urushga qarshi aniq pozitsiyaga va rusiyzabon muhitda katta ta’sirga ega bo‘lgan ko‘plab rossiyalik taniqli shaxslar bor – Alla Pugachyova, Maksim Galkin, Andrey Makarevich, Viktor Shenderovich, Ivan Urgant va boshqalar.

Ilgari avtomatik tarzda Avigdor Liberman tarafdorlari hisoblangan rusiyzabon saylovchilar hozir Ukraina bo‘yicha aniq pozitsiyaga ega bo‘lgan har qanday siyosatchi tomoniga o‘tib olishi mumkin.

O‘tmishdagi ko‘plab saylovlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, birlashgan «rus ko‘chasi» doimiy ravishda o‘z nomzodiga parlamentda besh-sakkiz o‘rin olib kelgan. Knessetda ustunlikka zo‘rg‘a erishib kelayotgan partiyalar yoki koalitsiya uchun bu oz ko‘rsatkich emas.

Urush davrida Isroilda Ukrainani qo‘llab-quvvatlab, ko‘p sonli aksiyalar bo‘lib o‘tdi, ularda rus tillilar ham, tub isroilliklar ham faol qatnashishdi. Shu bilan birga Rossiya tarafdorlari ham aksiyalar o‘tkazishgan, ammo bu keng ko‘lamli va ko‘p bo‘lmagan, shuningdek tub isroilliklar qatnashmagan. Foto: AFP

Tub isroilliklar Eron o‘z yadro dasturini Rossiya yordamida amalga oshirayotganini ko‘proq aytishmoqda va hukumatning harakatsizligidan hayratda.

Biroq, jamoatchilikdan bo‘layotgan ochiq signallarga qaramay, Ukraina masalasi partiyalarning saylovoldi dasturlarida yo butunlay yo‘q, yoki juda past o‘rinda.

Faqat Netanyahu yana bosh vazir bo‘lsa, «nima qilish mumkinligini o‘ylab ko‘rishi»ni aytmoqda, ammo aniq va’dalar bermayapti. Shu bilan birga, ko‘pchilik u Putin bilan o‘tmishda yaqin aloqada bo‘lganini eslaydi.

Isroillik ekspertlarga ko‘ra, partiyalar saylov oldidan Ukraina mavzusini atayin chetlab o‘tmoqda. Agar ular Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga qalbida tayyor bo‘lsa ham, hozirgi bosqichda, parallel ravishda Eron muammosi va Suriya yo‘nalishidagi keyingi harakatlarni muhokama qilmasdan turib, buni amalga oshirish mumkin emasligini tushunib turibdi.

Bo‘lajak koalitsiyaning istiqboli mavhum bo‘lib turgan sharoitda, Isroil xavfsizligi uchun juda muhim bo‘lgan ushbu masalalar bo‘yicha hech kim hech qanday va’da berishni istamayapti. Faqatgina barkamol hukumat tuzilganidan keyin bu masalalarga oydinlik kiritiladi.

«Rossiyaning harakatlarida mantiq yo‘qligi Isroilning Ukrainadagi urushga bo‘lgan munosabati haqidagi fikrimni o‘zgartirishga majbur qildi. Isroil strategik qadriyatlarni qayta baholashga tayyor bo‘lishi kerak, hatto bu Isroil aviatsiyasining Suriyadagi harakatlari maydonini toraytirsa ham», – deydi Mudofaa armiyasi bosh shtabining sobiq rahbari Gadi Ayzenkot. Agar keyingi hukumat Lapid yoki Gans tomonidan shakllantirilsa, u hukumatda muhim portfelga da’vogarlik qilmoqda.

Ayni paytda kuchlar taqsimoti

Yair Lapid (chapda) va Binyamin Netanyahu yana o‘zaro raqibga aylandi. Kuzatuvchilar Bibining kichik ustunligi kuzatiladigan navbatdagi siyosiy turg‘unlikni bashorat qilishmoqda. Foto: AFP

Ko‘plab so‘rovlarga ko‘ra, asosiy kurash yana Bibi Netanyahu yetakchiligidagi «Likud» va amaldagi bosh vazir Yair Lapid yetakchiligidagi «Yyesh Atid» partiyasi o‘rtasida kechadi. Ular mos ravishda o‘rtacha 31 va 26 deputatlik o‘rniga da’vogarlik qilmoqda.

Partiya yoki koalitsiya hukumatini shakllantirish uchun 120 o‘rindan 61 tasiga egalik qilish kerak. Demak hammasi asosiy da’vogarlar ittifoqchilari ko‘rsatadigan natijalarga bog‘liq bo‘ladi.

Hozir Bibining blok tuzish imkoniyatlari ishonchliroq ko‘rinyapti, chunki so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, uning o‘ng va o‘ta o‘ng qanotdagi ittifoqchilari so‘nggi saylovlarga nisbatan o‘z pozitsiyalarini biroz mustahkamlagan, markazchilar va Lapidning so‘l markazchi tarafdorlari esa bir necha punkt yo‘qotgan.

Bibi Netanyahu va o‘ta o‘ngchilarning hokimiyatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Yair Lapid isroillik arablarning yordamiga tayanishi kerak edi, deb hisoblaydi ko‘plab isroillik kuzatuvchilar.

U haqiqatan ham arab aholisi ko‘proq bo‘lgan shaharlarga sayohat qildi va saylov oldidan arabiyzabon nashrlarga ikkita katta intervyu berdi. Ammo bu yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Sentyabr oyidagi so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, 1 noyabrda isroillik arablarning saylovda ishtirok etish ko‘rsatkichi 40 foizdan past bo‘ladi. So‘nggi saylovlarda bu 44 foizni, 2020 yil mart oyida esa 64 foizni tashkil etgan edi.

Isroil janubidagi Beer-Sheva shahrida faollar ultra o‘ng «Otsma Yyegudit» partiyasi va uning rahbari Itamar Ben-Gvir posterlarini bejab tashlashgan. Foto: AFP

Isroilning bir qator moliya institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘rt yildan kamroq vaqt ichida o‘tkazilgan beshta saylov g‘aznaga taxminan 15 milliard shekelga (4 milliard dollardan ortiq) tushgan.

Hatto uchinchi saylovdan keyin tahlilchilar bu nafaqat budjetga, balki mamlakat tashqi xavfsizligiga ham zarar yetkazishi haqida ogohlantirib, bong urishgan edi.

Bunday qisqa vaqt ichida beshinchi saylovni o‘tkazish – misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich. Oltinchisi esa (agar yangi koalitsiya yana uzoqqa bormasa) falokatli bo‘ladi.

Parlamentning uzoq muddat faoliyat yurita olmasligi mamlakatning normal ishlamayotganini anglatadi. Bu ichki siyosat uchun halokatli va tashqi xavfsizlik uchun xatarli, dedi tahlilchi Tal Shnayder.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid