O‘zbekiston | 16:58 / 25.11.2022
16729
7 daqiqa o‘qiladi

«Diningizni kimdan olayotganingizga qarang!» – Muftiy internet odoblari va tarmoqdagi «fatvo»lar haqida

Hadisi shariflarda bandalar qiyomatda – umrini nimada o‘tkazgani so‘ralmagunicha joyidan jilmasligi aytilgan. Vaqt qiyomat kuni insonning foydasiga yoki zarariga guvohlik beradi. Shuning uchun musulmon kishi har bir vaqtini ziyrak tijoratchi kabi har doim sarhisob qilib o‘tkazadi, deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov musulmonlarga murojaat qilib, internet va ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanish, vaqtni behuda sarflamaslikka chaqirdi.

«Alloh bergan ne’matlarni sanab sanog‘iga yetolmaymiz, bulardan biri internetdir. Zamonamiz ulamolar internetni pichoqqa o‘xshatadi. Pichoq yaxshi inson qo‘lida ijod vositasi, yomon insonning qo‘lida esa jinoyat quroli bo‘ladi.

Internetda foydalanishda avvalo, Payg‘ambarimiz alayhissalomning «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir», degan so‘zlarini yodimizda tutishimiz kerak. Nima maqsadda internetga kiryapsiz, ilm olish yoki yaxshilikda foydalanish uchunmi yo boshqa maqsadlardami?

Hozir deyarli barchada internetdan foydalanish imkoni bor ekan. Shuning ular bu hadisni dastur qilib olishlari kerak. Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydi:

«Qiyomat kuni bandaning ikki qadami – to undan umridan – uni nimada o‘tkazgani, ilmidan – u bilan nima qilgani, molidan – uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani, jismidan – uni nimada qaritgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Hadisi sharifda aytilganidek, har bir kishi qiyomatda beshak hisobga tortiladi. Shunday ekan, biz doimo bu imtihonga go‘zal holatda tayyorgarlik ko‘rib borishimiz kerak.

1. Bandaning umridan – uni nimada o‘tkazgani so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi. Umr insonga berilgan eng katta boylik, eng aziz ne’mat hisoblanadi. Har bir kishi undan oqilona foydalanishi kerak. Vaqt qiyomat kuni insonning foydasiga yoki zarariga guvohlik beradi. Shuning uchun musulmon kishi har bir vaqtini ziyrak tijoratchi kabi har doim sarhisob qilib o‘tkazadi.

Musulmon kishi internetdan foydalanar ekan, unga butunlay sho‘ng‘ib ketib, zimmasidagi boshqa haqlarni unutib qo‘ymasligi kerak. Ko‘pincha vaqtimizni befoyda narsalarga ajratib, yaqinlarimizdan ajrab qolayotganimizni bilmay ham qolamiz. Hadisi sharifda: «Har bir haq egasiga o‘z haqqini bering», deyilgan.

2. Bandaning ilmidan – u bilan nima qilgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi. Sodda va ishonuvchan insonlar, xususan, yoshlar internet tarmoqlaridagi «jozibador» niqoblarga o‘ralgan turli aldov, tuhmat, fitnalar, yolg‘on xabarlar, qimor o‘yinlari, buzuqlik va axloqsizlikka targ‘ib etuvchi narsalar qurboniga aylanib qolmoqda.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda turli shaxslar diniy mazmundagi darslar, savol-javob qilish orqali jamiyatimizda turli aqidaviy va fiqhiy ixtiloflar kelib chiqishiga sabab bo‘lishmoqda. Ularning asli kim, ilmiy salohiyati, mazhabi va aqidasi qanday ekani ko‘pchilik yoshlarimizga ma’lum emas! Bu kabi holatlar faqat bizning zamonda bo‘layotgani yo‘q.

Ulamolarimiz azaldan «Shar’iy savollarga javobni el-yurt oldida ilmi va taqvosi ila tanilgan olimlardan olish kerak» ekanini ta’kidlab kelganlar. Mashhur tobeinlardan biri Muhammad Ibn Siyrin rohimahulloh «Shar’iy ilm bu – din demakdir! Uni kimdan olayotganingizga e’tibor bering!», - deganlar.

Imom Molik rohimahulloh esa: «Ushbu ilm - dindir. Diningizni kimdan olayotganingizga qarang! Men yetmishga yaqin ulamo suratidagi kimsalarning Masjidun Nabaviy ustunlari oldida: «Rasululloh unday dedilar, bunday dedilar» deganini eshitganman. Lekin ularning hech biridan ilmdan biror narsa olganim yo‘q!», - deganlar. Demak, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi noma’lum, kelib chiqishi ham noma’lum kimsalardan din olinmaydi, ularga quloq solinmaydi. Chunki fatvo bu dindir! Shariatimizga ko‘ra esa uni kim yetkazayotgani muhimdir. «Hadis aytdi, oyat keltirdi, demak unga ergashish kerak», deyilmaydi. Balki, fatvo berishga loyiqmi yoki yo‘qmi, ishonchli ulamolardan ta’lim olganmi, dinda xolismi yoki g‘arazli maqsadi bormi? Shularga qaraladi.

3. Bandaning molidan – uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi. Mana shu joyga kelganda savol ikkita bo‘ladi. Pulni qayerdan topgansan va qayerga sarflagansan? deyiladi. Shuning uchun topayotgan mol-davlatimiz haloldan topilishi va o‘z joyiga sarflanishi lozim.

Bugungi kunga kelib internet tarmoqlari qimor va totalizator o‘yinlarining o‘chog‘i bo‘lib qoldi. Qimor o‘yinlari shar’an harom, qonunan jinoyat sanaladi. Qimor Qur’on, sunnat va ummat ijmosi bilan haromdir. Qimordan topilgan molni yeyish sudxo‘rlik bilan topilgan molni yeyishdan ham og‘ir. Chunki qimorboz shariatda harom qilingan ikki gunohi azimga qo‘l uradi. Harom o‘yin o‘ynaydi va o‘yinda yutib olgan harom molni o‘zlashtiradi. Qimor o‘ynash sudxo‘rlikdan oldin harom qilingan.

5. Bandaning jismidan – uni nimada qaritgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi. Tana va undagi a’zolar omonat. Ularning sog‘lig‘iga mas’ulmiz. Bundan ham bir kun hisob beramiz.

Mutaxassislar bergan ma’lumotga ko‘ra, aksariyat yoshlar tunda internetdan foydalanishi oqibatida ko‘z kasalliklari va uyqusizlikdan aziyat chekmoqda. Yotgan holatda smartfon ekraniga termilish ko‘zga tik holatda foydalanishdan ko‘ra bir necha marotaba zararli. Olimlarning aytishicha, yaxshi uxlash uchun smartfonga termilish emas, uyqu oldidan bir necha daqiqa kitob mutolaa qilish bilan bo‘ladi», - deydi muftiy o‘z murojaatida.

Mavzuga oid