Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga kirishiga rozilik berishga tayyor emasligini ma’lum qildi
Anqara Stokholmning «ijobiy qadamlarini» ko‘rmoqda, biroq bundan keyingi harakatlarni kutmoqda, dedi Turkiya prezidenti Shvetsiya bosh vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng.
Turkiya hali ham Shvetsiyaning NATOga kirishiga rozilik berishga tayyor emas. Bu haqda 8 noyabr, seshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Shvetsiya to‘g‘ri yo‘nalishda «ijobiy qadamlar» qo‘ymoqda, dedi u, ammo NATOga a’zolikni haqiqatga aylantirish uchun keyingi qadamlar kerak. Erdo‘g‘an, noyabr oyi oxirida Stokholmda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shvetsiya, Finlandiya va Turkiya vakillarining uchrashuvidan ko‘proq natija kutayotganini aytdi.
O‘z navbatida, Ulf Kristersson uning mamlakati iyun oyi oxirida tomonlar imzolagan memorandum bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu terrorizmga qarshi kurashga ham tegishli. «Shvetsiya terrorchilik tahdidiga qarshi turish uchun Turkiya oldidagi barcha majburiyatlarini - NATOga a’zo bo‘lish arafasida ham, kelajakdagi ittifoqchi sifatida ham bajaradi», - dedi Shvetsiya hukumati rahbari.
Shvetsiya va Finlandiya may oyida Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan an’anaviy betaraflikdan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Biroq Turkiya rahbari alyansni kengaytirishga rozilik berishdan bosh tortdi. Iyun oyi oxirida Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya rahbarlari 10 banddan iborat qo‘shma memorandum imzolagan edi. Unga ko‘ra, tomonlar terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma mexanizmni shakllantiradi hamda Finlandiya va Shvetsiya bu masala bo‘yicha «ichki qonunchilikni yanada qat’iylashtirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi».
Memorandum qabul qilingandan keyin Shimoliy Atlantika alyansi ikki davlatni NATOga qabul qilish tartibini boshladi. Biroq iyul oyida Erdo‘g‘an, agar bu davlatlar kelishuvlarga rioya qilmasa, Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga baribir to‘sqinlik qilishi mumkinligini aytgan edi. Anqara, jumladan, Helsinki va Stokholmdan kurdlar va 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etganlikda gumon qilinganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.
Avgust oyi boshida NATOga a’zo 30 ta davlatdan 23 tasi Finlandiya va Shvetsiyani qabul qilishga rozi bo‘ldi. Ularning kirishi to‘g‘risidagi hujjatlar alyansning barcha a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Shundan keyingina shimoliy mamlakatlarning ikkalasi ham NATO nizomining kollektiv mudofaa tamoyilini belgilovchi 5-moddasi bilan himoyalanadi.
Mavzuga oid
22:14 / 19.11.2024
Shvetsiya prokuraturasi Boltiq dengizi tubidan o‘tgan kabellarga shikast yetkazilishini qo‘poruvchilik deb baholadi
22:40 / 05.11.2024
Mudofaa «yashil energetika»ga qarshi: Shvetsiya 13 ta shamol generatori qurilishiga ruxsat bermadi
21:59 / 02.11.2024
Shvetsiyada noqonuniy migrantlarga qarshi kurash kuchaytiriladi
08:00 / 16.10.2024