O‘zbekiston | 21:31 / 13.11.2022
20283
3 daqiqa o‘qiladi

Buni faqat borib ko‘rish kerak – Darband | Manzil

“Manzil” bu safar O‘zbekistonning tuzilishi jihatidan yagona darasi, ajoyib manzaraga ega qishloq, samimiy insonlar, xatarli yo‘lak va takrorlanmas hissiyotlarga boy sayohatni taqdim etadi. Bu manzil esa Darband qishlog‘idir.

Darband qishlog‘i Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan. Darband so‘zi forschadan dar — eshik, dara; band — mustahkam, berk, to‘siq degan ma’nolarni anglatadi. Qishloq qadimdan katta ahamiyatga ega tranzit vazifasini bajargan. Qishloq orqali o‘tgan yo‘l Buxoro amirligi davrida amirlikning g‘arbiy qismini sharqiy qismi bilan bog‘lovchi eng yaqin yo‘l hisoblangan. 1929 yilda Termizga temiryo‘l olib kelinganidan so‘ng qishloq hududidan o‘tgan yo‘l o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Lekin hozirda ham qishloq hududidan o‘tgan yo‘l Qashqadaryo va Surxondaryoni bog‘lovchi yo‘llardan biri hisoblanadi.

Manzilga kelib, shu yerdagi mehmon uyiga joylashdik. Qishloqqa nisbat olib qaraganda tunab qoladigan joyimiz ideal holatda deya olamiz. Qishloqqa sayohat qiladiganlarga tunash uchun joy muammo emas. Sayohatimizga Shahrizod ismli yigit hamrohlik qildi. U bizga ham haydovchilik, ham gidlik va ekstremal maslahatchilik xizmatlarini ko‘rsatdi. Uning yordami bilan sayohat qiyinchiliklarsiz va qulay o‘tdi deyish mumkin.

Darbandda uchta dara bor, birinchisi Darband darasi, ikkinchi darani ko‘pchilik Darband kanoni deb ataydi. Uchinchisi esa Buzrukdara, ya’ni buyuk dara deb ataladi. Bu yerga kirgan odam o‘zini boshqa olamga tushib qolgandek his qiladi. Sayohatchilar ta’biri bilan aytganda, bu qaysidir boshqa davlat emas, bu aynan O‘zbekiston.

Daralarni birma-bir aylanib chiqdik. To‘g‘risi, bu yerda olingan taassurotlarni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin. Oxirgi kirgan daramiz Buzrukdarada ekstremal hayajon va qo‘rquvni his qildik.

Darband qishlog‘i aholisi asosan chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Erkaklarning ko‘pchiligi esa chet elda ishlaydi.

Darbandga kelishning afzalliklaridan biri, poyezddan to‘g‘ri qishloqqa tushasiz. Yana bir jihati — har kuni poyezd bor, haftada ikki kun vodiydan ham poyezd boradi. Sizga tavsiya qiladiganimiz o‘sha-o‘sha, ming marta eshitgandan bir marta borib ko‘rgan afzal.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid