Qozog‘istondagi prezidentlik saylovlari: To‘qayev nomsiz nomzodlarga qarshi
Yakshanba kuni Qozog‘iston aholisi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ovoz bermoqda. Bu saylovlarni o‘tkazish qarorini mamlakatning amaldagi prezidenti – 69 yoshli Qosim-Jo‘mart To‘qayev qabul qilgandi, tahlilchilar fikricha, shu tariqa u o‘z hokimiyatini legitimlashtirmoqchi. To‘qayev – asosiy nomzod va hatto raqiblari uning g‘alabasini bashorat qilmoqda.
Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 20:00 ga qadar ochiq bo‘ladi, dastlabki natijalar tun yarmiga borib chiqa boshlashi kutilmoqda.
Davlat rahbari lavozimi uchun jami olti nomzod kurash olib bormoqda, nomzodlar orasida birinchi bor ikki ayolni ko‘rish mumkin. Nomzodlar qatorida To‘qayevdan tashqari Prezident huzuridagi Xotin-qizlar ishlari va oilaviy-demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya a’zosi, Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansidan nomzod Karakat Abden, Umummilliy sotsial-demokratik partiyasi (OSDP) vakili Nurlan Auyesbayev, Qozog‘iston fermerlar uyushmasi raisi, «Ovul» partiyasi nomzodi Jiguli Dayrabayev, «Yntymaq» partiyasi rahbari, «Amanat – Qozog‘iston kasaba uyushmalari hamdo‘stligi» tomonidan nomzodi qo‘yilgan iqtisodchi nazariyashunos Meyram Kajiken hamda huquq faoli, «Oilaviy zo‘ravonliksiz Qozog‘iston» loyihasi rahbari Saltanat Tursinbekova.
To‘qayevning raqiblari elektorat orasida mashhur emas va saylov kuniga ikki oy qolganida ro‘yxatdan o‘tishgan.
«Ular saylovga tayyorlanish va o‘zini ko‘rsatish uchun real imkoniyatlarga ega bo‘lmagan nomsiz nomzodlardir. To‘qayevga tanqidiy ko‘z bilan qaraydiganlar ham unga ovoz berishadi, chunki u kimligini bilishadi», deydi 19 yoshli faol Mira Unagurova.
Bu Miraning hayotidagi ilk saylovlardir. To‘qayev 2019 yil prezidentlikka kelganida u hali 15 yoshda bo‘lgan. O‘shanda u soxta saylovlarga qarshi mitinglar tufayli siyosatga qiziqib qoladi va shundan keyin namoyishlar hamda tinch marshlarda qatnashib keladi. U bu safargi saylovda ovoz berib chiqqanidan keyin adolatli saylovlar talabi bilan namoyishga chiqdi, uni va yana o‘nlab faollarni qo‘lga olishdi.
Mira o‘zining fuqarolik faol pozitsiyasi evaziga Qozog‘istonda o‘zi uchun yorqin kelajak qurish mumkin deb hisoblaydi, lekin uning harakatlari hozirgi vaziyatni o‘zgartirishi dargumon.
«To‘qayev bu saylovlarda g‘alaba qozonishi deyarli aniq, ammo boshqa nomzodlarga yoki unga qarshi ovoz berish orqali biz o‘zimizning borligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz», degandi Mira aksiya arafasida.
Saylovdagi intriga kim ikkinchi o‘rinni egallashi va hukumatda lavozim olishi ehtimoli bilan bog‘liq. Biroq, sotsiologlarning qayd etishicha, nomzodlar hatto besh foizlik chegaradan o‘ta olishi qiyin bo‘ladi. 3 mln tenge (6,5 ming dollar) miqdoridagi majburiy to‘lovni qaytarish uchun aynan shuncha ovoz to‘plash talab etiladi.
Tanqidchilarning hisoblashicha, yuqori miqdordagi garov puli, ro‘yxatdan o‘tishdagi murakkabliklar va boshqa mezonlar tufayli nomzodlar diskriminatsiyaga uchraydi va To‘qayevning haqiqiy siyosiy raqiblari nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishiga to‘sqinlik qiladi.
«Avvalgi saylovlarda bo‘lgani kabi bu safargi prezidentlik saylovlarida ham siyosiy plyuralizm yo‘q, muxolifatchi partiyalarning birortasiga, demak ularning nomzodlariga ham ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilmadi», deya qayd etadi Human Righs Watch’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Ritman.
Qonunchilikka ko‘ra, Qozog‘iston prezidentligiga faqat muayyan talablarga mos keluvchi kishilar nomzod bo‘lishi mumkin: qozoq tilini bilish, davlat idoralarida besh yillik ish tajribasi, so‘nggi 15 yil mobaynida Qozog‘istonda yashab kelayotganlik.
Bu talablar esa muxolifatchilarga emas, amaldorlarga mos keladi.
Qozog‘iston muxolifatchi yetakchilaridan biri - sobiq bankir Muxtar Ablyazov - xorijda istiqomat qiladi va Qozog‘istonda qidiruvga berilgan. To‘qayevning yana bir taniqli muxolifatchisi - «Demokratik Qozog‘iston» ijtimoiy-siyosiy harakati yetakchisi Janbolat Mamay - nomzodlarni ro‘yxatga olish chog‘ida hokimiyat vakilini haqorat qilish va qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanib, qamoqda edi.
Hokimiyat o‘tkazilishi va «qonli yanvar» voqealari
To‘qayev 2019 yilda Qozog‘iston prezidenti bo‘lgandi, unga qadar mamlakatni 28 yil mobaynida faqat bir kishi boshqargan - Nursulton Nazarboyev.
Elboshi (Millat rahbari) faxriy maqomini olgan Nazarboyev 2019 yilgi navbatdan tashqari saylovlarda To‘qayevni qo‘llagan va amalda hokimiyatni unga o‘tkazgan. Shu tufayli To‘qayevni ko‘pchilik shunchaki Nazarboyev tomonnidan qo‘yilgan odam va uning sodiq tarafdori deb hisoblagan.
2019 yilgi saylovlar arafasida (o‘shanda To‘qayev 70 foiz atrofida ovoz olgandi) mamlakat bo‘ylab «To‘qayev - mening prezidentim emas, Nursulton - mening poytaxtim emas» shiori ostida norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tadi. Bu Qozog‘iston poytaxti va ko‘plab ko‘chalar Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlangani bilan bog‘liq edi.
2022 yilga qadar Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi rahbarligi lavozimi hamda hukmron partiya «Nur Otan» (yaqinda u «Amanat» deya qayta nomlandi) yetakchiligi Nazarboyevda qoldi.
Ammo 2022 yil yanvarida butun mamlakatni qamrab olgan namoyishlardan keyin Nazarboyevning ta’sir doirasi keskin qulashni boshladi.
Namoyishlar yonilg‘i uchun narxlar ko‘tarilishiga qarshi boshlangandi, ammo aksiyalar keng ko‘lamli ommaviy chiqishlarga aylanib ketdi. Yirik shaharlardan biri Olmaotada tartibsizliklar yuzaga keldi, shahar ma’muriyati binosi va prezident qarorgohi egallab olinib, vayron qilindi.
O‘shanda To‘qayev mamlakatga KXShT qurolli kuchlarini taklif qildi, keyin huquq-tartibot organlari tartibsizliklarni bostirdi.
Avvaliga hukumat va shaxsan To‘qayevning namoyishlarga reaksiyasi turlicha bo‘ldi - Janao‘zendagi (mamlakat g‘arbidagi shahar) namoyishlarga befarqlikdan boshlanib, muammolar uchun javobgarlikni tan olish va namoyishchilarga yon berishgacha.
Ammo keyin To‘qayev go‘yoki «20 ming xorijlik terrorchilar» namoyishlarni qo‘zg‘atgani haqida gapirdi. Bu gap uchun hech qanday dalil keltirilmadi.
Sentyabr oyiga kelib yanvardagi namoyishlar vaqtida 225 kishi halok bo‘lgani, 5 mingdan ortiq kishi yaralangani va minglab kishilar qo‘lga olingani ma’lum. Qurbonlar orasida politsiyachilar, harbiylar - va ko‘plab tinch aholi vakillari, jumladan, tasodifiy tarzda voqealar joyida paydo bo‘lib qolgan bolalar va ayollar ham bor.
«Xalqaro hamjamiyat bir yildan buyon To‘qayev hukumatini bo‘lib o‘tgan voqealarni mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirokida tekshirishga chaqirmoqda, ammo hech qanday natija yo‘q. Ko‘p sonli qiynoq holatlari, noqonuniy hibsga olishlar va o‘lim holatlari uchun hech kim javobgarlikka tortilmagan», - deydi Mira Ritman.
«Oddiy pensioner»
Yanvar voqealari Nazarboyevni o‘zida qolgan lavozimlardan voz kechishga va ommaga endi «oddiy pensioner» ekanini aytishga majbur qildi. Mamlakat poytaxti yana Ostona deb atala boshladi, sobiq prezidentning qarindoshlari turli idoralar va davlat kompaniyalaridagi rahbarlik lavozimlaridan mahrum bo‘lishdi.
To‘qayev Nazarboyevning kadrlarini maxsus xizmatlar rahbarligidan namoyishkorona ishdan oldi va ularning bir qismini tartibsizliklarga aloqadorlikda ayblab, qamoqqa tashladi.
Yanvar voqealariga baho berarkan, ekspertlar tez-tez bu vaqtda To‘qayev va Nazarboyevning munosabatlari yomonlashganiga e’tibor qaratib, namoyishlarning bostirilishini yangi prezidentning «shaxsiy Janao‘zeni» deb atashadi. 2011 yilda ham Qozog‘iston janubi-g‘arbidagi Janao‘zenda nefchilar namoyishi bo‘lib o‘tgan, u shafqatsizlarcha bostirilgan - rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi halok bo‘lib, yuzdan ortiq kishi yaralangan. O‘sha voqealar ishtirokchilari esa, qurbonlar soni 70 nafardan kam bo‘lmagani, 500 dan ortiq kishi yaralanganini aytishadi.
2022 yil yanvaridagi namoyishlarda ko‘plab yoshlar - Nazarboyev boshqaruvi davrida tug‘ilgan va voyaga yetganlar ishtirok etdi. Uning ketishi bu avlod uchun o‘zgarishlar ramziga aylandi. Ularning fikricha, namoyishlarni bostirganiga qaramay, To‘qayev endi «Yangi Nazarboyev» bo‘la olmaydi.
«Nazarboyev ketganida, bu o‘zgarishlarga umidning tug‘ilishi bo‘lgandi. Qariyb 30 yil mobaynida u avvaliga xalq muhabbatini, keyin esa qo‘rquvini uyg‘otdi. To‘qayev bunday hokimiyat va mashhurlikka erishmagan. U elektoratni qo‘rqitishga urinmoqda, ammo hozircha buni uddalay olgani yo‘q», deydi rassom va jamoat faoli bo‘lgan Suinbeka Suleymanova.
30 yoshli Suinbeka bu saylovlarda 2 ming ko‘ngillilar qatorida mustaqil kuzatuvchilar shtabiga ro‘yxatdan o‘tgan. Shtab a’zolari orasida pensionerlar, faollar, talabalar va saylovlar vaqtida qoidabuzarliklarni kuzatib borish maqsadidagi jamoat arboblari o‘rin olgan. Bu tashkilot rahbari Araylim Nazarova 2019 yilgi saylovlarda nohaqliklarga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lganini aytadi.
«Men muxolifatchi nomzod Kosanovning kuzatuvchilar shtabida edim, ammo so‘nggi kunda Kosanov kurashdan chiqdi va To‘qayevning g‘alabasini tan oldi, 600 nafar kuzatuvchining protokollari esa hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. O‘shanda biz jamoat birlashmasi tuzishga va shu tariqa o‘z noroziligimizni bildirib, saylovlar adolatli o‘tkazilishiga erishishga qaror qilgandik», deydi Nazarova.
To‘qayevning Yangi Qozog‘istoni
Nazarova saylovdagi haqiqiy davomatni kuzatish muhim deb hisoblaydi, chunki bu qozog‘istonliklar saylovda qanchalik faolligi va xalqning hukumatga ishonchini ko‘rsatib beradi. Jami 12 million atrofidagi qozog‘istonliklar ovoz berish huquqiga ega.
Tahlilchilarning hisoblashicha, To‘qayev haqiqiy nomzodlar paydo bo‘lishi yoki mamlakatda norozilik kayfiyati o‘sishidan oldinroq o‘z g‘alabasini tasdiqlash uchun navbatdan tashqari saylovlar e’lon qilgan.
«O‘ylaymanki, yetti yildan keyin prezidentlik lavozimi uchun haqiqiy keskin kurash kechishi haqida gapirsa bo‘ladi, hozir biz o‘zimiz loyiq bo‘lgan siyosiy maydonga egamiz. Elektorat hali real o‘zgarishlarga tayyor emas», deb hisoblaydi Amaliy siyosatshunoslik va xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari Aydar Amrebayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident ham, uning ma’muriyati ham saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan va har qanday kutilmaganlik elementlari istisno etiladi.
«Ular 2019 yilgi tajribadan saboq chiqarishgan, o‘shanda Kosanov kabi kutilmagan nomzod paydo bo‘lib, «sirli toychoq»qa aylanishi mumkin edi. Bu safar bunday kuchli nomzodlar saylovlarga qo‘yilmadi», deydi Amrebayev.
To‘qayev shu yil yozida bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumidan keyin, sentabr oyida navbatdan tashqari saylovlar haqida e’lon qilgandi - referendumni ko‘pchilik «prezidentlik saylovi repetitsiyasi» deb baholagandi. Referendumda konstitutsiyaga tuzatishlar ma’qullandi. Endi Qozog‘istonning asosiy qonuniga ko‘ra, prezident lavozimni faqat bir marta yetti yillik muddatga egallay olishi mumkin. To‘qayev saylovlarda g‘olib chiqsa, 2029 yilga qadar prezident bo‘lib qoladi.
To‘qayev bu vaqt mobaynida keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazishni, maoshlar va pensiyalarni oshirishni, sud-huquq tizimini insoniylashtirishni va’da qilgan. U hozircha muayyan harakatlar rejasini taqdim etmadi.
Mavzuga oid
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024