O‘zbekiston | 14:23 / 14.11.2022
32144
5 daqiqa o‘qiladi

“Jinoyat alomatlari yo‘q”. Harbiy xizmatning 50-kunida vafot etgan askar o‘limi bo‘yicha tergov tugatildi

Harbiy prokuratura Qarshi tumanidagi harbiy qismga xizmatni o‘tash uchun yuborilgan 18 yashar askarning o‘limida biror shaxs harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb topgan.

Foto: Kun.uz

Marhum askarning otasi Rinat Sauletovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘g‘lining o‘limi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 24 sentabrda tugatilgan.

“Dastlabki tergovda barcha holatlar to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirilib, yakuniga ko‘ra R.Qidiraliyevning vafotida biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli jinoyat ishi 2022 yil 24 sentabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga (Gumon qilinuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatildi.

Tergov natijalariga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida SSV, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali boshlig‘i hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy Havo Kuchlari qo‘shinlari qo‘mondonligiga taqdimnomalar kiritildi”, deyiladi Qarshi harbiy prokuraturasi hududiy harbiy prokurori S.Ashrapov imzosi bilan marhumning ota-onasiga yuborilgan rasmiy xatda.

Rinat Ssauletov, marhum askarning otasi / Foto: Kun.uz

Rinat Sauletov tergov va sud-tibbiy ekspertiza natijasidan qoniqmay yuqori turuvchi instansiyalar, jumladan, Oliy Majlis Senati va Prezident administratsiyasiga arz qilgani, murojaatlariga ushbu idoralardan emas, balki Harbiy prokuraturadan javob kelganini aytmoqda.

“R.Qidiraliyevning jasadini ko‘rikdan o‘tkazish hamda sud-tibbiy ekspertiza davomida marhumning oyog‘idagi, shuningdek, burnining o‘ng tomonidagi qizil dog‘lar unga nashatir spirti yordamida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish chog‘ida yuzaga kelgani aniqlandi. Jasadni ko‘zdan kechirish vaqtida, murojaatlaringizda ko‘rsatilgan boshqa tan jarohatlari aniqlanmadi, marhumning tanasidagi boshqa o‘zgarishlar sud-med ekspert tomonidan jasadni yorib ko‘rilishi natijasi hisoblanadi. Oyoqning o‘ng tomonidagi ko‘karish shaklidagi tan jarohatlari o‘lim sababi hisoblanmaydi.

Sud tibbiy ekspertizasi komissiyasi xulosasiga ko‘ra R.Qidiraliyevning o‘limi traxeobronxomalyatsiya deb nomlanuvchi tug‘ma kasallik va o‘tkir nafas yetishmovchiligi natijasida ro‘y bergan. Shulardan kelib chiqqan holda 2022 yil 24 sentabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga (Gumon qilinuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan jinoyat ishi tugatilgan”, deyiladi Respublika harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Xudoyberdiyev imzosi bilan marhumning ota-onasiga yuborilgan javob xatida.

Shuningdek, Harbiy prokuratura tomonidan Rinat Sauletovning farzandi Ruslan Qidiraliyevning jasadini eksgumatsiya qilish haqidagi talabi ham rad etilgan.

Marhumning harbiy formasi / Foto: Kun.uz

Rinat Sauletov takroriy sud-tibbiy ekspertizasi Mudofaa vazirligi tizimida ishlovchi ekspertlar tomonidan o‘tkazilgani, bu jarayonda ularning xolisligiga ishonib bo‘lmasligini ta’kidlab, ekspertiza mustaqil tashkilot tomonidan amalga oshirilishi zarurligini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, askarning o‘limi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslikda ifodalangan ehtiyotsizlik oqibatida inson o‘limiga sababchi bo‘lish) bilan shifokorlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limiga “Yurak surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi” ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan edi. Biroq marhumning yaqinlari Kun.uz'ga bergan intervyusida ekspertiza xulosasiga ishonmayotganlarini aytishgandi.

O‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma / Foto: Kun.uz

Qurolli Kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi tomonidan berilgan ekspertiza xulosasida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filiali davlat sud tibbiy eksperti tomonidan qo‘yilgan tashxis va o‘lim sababi o‘z tasdig‘ini topmagani, o‘limga sabab bo‘lgani aytilgan tashxislar ilmiy asoslantirilmagani, bundan tashqari, ekspertiza o‘tkazish jarayonida ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, bu orqali milliy va xalqaro qonunchilik talablari buzilgani qayd etiladi.

Biroq Harbiy prokuratura tomonidan marhumning ota-onalariga yuborilgan rasmiy ma’lumotlarda ushbu qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qanday choralar qo‘llangani aytilmaydi. Faqatgina aniqlangan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida mas’ul tashkilotlarga taqdimnoma kiritish bilan cheklanilgan.

Kun.uz surishtiruvi davomida oddiy askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limi bilan bog‘liq talay savollar ochiq qolayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid