O‘zbekiston | 09:44 / 20.11.2022
31857
16 daqiqa o‘qiladi

Gaz-svet inqirozi, chegara kelishuvi va administratsiyadagi tayinlovlar - hafta dayjesti

Elektr ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilishlar fonida, energetika islohoti bo‘yicha farmon loyihasi tayyor bo‘lgani ma’lum qilindi. Prezident administratsiyasida uchta yangi tayinlov ro‘y berdi. Qirg‘iziston bilan chegara bo‘yicha kelishuv kuchga kirish arafasida. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Oxirgi haftalarning asosiy mavzularidan biri yana gaz va svet muammosi bo‘lib qoldi. Hali izg‘irin sovuq boshlanmay turib, ta’minotda jiddiy muammolar boshlanib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar soatlab elektrsiz qolayotgani, gaz bosimi pasayib ketgani haqida yozishyapti. Shifoxonalar, davlat xizmatlari markazlari, banklar, mahalliy hokimliklar ham vaqti-vaqti bilan toksiz ishlayotgan holatlar haqida xabarlar bor.

Energetika vazirligi o‘tgan hafta oxirida bayonot berib, aholidan vaziyatni to‘g‘ri tushunishni va tejamkor bo‘lishni so‘ragan edi. Tanqidlardan keyin vazirlik rasmiylari 16 noyabr kuni matbuot anjumani o‘tkazdi. Lekin to‘rt amaldor qatnashgan anjumanda odamlarning dardiga darmon bo‘lgulik biror gap aytilgani yo‘q. Bajarilmas va’da bergandan ko‘ra, shunisi ham to‘g‘ridir, ehtimol.

Bunaqa vaziyatlarda shaxsan o‘zi odamlarga tushuntirish berishi kerak bo‘lgan energetika vaziri anjumanga kelmadi. Uning o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, svet o‘chishiga sabab oddiy – gaz yetishmovchiligi.

“Men ochiq ayta olaman, bugungi kunda elektr ta’minotidagi uzilishlarning 90 foizining sababi – elektr tarmoqlarining eskirgani yoki quvvati kamligi emas, balki elektr stansiyalarimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligidir”, dedi vazir o‘rinbosari.

Sherzod Xo‘jayev / Foto: AOKA

O‘zbekistonda elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida, gaz va ko‘mir yoqish hisobiga ishlab chiqariladi. Sovuq kunlar boshlangach, bir tarafdan isitish uchun gazga talab oshadi, ikkinchi tarafdan magistral gaz quvurlarida gaz bosimi pasayadi. Afsuski, o‘tgan yilni hisobga olmaganda, oxirgi 6 yilda gaz qazib olish faqat kamayib boryapti.

Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston gaz eksportini deyarli to‘xtatganini aytdi. “Lukoyl” bilan tuzilgan shartnomalar milliy manfaatlarga qanchalik mos, hukumat shartnoma shartlarini o‘zgartirishni o‘ylamayaptimi, degan savolga esa gaz taqchilligiga “bu shartnomalarning aloqasi yo‘q” deya javob berdi.

“Shartnoma shartlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston manfaatlariga zid yoki zid emas deb bugungi kunda baho berishimiz birmuncha noto‘g‘ri. Chunki shartnoma tuzilayotgan vaqtdagi sharoit qaysidir shartnomaning parametrlarini taqozo etgan. Lekin gaz taqchilligi bu shartnoma shartlariga bog‘liq emas. Bu kompaniya ham o‘z majburiyatlarini bajaryapti”, – dedi u.

Yana bir toifa shartnomalar borki, ulardagi ikkinchi tomon rasman “xorijiy investor” deb ataladi, aslida esa ofshorda kompaniya ochgan o‘zbekistonliklarga borib taqaladi. Yuzdan ortiq neft-gaz konlari oxirgi ikki yilda qanday qilib xususiy kompaniya bo‘lmish “Sanoat energetika guruhi”ning qo‘liga o‘tib qolgani haligacha noma’lum.

Jurnalistlar Sherzod Xo‘jayevdan bu kompaniyaga konlar “tekinga berib yuborilgani”, unga qo‘shib yashirincha eksport imtiyozlari ham berilgani haqida so‘radi. Vazir o‘rinbosari o‘z javobida bu ikkala ma’lumotni ham rad etmadi. U kompaniya ishlab chiqarish rejasini ortig‘i bilan bajarayotgani, shartnoma shartlarini esa ochiqlay olmasligini aytdi.

Matbuot anjumanida aytilgan raqamlardan biriga ko‘ra, O‘zbekistonning elektr energiyasi bo‘yicha kunlik ehtiyojni qoplash uchun 230 mln kVt/soat resursi bor, lekin shu kecha-kunduzdagi haqiqiy ehtiyoj 245 mln kVt/soatga teng. Ya’ni O‘zbekistonga kuniga 15 mln kVt/soat elektr toki yetishmayapti. Bu butun boshli bitta viloyatning ehtiyojiga teng.

Gaz va elektr mavzusi juma kuni Senat yalpi majlisida ham ko‘tarildi. Senatorlar 2022 yilgi davlat dasturida belgilangan elektr energiyasiga oid band bajarilmaganiga e’tibor qaratdi. Dasturga ko‘ra, energetika sohasida raqobat muhitini yuzaga keltirishning asoslari ishlab chiqilishi kerak edi. Senatda hisob bergan Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, tegishli hujjat loyihasi tayyor bo‘lgan va Prezident administratsiyasida ko‘rib chiqilyapti.

Administratsiyaga kiritilgan farmon loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasida raqobatli bozorni shakllantirish, bu bozorga o‘tish bosqichlarini belgilash, narxlarni erkin shakllantirish va xususiy investitsiyalarni kengroq jalb etish bo‘yicha barcha choralar yozilgan, dedi vazir o‘rinbosari.

Ayni shu hujjat gaz-svet muammosini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha savollarga hukumatning javobi bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy bloki, qanchalik og‘riqli bo‘lsa-da, energetikada davlat monopoliyasini tugatib, ijtimoiy himoyani unutmagan holda bozor munosabatlariga o‘tishni taklif etyapti. Bu esa ta’minot yaxshilanishi hisobiga, gaz-svet narxlari bir necha barobarga oshishini taqozo etadi. Shu yil yozda e’lon qilingan, lekin tasdiqlanmay qolgan rejaga ko‘ra, 2026 yildan boshlab energetikada to‘liq bozorga o‘tilishi, gaz-svet narxlari ochiq va raqobatli bozorda erkin shakllanadigan bo‘lishi kerak edi.

Energetika islohoti, agar to‘g‘ri amalga oshirilsa, pasaymaydigan gaz va o‘chmaydigan svet berishi kerak. Buning evaziga bu resurslar qimmat bo‘ladi, qimmat bo‘lganidan keyin hamma tejab ishlatadi. Qolaversa, odamlarda xuddi mobil aloqa kompaniyasi yoki internet provayderni tanlagandek, ta’minotchini tanlash huquqi bo‘ladi, uzilishlar uchun kompensatsiya talab qila oladi. Xususiy ta’minotchilar sizdan tejab ishlatishni so‘ramaydi, chunki qancha ko‘p energiya yoqsangiz, ularga shuncha foyda.

Masalaning birinchi tomoni, og‘riqli islohot uchun siyosiy iroda kerak, ikkinchi masala esa – korrupsiyasiz, raqobatli, ochiq va shaffof bozorni yaratish oson ish emas. Agar hukumat buni uddalay olmasa, energetika bozori ham qaysidir guruhlarga raqobatsiz berib yuborilsa, oxir-oqibatda ta’minot sifati o‘zgarmay, faqatgina narx oshgani qolsa, buni islohot deb atab bo‘lmaydi.

Gaz-svet bilan bog‘liq oxirgi xabarimiz bilan bu mavzuni yakunlaymiz. O‘zbekistonda 3 kun ichida 5 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ulardan uch nafari – bolalar.

13 noyabr kuni Urganch shahrida ro‘y bergan voqeada 21 yoshli fuqaro va 15 yoshli o‘smir halok bo‘ldi. 15 noyabr kuni esa Jizzaxning Zarbdor tumanida 63 yoshli fuqaro va uning ikki o‘smir nevarasi is gazining qurboni bo‘ldi. Har ikkala holatda ham is gazi qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish qozonidan kelib chiqqan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara bo‘yicha tarixiy kelishuv arafasida

Andijon suv ombori dambasi / Foto: Kun.uz

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari davlat chegarasiga oid ikkita kelishuvni ratifikatsiya qildi. Ular kuchga kirganidan keyin, ikkita bahsli suv ombori to‘liq O‘zbekiston egaligiga o‘tadi.

Bosh vazir Abdulla Aripovning aytishicha, kelishilmay qolgan 302 kilometrlik o‘zbek-qirg‘iz chegarasi bo‘yicha muzokaralar 5 yil davom etgan. Muzokaralar markazida turgan asosiy obekt – Andijon suv ombori. O‘zbekiston bu muhim suv ombori evaziga Qirg‘izistonga 13 ming 719 gektar yaylov yer beradi. Bu – O‘zbekiston sobiq ittifoq davrida olgan majburiyatlarini to‘la bajarmagani bilan bog‘liq.

Suv omborining hududi 5 ming gektar. O‘zbekiston bunga kompensatsiya sifatida ittifoq paytida Qirg‘izistonga 4 ming gektar yer bergan, ming gektar yer bo‘yicha qarz esa endi bajarilyapti.

Qolaversa, sovet paytidagi shartnomaga asosan, O‘zbekiston Qirg‘izistonning Botken viloyatiga kanal tortib, suv olib borib berishi kerak bo‘lgan, lekin bu bajarilmagan. Shu sabab qirg‘izlar 8 ming gektardan 18 ming gektargacha yerni ekinzorga aylantira olmay qolganini aytgan. Abdulla Aripovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bu majburiyatini hozir bajarishi, ya’ni kanal tortib berishi maqsadga muvofiq emas. Birinchidan, bu juda qimmatga tushadi, ikkinchidan 20dan ortiq qishloqlar aholisini ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Yakunda, O‘zbekiston bu majburiyatni bajarmaslik evaziga, 12 ming 709 gektar yaylov yer beradigan bo‘lgan. Shuning yarmi shundog‘am bahsli hudud bo‘lib, ulardan hozir Qirg‘iziston fuqarolari foydalanyapti.

Andijon suv ombori / Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, ikki davlat 10 ta aholi punktini almashyapti. Bunda Qirg‘izistonning 429 gektar yeri O‘zbekistonga, O‘zbekistonning 294 gektar yeri Qirg‘izistonga o‘tkaziladi.

Yana bir masala Kosonsoy suv ombori bilan bog‘liq. Suv ombori Qirg‘iziston hududida joylashgan bo‘lsa ham, amalda undan O‘zbekiston foydalanib kelyapti. O‘zbekiston Qirg‘izistonga 477 gektar yer berish evaziga, omborning 850 gektarlik hududini qo‘lga kiritadi.

Parlamentlar ratifikatsiya qilgan tegishli qonunlar prezidentlar tomonidan imzolangach, uzoq yillik chegara masalasiga siyosiy jihatdan nuqta qo‘yiladi va kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha texnik jarayonlarga o‘tiladi.

Mirziyoyeva va Davletov – Prezident administratsiyasida

Saida Mirziyoyeva / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar davom etyapti. Hafta davomida Saida Mirziyoyeva va Ruslanbek Davletov ham prezidentga eng yaqin jamoa a’zolariga aylandi. Ular uchun administratsiyada yangi lavozimlar ta’sis etildi.

Saida Mirziyoyeva administratsiya ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu tuzilma administratsiya rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Komil Allamjonov rahbarlik qilayotgan tizim tarkibiga kiradi. Mirziyoyeva bu yuqori dargohda ijtimoiy soha, madaniyat va ta’lim sohalaridagi islohotlar ijrosining borishini ham nazorat qiladi.

Shu tariqa, so‘z erkinligining hukumat ichidagi asosiy targ‘ibotchilari, tarafdorlari va himoyachilari deb ko‘riladigan Allamjonov va Mirziyoyeva tandemi yana birga ish boshladi. Jamoatchilikda shakllangan ishonchga ko‘ra, ular so‘z erkinligining ahamiyatini oliy rahbariyatda doimiy kun tartibida ushlab turadi.

Ruslanbek Davletov / Foto: Kun.uz

Administratsiyaga ishga o‘tgan Ruslanbek Davletov ham so‘z erkinligi va umuman huquqlar ustuvorligini qadrlovchi kadrlardan biri deb ko‘riladi. Oxirgi 5 yil davomida Adliya vazirligini boshqargan, byurokratiyani qisqartirishda katta o‘rin tutgan Davletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisiga aylandi.

Adliya vaziri lavozimini esa Akbar Toshqulov egalladi. U 2017-2021 yillarda adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. O‘tgan yili Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlangan edi.

Hafta davomida, shuningdek, Tursinxon Xudaybergenov prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Muftiy — ziyoratdan qaytishini “nishonlayotganlar” haqida

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov navbatdagi videomurojaatida Haj yoki umra safaridan qaytgan insonlarni amallarini xolis Alloh uchun qilishga va riyo qilmaslikka chaqirdi. U musulmonlarni kimo‘zarga dabdabali tadbirlar qilish va isrofgarchilikning gunohidan ogohlantirdi.

Muftiy Haj yoki umra safaridan qaytgan insonlar savobli va xayrli ishlarda ibrat, tejamkorlikda boshqalarga namuna bo‘lish o‘rniga, kutib olishdan boshlangan xarajatlar va isrofgarchiliklar bilan band bo‘lib qolayotganini aytib o‘tdi.

“Qimmatbaho avtoulovlarda kutib olish, mahallaning boshidan uzundan uzun poyandozlar to‘shash, katta pul sarf qilib marosimlarni to‘ylarga, ba’zan esa Alloh bizni kechirsin, shoularga aylantirib yuborish holatlari ko‘paymoqda. Umra ziyoratidan kelganlar to bir kilometr uzoqlikdan oyoqlari ostiga gilamlar solganining guvohi bo‘lyapmiz.

[…] Bu riyokorlik, bu qilinayotgan dabdaba-yu as’asalarning hammasi dinimizda taqiqlangan. Dinimiz qaytargan amallardir. Yana achinarlisi, qaytib kelganidan keyin bu shoularga, dabdabalarga ulanib ketadigan hoji o‘tirishlar kabi o‘tirishlar tashkil qilinyapti. Birgina hoji o‘tirishni tashkil qilish uchun bir kambag‘al odam farzandining to‘yiga sarflaydigan sarf-xarajatni ishlatishyapti.

Bundan tashqari, qilgan amalingizni boshqalar ko‘rsin deb qilinadigan amal bu – riyo”, – dedi Nuriddin domla Xoliqnazaroq.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘ngda – Jasur Rafiqov

Sobiq “Ummon” guruhi xonandasi Jasur Rafiqov vafot etdi. 31 yoshda bo‘lgan xonanda anchadan buyon saraton kasalligi bilan kurashib kelayotgan edi. Eslatib o‘tamiz, sobiq “Ummon” guruhining yana bir a’zosi Zohid Rizqiyev 29 sentabrdagi avtohalokatdan keyin hamon koma holatida qolyapti.

Rossiya hukumati O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun kvotalarga cheklovni bekor qilmoqda. Bu – Rossiyadagi qisman safarbarlik tufayli kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorijliklarning Rossiya armiyasida xizmat qilishiga ruxsat berdi. Bu esa vatandoshlarning urushga olib ketilishi bo‘yicha xavotirlarni kuchaytiradi.

“O‘zavtosanoat” kompaniyasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari kompaniya oxirgi yillarda avtomobillar narxini oshirmaganini aytdi. “O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, necha yildan beri narxni oshirmadik. Dollar kursini hisoblang, matematikani ishga solib ko‘ring. Siz bilasizki, biz narxni oshirmaganmiz, aslida pasaytirganmiz”, – dedi Behzod Xoliqov.

Buxoro shahridagi maktab o‘qituvchi 3-sinf o‘quvchilarini kaltakladi. Internetda voqea videosi tarqalgach, o‘qituvchi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. Navoiyning Nurota tumanida esa maktab qorovulxonasida qimor o‘ynagan direktor va uning o‘rinbosari ishdan olindi.

Farg‘onada 15 yashar o‘smirning o‘ligi chiqqan Ichki ishlar muassasasi rahbari va ikki xodimi ishdan olindi. Voyaga yetmaganlar markazining 3 xodimi intizomiy jazoga tortilgan, yana 4 xodim navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan. Bosh prokuratura qamoqqa olingan ikki kishi IIB xodimlari ekanini tasdiqladi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy jamoalari Toshkentda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Oxirgi 15 yil ichidagi birinchisi bo‘lgan bu bellashuvda 2:0 hisobida O‘zbekistonning qo‘li baland keldi. Gollarga Hojimat Erkinov va Eldor Shomurodov mualliflik qildi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid