Jahon | 17:04 / 08.11.2022
30449
7 daqiqa o‘qiladi

Kreml Xersondan chekinishni «nomaqbul, ammo ehtimoliy» variant deb hisoblamoqda

Ular ehtimoliy mag‘lubiyatni tushuntirish uchun oldindan yo‘riqnoma tayyorlashdi.

Foto: AP / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti ma’muriyati rossiyalik targ‘ibotchilar uchun bir qancha yangi qo‘llanmalar tayyorlagan. Unda Xersondagi vaziyat haqida qanday gapirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bor. Bu Rossiya aholisini shahar tashlab ketilishi mumkinligiga tayyorlash, «jamoatchilik fikri»ni shakllantirish uchun qilingan. Bunday yo‘riqnomalardan ikkitasi «Meduza» ixtiyoriga kelib tushgan.

Hujjatlardan birida aytilishicha, Xerson – «maxsus operatsiyaning hozirgi bosqichida Rossiya armiyasi uchun eng qiyin yo‘nalish». Targ‘ibotchilarga bu vaziyatni quyidagicha tushuntirish taklif etilgan: «G‘arbdan yangi yordam so‘rash uchun Ukraina o‘z terrorchi tuzilmalarining jangovar qobiliyatini namoyish etishi hayotiy zarurat».

«Kiyev o‘z yo‘qotishlariga e’tibor bermaydi, u yangi xandaqlar va qurol-yarog‘ ta’minoti uchun o‘zining va boshqalarning o‘n minglab askarlarini qurbon qilishga tayyor. Rossiya qo‘shinlari tinch aholi va shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Millatchilarning katta guruhi tomonidan shaharga yoppasiga zarba berish xavfi borligi tufayli, tinch aholini Dneprning chap qirg‘og‘iga ko‘chirish zarurati tug‘ilgan», deyiladi hujjatda.

Xersonning rossiyaparast hukumati oktyabr oyi o‘rtalaridan Dneprning o‘ng qirg‘og‘idan odamlarni deportatsiya qilishni boshladi. Noyabr oyi boshida Vladimir Putin «Xersonning tinch aholisini jangovar hududdan olib chiqish» kerakligini aytdi, bosqinchi hukumat esa «majburiy evakuatsiya» e’lon qildi. 7 noyabr kuni «evakuatsiya» yakunlangani e’lon qilindi. Biroq, aholining bir qismi shaharda qolib, Ukraina armiyasi qaytishini kutishga qaror qilgan.

Qo‘llanmada Xersondan ehtimoliy chekinishning yana bir sababi ham ko‘rsatilgan – «Ukraina va NATO mamlakatlari barcha kuchlarini frontning ushbu yo‘nalishiga tashlagan va bu katta qon to‘kilishiga olib kelishi mumkin».

«Zelenskiy butun dunyo uchun qonli shou tashkil qilmoqda, Ukraina qurolli kuchlarini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatib, yangi moliyaviy yordam talab qilmoqchi. Dushman Xersonning Rossiya uchun tuzoqqa, o‘n minglab qurbonlar bo‘ladigan jang maydoniga aylanishini xohlaydi.

Ukraina qurolli kuchlari Kaxovka GES hududida terakt uyushtirmoqchi. Bu esa jangchilarimiz uchun «tuzoqqa» aylanishi mumkin. Chunki, juda ko‘p aholi punktlari suv ostida qoladi, harbiylarimiz esa hatto jang qila olmaydi, chunki ularni shunchaki suv oqizib ketadi», deyiladi qo‘llanmada.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kaxovka GES to‘g‘oni rossiyalik harbiylar tomonidan minalashtirilganini ma’lum qilgandi. Uning portlashi oqibatida Ukrainaning 80 ga yaqin aholi yashash manzillari, jumladan Xerson suv ostida qolishi mumkin.

Bundan tashqari, targ‘ibotchilarga Xerson shahrida janglar «nomaqbul» ekanini ta’kidlash tavsiya etiladi, chunki «shahar sharoitidagi janglar har doim qiyin va halokatli», Ukraina qurolli kuchlari esa «Xersonni shunchaki yer bilan yakson qilishi mumkin».

Rossiyaning Xersondagi qo‘shinlari haqiqatan ham qiyin ahvolda. Ularning ta’minoti nihoyatda murakkab, chunki asosiy bazalar Dneprning narigi qirg‘og‘ida joylashgan va ko‘priklar Ukraina tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Ta’minotdagi qiyinchiliklar tufayli bu qo‘shin sonini oshirish deyarli imkonsiz.

Kremlda tayyorlangan ikkinchi qo‘llanmada davlat tashviqoti xodimlariga diplomat, tarixchi va siyosatshunos, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi huzuridagi ilmiy kengash a’zosi Anatoliy Torkunov so‘zlariga «e’tibor qaratish» zarurligi alohida ta’kidlangan.

Putin va tarixchilar o‘rtasidagi uchrashuvda Torkunov Poltava jangini eslab, Pyotr I «Poltavaga chekingani» va bu oxir-oqibat «urushda burilish nuqtasi»ga olib kelgani va g‘alabaga sabab bo‘lganini aytgan edi.

Hozirda Rossiya rasmiylari Xersonning boy berilishini frontdagi vaziyat uchun «nomaqbul», ammo «ehtimoli bor» ssenariy sifatida ko‘rmoqda. Ilgari Rossiya amaldorlari (shu jumladan eng yuqori martabalilar) bir necha bor Rossiya urush boshida qo‘lga kiritilgan hududlarida Rossiya «abadiy qolishi»ni ta’kidlagandi.

«Yana bir bor Xerson oblasti aholisiga murojaat qilib, Rossiya bu yerda abadiy ekanini aytishni istardim. Bunga hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak. O‘tmishga qaytish bo‘lmaydi. Biz birga yashaymiz», degan edi «Yedinaya Rossiya» partiyasi bosh kengashi kotibi Andrey Turchak may oyida.

Kremlga yaqin bo‘lgan ba’zi manbalar, umuman olganda, frontning bu qismidagi vaziyat Moskvaga emas, balki Ukraina qurolli kuchlarining harakatlariga bog‘liqligini ta’kidlamoqda.

«Agar yoppasiga hujum bo‘lmasa, taslim bo‘lish ham yo‘q. Agar bunday hujum bo‘lsa, taslim bo‘lish ehtimoli juda va juda katta», deb tushuntirdi ulardan biri.

Manbaga ko‘ra, Xersondan chekinish bo‘yicha yakuniy qarorni shaxsan Putin, o‘zining «yaqin doirasi» odamlari ishtirokida qabul qilishi kerak (urush boshlanganidan keyin u asosan yuqori martabali xavfsizlik xodimlaridan iborat). Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu maqola chop etilgunga qadar bu haqdagi savollarga javob bermadi.

Shu bilan birga, ba’zi manbalarga ko‘ra, Kreml go‘yoki Rossiya armiyasi 2023 yil qishida Ukraina bo‘ylab yangi keng ko‘lamli hujumni boshlashiga umid qilmoqda. Kreml vaqtdan yutish va shu muddatgacha safarbar qilingan rossiyaliklarning maksimal sonini tayyorlash maqsadida Ukraina bilan ehtimoliy muzokaralar haqida tobora ko‘proq gapirmoqda.

G‘arb ommaviy axborot vositalari yangi hujumning ehtimoliy nishoni Odessa shahri bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularning fikriga ko‘ra, Kreml Odessani «urushning keyingi bosqichidagi asosiy strategik mukofot» sifatida nishonga olgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid