O‘zbekiston | 23:20 / 15.11.2022
121575
5 daqiqa o‘qiladi

Internetda behayo videolari tarqalgan qiz 5 sutkaga qamaldi

Toshkent shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Umarova videolari ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lgan qizga chora ko‘rishni so‘rab Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘iga murojaat qilgan. Mutasaddining arizasi asosida ma’muriy huquqbuzarlikka oid hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan. Sud tomonidan behayo videolar muallifi 5 sutkaga qamalgan.

Sevinch Sa’dullayeva Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar sudlari axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda behayo videolari bilan tanilgan Sevinch Sa’dullayevaga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishiga oid sud ishi tafsilotlarini ochiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 11 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida 21 yashar qizga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan va fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (Mayda bezorilik) sodir etgan deb topilgan.

“Ish hujjatlariga ko‘ra fuqaro N. U. ning Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘iga yozgan arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida S. S. ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan o‘zining ishtirokidagi video va rasmlarni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan joylashtirib, jamoat tartibini buzib, fuqarolarning o‘rinli e’tirozlariga sababchi bo‘lgan.

Sudning qarori bilan S. S. ga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkinligi ma’lum qilinadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarovaning Xabar.uz’nashriga ma’lum qilishicha, Sa’dullayeva sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tab chiqqach, kasb-hunarga o‘qitilib, doimiy ishga joylashtiriladi. Bundan tashqari, psixolog qizning axloqini to‘g‘ri yo‘lga solish bilan ham shug‘ullanishi ta’kidlangan.

Nodira Umarova va Sevinch Sa’dullayeva Foto: Gazeta.uz

“Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining axloqsiz qiliqlari, behayo rasmlari va videolari bilan fuqarolarning muhokamasiga sabab bo‘lgan 20 yoshli fuqaro S.S. ni (2001 yilda tug‘ilgan) topib, o‘zi bilan gaplashildi.

Sud jarayonida qilgan ishlari noto‘g‘riligi, o‘zi afsusda ekanligini inobatga olib, unga nisbatan 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Qamoq jazosidan so‘ng fuqaro S.S. to‘liq nazoratga olinib, kasb-hunarga o‘qitilishi va doimiy ishga joylashtirishi belgilandi. Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan fuqaro bilan doimiy ish olib borilib, psixologlar yordamida korreksion ishlar o‘tkazilishi belgilab olindi”, deya Nodira Umarovadan iqtibos keltirgan nashr.

Gazeta.uz nashrining yozishicha, ma’muriy ish sudya Surayyoxon Xo‘jamqulova tomonidan ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda Mirobod tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Mirzayev, Mirobod tumani 4-sonli IIB xotin-qizlar bilan ishlash katta inspektori S.Baxmetova, profilaktika inspektori Sh. Bobojonov ham ishtirok etgan.

11 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Sevinch Sa’dullayeva «o‘z ishtirokidagi video va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid ravishda, jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga qasddan e’tibor bermay, jamoat tartibini buzgan holda joylashtirgani, bu esa fuqarolarning asosli da’volariga sabab bo‘lgani» ta’kidlangan. Ish materiallariga ashyoviy dalil sifatida 1 dona CD-disk ilova qilingan.

Sevinch Sa’dullayeva Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Sudda qiz qilmishidan afsusda ekanini aytib, Instagram’dagi barcha video va fotosuratlarni o‘chirib tashlashishi, kelgusida boshqa bunday ish qilmasligini aytib yengilroq jazo berilishini so‘ragan.

Sudya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun Sa’dullayevaga nisbatan besh sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Ushbu modda sanksiyasida BHMning 3 baravaridan 5 baravargacha jarima (900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) ham yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, qizdan ma’muriy qamoqxona foydasiga 225 ming so‘m (har bir hibsga olingan kun uchun BHMning 15 foizi) undiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Sevinch Sa’dullayevaning 1,5 yashar farzandi bor. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 29-moddasiga ko‘ra, ma’muriy qamoq jazosi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas.

Mavzuga oid